21:27 / 03.05.2019
7 489

Qizingizni ko‘proq suying...

Qizingizni ko‘proq suying...
Farzand kutilayotgan oilada qiz tug‘ilsa “Ota-onasiga mehribon bo‘ladi,” deyishadi. Qizi bor xonadon gulzorga qiyoslanadi. Qiz bola o‘sayotgan go‘shadan muattar ifor taraladi. Qiz farzandi ko‘p xonadondan mehr bulog‘i qaynab turadi. Qiz bola haqida gapirilayotganda albatta “mehr” so‘zi ishtibohlar avvalida keltiriladi. Balki shuning uchunmi, elimiz tamoyilida o‘g‘il farzand bemehr chiqsa oddiy qabul qilinadi, qizning bag‘ritoshligi esa hech narsa bilan oqlanmaydi.

Mehrga zor qizlar qismati
Ba’zan qiz bolalarning tarbiyasi haqida yoqimsiz gaplar quloqqa chalinsa, “eh, qiz bolaning dardi og‘ir”, deb qo‘yamiz afsus bilan bosh chayqab. Balog‘at yoshidagi qizlarning odob-axloqi, yurish-turishi xususida salbiy gaplarni eshitganimda, o‘sha qiz ulg‘ayayotgan oiladagi ma’naviy muhit, ota-onasining ma’naviy qiyofasi haqida o‘ylayman. Qiz bola haqida gap ketganda “mehribon”, “ota-onasi, yaqinlariga g‘amxo‘r bo‘ladi” deymiz-u biroq, kimgadir mehr bera olishi uchun qiz bolaning o‘zi avvalombor mehr-muhabbatga to‘yib-qonib ulg‘ayishi kerakligi haqida kamdan-kam hollarda mulohaza qilamiz.

Hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynalgan yoki ota-onasi, atrofdagilarga bemehr, oilasidan uzoqlashib ketgan qizlarning aksariyati, yaqinlari mehriga vaqtida qonmagan bo‘ladi. Mehrga zor o‘sgan, bolaligi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan qizlar orasida yomon yo‘llarga kirib ketadiganlar ham talaygina. Ko‘pchiligimiz qaltis qadami tufayli hayotda o‘rnini topolmayotgan qiz, ayollarni sabrsizlik, yengil hayotga o‘chlikda aybdor qilishga o‘rganib qolganmiz. Bisotimizda bor xunuk so‘zlarni ularga qaratamiz, ularga nisbatan nafratimizni yashirmaymiz. Qiz bola, ayol sha’niga nojoiz so‘zlarni ishlatish, uning yurish-turishi xususida gapirganda “behayo”, “axloqsiz”, “ibosiz”, “jinoyatchi,” degan so‘zlarni aytishga til bormaydi.

Kimdir xususida uzil-kesil xulosaga kelib biror fikr aytishdan oldin, uning o‘sha holatga tushish sababini mulohaza qilish kerak. Axir, dunyoda hech bir narsa besabab ro‘y bermaydi. Hech kim onasidan yomon bo‘lib tug‘ilmaydi. Atrofdagilar, insonni o‘rab turgan muhit, tashqi va ichki omillar uning dunyoqarashi, tarbiyasi hamda ma’naviy olamiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Hayotiy voqealarga diqqat qiling:

“Har gal pand yesada...”
Bir kursdosh dugonam internetda yigitlar bilan tanishishga shunchalik mukkasidan ketganki, ba’zan uning o‘zini tutishi, yurish-turishidan jahlim chiqib qattiq gapirib yuboraman. Bir necha marta internetdagi “oshiq”laridan pand yedi, necha marta “bo‘ydoq yigit ekan, menga uylanarkan, yaqinda sovchi jo‘natarkan” deb, yigit qurg‘urning uylanganini bilganidan keyin ko‘z yoshini oqizib o‘tiradi. Yana bir qarasam internetdan kimnidir topib olgan, u bilan turmush qurishni orzu qilib yurgan bo‘ladi. Ba’zan o‘sha dugonam gap orasida otasi vafot etganidan keyin onasi, akalaridan yetarlicha mehr ko‘rolmayotganini aytib yig‘laydi. “Ularni ko‘rmaslik uchun uzoqlarga turmushga chiqib ketishni xohlayman”, deydi onasi, akalari, kelinoyilarining dilozorligi haqida ayta turib. Kim biladi, balki, dugonam yaqinlaridan e’tibor ko‘rmagani uchun ham, internetdagi soxta oshiqlariga ishongisi, kimgadir suyanib, kimdandir mehr-muruvvat ko‘rgisi kelar...
Hamidaxon


“Mehr majburiyatga bo‘ysunmasa nima qilay?..”
Qishloqdan chiqib poytaxtga kelganimga o‘n yilcha bo‘ldi. Bolaligim va o‘smirligim ota-onamning doimiy urush-janjallari, uyimizdagi notinchliklar sababli behalovatlikda o‘tdi. Uyimizning gapi ko‘chaga chiqqan, mahalladoshlar, tanish-bilishlarning og‘zida oilamizdagi urush-janjallar, ota-onamning munosabatlari muhokama qilinardi. Bunday oila bilan kim ham quda-anda tutinib, qarindosh bo‘lishni, qiz olib, qiz berishni istardi?! Taqdir ekan, negadir baxtim ochilmadi. Buyoqda hali tanish-bilish, qo‘shni ayollar, hali amma-xolalarim “Qachon turmushga chiqasan?! Sen tengilar allaqachon turmushga chiqib, bolalari maktabga chiqadigan bo‘ldi-ku,” deb malomat qilaverardi. Onam esa kunda kunora ko‘nglimga tegadigan gaplarni gapirib, dilimni xira qilar, hatto "erga tegmayapsan", deb men bilan gaplashmay qo‘ygandilar. Shu kunlarda telefonimga adashib qo‘ng‘iroq qilib tushgan bir yigit bilan tanishib qoldim. Yaqinlarim meni kamsitib, xo‘rlab, yakkalab tashlagani u yigitga qo‘l keldi.
Chunki, “o‘zim sevdim” ham deyolmayman, “u yigit meni sevib qolgan”, deb ham aytolmayman. Negaki, inson hech qachon sevgan insonini aldamaydi, unga yolg‘on gapirmaydi. Men telefonda tanishib qolgan yigit uylangan, uch bolaning otasi ekan. Menga esa “uylanmaganman, hali ko‘nglimdagi qizni uchratmadim,” degandi. Xullas, sodda, g‘o‘r bo‘lmasam uning safsatalariga ishonibman. Ota-onamdan, yaqinlarimdan mehr-muhabbat ko‘rmagan, bir og‘iz shirin so‘z, g‘amxo‘rlik, ma’naviy parvarishga muhtoj emasman-mi, bir nomardga chippa-chin ishonibman. Bu ishonch, soxta tuyg‘ular yo‘lida to‘rt yillik umrimni sarf etibman. Toki meni aldab yurgan diyonatsizning siri ochilgunicha havoyi hislarga aldanib, vaqtimni, naqdimni, baxtimni boy berib yuraveribman. Ota-onam hammasidan xabar topganidan so‘ng tag‘in o‘zim aybdor bo‘ldim, o‘zim yomon bo‘ldim. “Sizlar qilmagan gunohim, yo‘q aybim uchun meni aybdor qilib, yakkalab qo‘ydinglar, kim bilandir gaplashgim, kimgadir suyangim kelgandi.
Ham yaqinlarimdan, ham begonalardan ozor cheksam, ham aybdor bo‘lib, malomatga qolaymi?!” deyolmadim. Yana xuddi avvalgidek kuchim ko‘z yoshimga yetdi, xolos. Hammasiga qo‘l siltab poytaxtga keldim. Ishlayapman, yashayapman. O‘zimga yarasha hurmat-e’tiborim, obro‘yim bor. Lekin qishloqqa borgim, ota-onamni ko‘rgim kelmaydi. Do‘st-dugonalarim ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib gaplashishsa, “uyga boraman, ota-onamni sog‘indim”, desa yuragim uvishadi. Men ota-onamni sog‘inish tugul, ularni hatto ko‘rgim ham kelmaydi. Afsuski, bu g‘ayrishuuriy bir holatda bo‘ladi. Aslida ota-onaga mehr-oqibat ko‘rsatmaslik gunoh ekanini bilaman. Ammo ko‘ngilga buyruq berib bo‘lmasa, mehr majburiyatga bo‘ysunmasa nima qilay?..
Shahnoza

“Oila mas’uliyati o‘zimda”
Bolaligimda uy tozalash, oshxona yumushlari, kir yuvish kabi qiz bolalar bajaradigan ishlarni onam, opam va singlimga bajartirar, men ham uy-ro‘zg‘or ishlariga aralashmoqchi bo‘lsam “Bor, sen mol-qo‘yga qara, o‘t yul, molxonani tozala,” deb o‘g‘il bolalar qilishi kerak bo‘lgan ishlarni menga qildirardi. Akam va ukam bilan o‘g‘il bolalar qilishi kerak bo‘lgan ishlarni bajarardim. Hatto akam nimjonroq bo‘lgani uchun ota-onam uni ayab, mollarga olib kelingan og‘ir qoplardagi yemlarni menga ko‘tartirardi. Yoshligimdan o‘g‘il bolalar bajaradigan ishlarni bajarib, fe’lim ham shunga yarasha bo‘lib shakllangan ekan. O‘rtoqlarim ham o‘g‘il bolalar edi. Ulg‘aydim, Universitetda o‘qidim, turmushga chiqdim. Hozir oilamning mas’uliyati ham o‘zimning zimmamda. Erim ko‘zimga noshud, notavon, qo‘lidan ish kelmaydigan, mas’uliyatsiz odamga o‘xshab ko‘rinadi. O‘ylasam, erimni ham shu kuyga solgan men ekanman! Erkakshoda fe’lim, har narsaning mas’uliyatini zimmamga olib, erimga suyanmaganim- erimni zaiflashtirib yuboribdi...
Maftuna

Har qanday holatda ham - xoh u moddiy ehtiyojmandlik bo‘lsin, xoh ma’naviy muhtojlik bo‘lsin, ayolning muhtojligi uni o‘zi zoriqqan narsaga qaram qilib qo‘yadi. Ota-onasi, yaqinlaridan shirin so‘z, ko‘ngil ko‘taruvchi haqiqiy ma’naviy quvvatni ololmagan qiz begonalarning soxta mehriga uchishi hech gap emas.Natijada, o‘zi bilib-bilmay qaltis yo‘lga kirish, aldanib qolish, hatto nomus va sha’nga taalluqli xunuk hodisalarga sababchi bo‘lib qolishi mumkin. Boringki, unday noxush vaziyatlarga tushmaganida ham, mehrga zoriqib o‘sgan qiz atrofidagilarga nisbatan e’tiborsiz bo‘lib qolishi, qalbi qattiqlashib ketishi mumkin.

Otasi suymagan qizning fe’li dag‘al bo‘ladi
“Qiz-ayollarning yuzidan hayo ko‘tarilgan”, “qizim o‘g‘il bolaga o‘xshaydi”, “erkakshoda ayollar ko‘payib boryapti,” degan gaplar kundalik hayotimizda uchrab turadi. To‘g‘ri, bu achchiq gaplarda ham jon bor. Biroq yuqorida keltirilgan salbiy holatlarda faqat qiz-ayollarnigina ayblash o‘rinli emas. Kuzatuvlar shuni dalolat etadiki, ayrim qizaloqlar juda yoshligidan o‘g‘il bolaga o‘xshashadi. Oilada o‘g‘il bolalar orasida o‘sayotgani yoki qizning kenja farzand, erkatoyligi bunga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo ko‘p hollarda, onaning erkakshoda fe’li va qizi bilan sirlashmasligi, erkak kishi, ya’ni juftidan o‘zini ustun qo‘yishi ham jamiyatda o‘g‘il bola xarakterli qizlarning ko‘payishiga asos bo‘ladi. Onasi erkalamagan, otasi suymagan qizcha o‘g‘il bolalardek qo‘rs fe’l, dag‘al, yuzi qattiq, hatto uyatsiz bo‘lib ulg‘ayishi hayotda ko‘p bora isbotlangan haqiqatlardan biri.

Andishasizlik - rostgo‘ylik emas!
Qiz bolani asrab-avaylab, “shirinim”, “asalim”, deb chin ma’noda “guloyim” qilib tarbiyalagan ma’qul. Qiz bolaga qo‘pol gapirib, nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlab bo‘lmaydi. Doimiy ravishda dag‘al muomala ko‘rgan qiz, yuzi qattiq, behayo va uyatsiz bo‘lib ulg‘ayishi mumkin. Ko‘pchilik ota-onalar qiz bolasini kichkinaligida xunuk so‘zlar bilan haqoratlab, urib-so‘kib o‘stiradiyu, bo‘yga yetgan qizi surbetlarcha gap qaytarsa yoki nojo‘ya yo‘llarga kirib ketsa “Urug‘imizda bunday ayollar bo‘lmagandi-ku, bu yashshamagur qiz kimga tortdi-ya?!” deb fig‘oni falak bo‘ladi. “Kimga tortdi?” emas, “Eh, qayerda xato qildik? Endi shu xatoimizni kech bo‘lsa-da isloh etishimiz kerak,” degan ota-ona qiziga hamdard, hamfikr bo‘la oladi, uni tushkunlik girdobidan chiqara oladi.

Onasi baqiroq, shaldirab andishasizlik bilan har gapni gapiradigan, “yuzingda ko‘zing bormi” demay, atrofidagilarni tili bilan “zaharlab” tag‘in qilg‘iligini “men orqadan gapirmayman, yuziga shart-shurt aytaman-qo‘yaman”, degan oqlov bilan niqoblashga urinishadi. Afsuski, ulardagi bu xususiyat rostgo‘ylik emas, aksincha, andishasizlik va surbetlik va bunday fe’l-atvor faxrlanishga yaramaydi!

Erkaklarga itoatkor, mulohazali, nozik va oqila ayollar yoqadi. “Erkaklar mardligidan uzoqlashib boryapti”, “erkaklarga har tomonlama ta’minlangan ayollar yoqadi”, degan ro‘kachlar bilan o‘z-o‘zimizni aldashga chek qo‘yishimiz va nazokatli, nafosatli qizlarni tarbiyalash sirlarini momolarimizdan o‘rganishimiz darkor.

Kechikkan nasihat- achchiq malomat
Yana bir og‘riqli mulohaza hayotda adashgan, qoqilgan yoki biror vajdan shaxsiy hayoti ko‘ngildagidek bo‘lmagan qizlarimizni ayblash, hayoti notekis kechayotganini yuziga solish bilan go‘yoki unga vaqtida berolmagan tarbiyamizni to‘ldirmoqchi bo‘lamiz. Ammo yurakka zirhday botadigan, yarasi bir umrga qontalash bo‘lib yotadigan “nasihat”larimizning fursati kechikkani, “ayb senda, ayb menda”, deb jar solishdan naf yo‘qligini mulohaza qiladigan tafakkurdan benasibligimiz sababidanmi yoki ota- onalik ilmidan bebahraligimizdanmi o‘z yog‘iga qovurilib yotgan qizimizning dardiga malham bo‘lolmaymiz. Takror ta’kidlaganimiz, yaqinlaridan mehr-muhabbat, muruvvat va ma’naviy quvvat ololmagan, hayotda qoqilgan yoki qaysi jihatdan omadi yurishmagan qiz yo ayol chetdagi “mehrli nigoh”lardan taskin istaydi. Oqibatda, ularning yana bir yanglish yo‘lga qadam bosishi, yuragiga yana bir o‘q qadalishiga sababchi bo‘lamiz.

“Qiz bor uyda sarrin sabo esadi,” deydi shoir. Qizlar ota-onasi, jigarlariga mehribon, jonkuyar bo‘ladi. Qiz farzandingizni qancha mehr-muhabbatga ko‘mib ulg‘aytirsangiz, u shunchalik ko‘p mehrli, qadr-qiymatli va albatta, baxtli bo‘ladi. Zotan, yaxshi ota-onaning eng yuksak orzusi- farzandining baxtu kamolini ko‘rishdir.
Kubro BUYuK

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qizingizni ko‘proq suying...