19:46 / 16.02.2019
7 194

Tarozuning ikki pallasi

Tarozuning ikki pallasi
Dunyoda hamma narsa ziddi bilan yaralgan: iymon va kufr, hidoyat va zalolat, ma’rifat va jaholat, ezgulik va yovuzlik, riyozat va shahvat, savob va gunoh, mukofot va jazo va hokazo… Bularning miqdori esa oxirat mezoni bilan o‘lchanadi.

Odatda tarozuning bir pallasi og‘ir chiqsa, ikkinchisi yengil bo‘ladi, biri bosib ketsa, boshqa pallasi yuqoriga sakraydi. Masalan, insonda iymon susaysa, kufr zo‘rlik qiladi, ma’rifat kamaysa, jaholat kuchayadi, hidoyatdan uzoqlashgan kishi o‘zini zalolat quchog‘iga otgan hisoblanadi.

Inson ikki zid unsurdan: ruh va jasaddan tarkib topgan. Jasad tuproqdan yaralgani uchun gunoh va shahvatga moyil, inson vafoti bilan yana tuproqqa ko‘miladi, pokiza ruh Alloh huzuridan bo‘lgani uchun hamisha nurga intiladi, asl makoniga talpinadi. Shu bois qiyomatgacha inson vujudidagi ikki unsur o‘zaro tortishuv va olishuvda: jasad shahvatining ustunligi kuchaysa, ruh bezovtalanadi, faqat ruh ehtiyojlari qondirilaversa, jasad iztirob chekadi.

Islom dunyo hayoti va oxirat yo‘lida qilinadigan barcha amallarni qulay va uyg‘un holda birlashtiradi. U insonni oxirat uchun dunyo ishlaridan mahrum etmaydi, yo aksincha oxiratni unuttirib, dunyo ishlariga mubtalo qilib qo‘ymaydi. Chunki bularning ikkovi ham bir-biriga qarshi emas, birining o‘rnini boshqasi bosolmaydi. Odamlar bu dunyoda tafovutli bo‘lganlaridek, oxiratda ham farqli bo‘lishadi.

Haq va botil, hidoyat va zalolat, ezgulik va yovuzlik dunyoda hamisha yonma-yon, baqamti. Biroq Haq ahli Haq tomonga, botil ahli botil tomonga boradi. Yaxshilar sunnatga ergashib, Parvardigor jamolini ko‘zlashsa, yomonlar shaytonga ergashib, oxiratlarini boy berishadi. Jinsiyatning o‘zaro qo‘shilishi inson bilan inson orasida mavjud bo‘lgani kabi haq va botil ham har vujudda bor.

Mavlono Jaloliddin Rumiyning «Ma’naviy masnaviy»ida bunday baytlar bor:
Bir chamandin totsa-da ikki ari,
Ul biri nish, ham asal bo‘lgay biri.
Ikki ohu suv ichib o‘tlar yedi,
Lek biridan go‘ng, biridan mushk hidi.
Ikki xil nay: oshi birdir, suvi bir,
Ul biri shakkar, biri bo‘m-bo‘sh taqir.

Haqiqatan Alloh yaratgan maxluqlarning tashqi ko‘rinishi bir xil yoki o‘xshash bo‘lsa-da, fe’l-atvori, vazifadorligi turlicha. Mavlono keltirgan ikki nav ari – sariq ari va bolari bir xil nabototdan shira bilan oziqlansa-da, biri zahar keltiradi, boshqasi asal. Oddiy kiyik bilan Xo‘tan kiyigi bir xil giyoh yeydi, bir xil suv ichadi, ammo birining yegani axlat, ikkinchisiniki xushbo‘ylikda o‘xshashi yo‘q mushk bo‘ladi. Oddiy qamish bilan shakar qamish ham bir zamindan suv ichib-oziqlanadi, birining ichi bo‘m-bo‘sh, ikkinchisiniki shakarga to‘la.

Insonlar ham xuddi shularga o‘xshaydi. Biri yegan turfa taomlarini turli razolat va yovuzliklarga sarflaydi, boshqasi esa kuch-harakatini Alloh rizosini topish, insonlarga yaxshilik qilishga bag‘ishlaydi. Biri Alloh bergan ne’matlar evaziga toat, yaxshi ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladi, boshqasi ne’matlardan gunoh ishlarda foydalanadi. Bir kishi Alloh bergan umrni xayrli ishlar bilan bezasa, boshqasi uni shahvat va ma’siyatlar yo‘lida sovuradi. Ularning tashqi qiyofasiga qarab baho berib bo‘lmaydi, zero, Mavlono aytganiday, sho‘r va chuchuk suv zohiran sof, toza ko‘rinsa-da, ularning ta’mi tatib ko‘rilgandagina ma’lum bo‘ladi. Maymun tashidan odamga o‘xshasa ham hech kim uni insonga tenglamaydi. Har bir aso Musoniki kabi bo‘lavermaydi, uchragan har bir it ham Qitmir emas.

Har bir xulqda ikki tarafi va o‘rtasi bor. Masalan, ortiqchalikka moyil xulq tarafi "takabburlik" deb nomlansa, yetishmovchilikka moyil xulq tarafi "pastkashlik va xorlik" deb ataladi, bularning o‘rtasi tavoze’dir. Tavoze’ hamma sevadigan xulq, xorlanmay ado etilgani esa eng yaxshi xulqdir.

Ilmning ham yaxshisi o‘rtachasidir. Kim tengdoshlaridan ustunlik qilsa, mutakabbirdir, kim tengdoshlaridan ortda qolsa, ne’matga noshukrdir. Chunki u o‘zidagi qadrli bir narsani past sanadi.

Saxiylik shar’an chiroyli xulqdir. Saxiylik ziqnalik va isrofgarchilikning o‘rtasidir. Alloh taolo bunday deydi: «Ular ehson qilishsa, isrofgarlik ham, baxillik ham qilmaydilar, o‘rtacha turadilar» ("Furqon" surasi, 67-oyat).

Bu mo‘’tadil xislatlar inson tabiatining kamoloti bilan Alloh taolo tomonidan beriladi, goho o‘rganish bilan hosil bo‘ladi, unga riyozat orqali ham erishiladi. Ikki tomonning o‘rtasi bo‘lgan haqiqiy o‘rta holatni bilish g‘oyatda mushkul, u soch tolasidan ham nozik va qilich tig‘idan ham o‘tkir. Haqiqatan bu dunyoda kim to‘g‘ri yo‘lda bo‘la oladi? Oxiratda pulsirotdan kim bexatar o‘ta oladi? Dunyo istiqomatining qiyinligidan Alloh taolo bandasiga har kuni bir necha marta: "Bizlarni to‘g‘ri yo‘lga boshla!" ("Fotiha" surasi, 6-oyat) oyatini o‘qishni buyurgan.

Jaloliddin Rumiy aytadi:
Ikki masjid Haq bunyod aylamish,
Kimga do‘zax bermish Ul, kimga behisht.
Ahli dunyo shohga etgay sajdalar,
Kibriyoga sajda etmaslar ular.

Ikki sevgi aslo bir vaqtda jamlanmaydi: Alloh sevgisi va ma’siyatlar sevgisi; dunyo sevgisi va oxirat sevgisi; adolat sevgisi va istibdod sevgisining birlashganini hech kim ko‘rmagan. Kim Allohni sevsa, Unga osiylik qilmaydi. Kim Unga osiy bo‘lmasa, itoatsizlik ko‘rsatmaydi. Dunyoda qanchadan-qancha insonlar sog‘lom yurishni orzu qilishadi, bunga intilishadi, ammo zararli narsalarni iste’mol qilishaveradi. Qanchadan-qancha insonlar Allohning jannatidan umidvor bo‘lishadi, ammo gunohlardan tiyilishmaydi.

Agar inson faqat dunyoga ulfatlashib, uning shahvat, lazzat, turli vasvasalari bilan o‘ralashaversa, oxirat tashvishlaridan g‘aflatda qoladi, hatto ularni unutishgacha boradi. Aksincha faqat oxiratni o‘ylab, hayotdagi vazifalaridan voz kechsa va jamiyatdan uzilsa, boqiy dunyo mukofotlarini boy bergan bo‘ladi. Alloh taolo aytadi: "Kim dunyo savobini istasa, unga o‘sha istagan narsasini berurmiz, kim oxirat savobini istasa, unga ham istagan narsasini berurmiz" ("Oli Imron" surasi, 145-oyat).

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat etishlaricha, u zot: "Kim dunyosini do‘st tutsa, oxiratiga zarar keltiradi va kim oxiratini do‘st tutsa, dunyosiga ziyon beradi. Bas, fano bo‘ladigan narsadan ko‘ra boqiy narsani afzal bilinglar, deganlar" (Imom Ahmad, Ibn Hibbon va Hokim rivoyati).

Inson ruhi va qalbi orqali Allohga bog‘lanadi. Qalb obodligi taqvo va riyozat bilan bo‘ladi. Agar unda Allohning zikri ko‘paysa, yomon sifatlar tomiri sug‘urib tashlansa, shayton unga kirishga yo‘l topolmaydi, u la’natiga joy qolmaydi. Agar u Alloh qo‘rquvidan, zikridan xoli qolsa, yaramas axloqlar bilan bulg‘ansa, qalbga hokimlik shaytonga o‘tadi. Alloh taolo aytadi: "Alloh taolo kimni hidoyatga chorlashni iroda etsa, uning qalbini Islomga ochib qo‘yadi. Kimning adashishligini xohlagan bo‘lsa, go‘yo osmonga chiqqanda ko‘kragi qisilgan odamday qalbini qattiq qisib, tor qilib qo‘yadi" ("An’om" surasi, 125-oyat).

Mo‘min kishi Alloh roziligini topish uchun hamisha qo‘rquv (xavf) va umid (rajo) ichida yashashi kerak. Rivoyatda kelganiday, "Agar barcha odam jannatga kirib, bir odamgina qoladi" deyilganida o‘sha menmikinman, degan qo‘rquvda bo‘lishi, "Agar barcha odam do‘zaxga tushadi, bir odamgina omon qoladi" deyilganida o‘sha menmikinman, deb umid qiladi. Olimlar xavf va rajoni iymon qushining ikki qanotiga tenglashgan. Taqvoli kishilar esa xavf va rajoning o‘rtasini tanlashadi. Shuning uchun ham: "Agar mo‘min odamning xavf va rajosi tarozida tortilsa, barobar-teng chiqadi", deyilgan. Chin taqvodorlarning rajosi kuchliroq bo‘ladi. Amalini to‘g‘ri deya gumon qilmaydigan mo‘minning misoli notanish yerga tajriba qilmay urug‘ sochgan odamga o‘xshaydi.

Qo‘rquv va umid o‘rtasidagi insonlarning eng xavfdagisi – o‘zini va Parvardigorini yaxshi biluvchisidir. Alloh taolo aytadi: "Chindan ham Alloh taolo bandalari orasida ulamolar qo‘rqishadi" ("Fotir" surasi, 28-oyat).

Payg‘ambar alayhissalom: "Allohni sizlardan ko‘ra biluvchiroqman va Allohdan sizlarga qaraganda qattiqroq qo‘rqaman", deganlar (Imom Buxoriy, Muslim, Ahmad).

Har bir narsaning fazilati insonga dunyo va oxiratda qanchalik saodat keltirishiga qarab, shuning miqdorida bo‘ladi. Eng buyuk saodat esa, Alloh taologa yuzlanish va Unga yaqin bo‘lishdir. Bunga yordam beradigan barcha narsalar fazilatdir.

"Qiyomatda namozni, ro‘zani, sadaqani…hamma-hammasini taroziga qo‘yarlar, faqat muhabbat taroziga sig‘maydi. Anglashiladiki, asl narsa – muhabbat!" degan edi Jaloliddin Rumiy. Muhabbat esa muttasil fikrlash bilan hosil bo‘ladigan ma’rifat orqali vujudga keladi. Allohga muhabbatgina, Uning roziligini topishgina insonni ikki dunyo saodatiga musharraf etadi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tarozuning ikki pallasi