14:30 / 28.02.2019
27 175

Kontakt linzalar ko‘z uchun xavflimi?

Kontakt linzalar ko‘z uchun xavflimi?
Bugun ko‘zoynakdan ko‘ra kontakt linzalardan foydalanish ommalashib bormoqda. Ularning hayotimizga kirib kelganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Xo‘sh, linzalarning ko‘zoynakdan afzalligi nimada? Qay holatda taqish kerak yoki qachon ulardan voz kechgan ma’qul?
Bizning shu kabi savollarimizga mutaxassis Dilfuza ZIYoVUDDINOVA javob berdi.

— Bugun linzalarning olti turi mavjud. Eng ommalashgan yumshoq linzalar ham ikkiga bo‘linadi: qalin va yupqa. Qalin linzalar uzoq muddatli bo‘ladi. Uch oygacha foydalanish mumkin. Yupqa linzalarning esa muddati bir oy. Kontakt linza ishlab chiqarishda, asosan, AQSh, Italiya, Janubiy Koreya firmalari yetakchi. Bugun eng ommabop kontakt linza bilan uxlash ham mumkin. Bir haftada yechsa bo‘ldi, chunki u havo o‘tkazadi. Qolaversa, tarkibida 8 foiz namlik (suv) mavjud. Ammo hamma turdagi kontakt linzalarda bunday xususiyat yo‘q. Ularni ertalab taqib, olti soatdan so‘ng yechish zarur.

— Kontakt linza aslida kimlar uchun?
— Ko‘rish qobiliyati pasaygan odamlar uchun, albatta. Uni, asosan, ish yoki o‘qishga boruvchilar taqadi. Uyga qaytgach, linzani yechib, ko‘zoynak taqish kerak. Chunki ko‘z kun bo‘yi linzadan charchab, qizarishni boshlaydi.

— Ko‘zoynakdan afzallik jihatlari nimada?
— Ko‘zoynakda faqat to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘ra olasiz. Chapga yoki o‘ngga qarash uchun boshi­ngizni burishingiz kerak. Linzalarda esa ko‘zingizni burish orqali keng ko‘lamda ko‘ra olasiz. Qolaversa, qishda ko‘zoynak bug‘lanadi, linzada esa bu muammo yo‘q. Hamma faslda bemalol foydalanish mumkin.

— Chiroy uchun taqiladigan linzalarning ko‘zga zarari bormi?
— Albatta, ko‘zga juda katta salbiy ta’siri bor. Rangli linzalar havo o‘tkazmaydi. Kuni bilan taqib yurilsa, ko‘rish qobiliyati susayib ketadi. Bu hol vaqt o‘tganidan so‘ng seziladi. Rangli linzalar bir kunda uch, uzog‘i bilan to‘rt soat taqilishi kerak. Ammo ko‘pchilik uni uzluksiz taqib yuraveradi. Bu esa ko‘z qizarishiga, vaqt o‘tgach, ko‘rish qobiliyati susayishiga olib keladi.

— Linza taqish yoshga bog‘liqmi?
— Linzalar, asosan, 14-15 yoshdan taqiladi. Agar linza taquvchi linza taqish texnikasini bajara olsa, u linza taqishi mumkin. Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, shamollashda va yo‘tal kuzatilganida, davolanib, keyin yana linzalarni taqish mumkin. Tutun va changlarda ham linza taqmagan ma’qul.

— Undan foydalanish uchun sotuvchining tavsiyasi kifoyami yoki alohida shifokor ko‘rigidan o‘tish shartmi?
— Albatta, shifokor ko‘rigidan o‘tish kerak. Chunki ba’zilarning ko‘ziga linza taqishning keragi yo‘q. Shifokor ko‘rikdan o‘tkazib, qanday linza taqish kerakligi haqida maslahat beradi. Ko‘rikdan o‘tmasdan linza taqish umuman noto‘g‘ri hisoblanadi.

— Linzalarning muddati tugasa ham taqish mumkinmi?
— Ko‘p hollarda «linza yirtilmadi, yaxshi turibdi», deb ularni taqib yuraverishadi. Ammo bu juda zararli. Muddati tugagan linzalar ko‘zga zarar yetkazib, ko‘rish qobiliyatini susaytiradi. Shu sabab ham kontakt linza taqishda juda ehtiyotkor bo‘lish shart.
Ozoda VALIYeVA

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kontakt linzalar ko‘z uchun xavflimi?