19:30 / 11.09.2019
7 593

Ko‘rish o‘tkirligini uy sharoitida tekshirish usuli

Ko‘rish o‘tkirligini uy sharoitida tekshirish usuli
Foto: «OPTIKA-UFA»
Ko‘rish o‘tkirligi — ko‘zning bir-biridan birmuncha masofada joylashgan ikki nuqtani alohida-alohida ko‘rish qobiliyati, ya’ni ko‘z o‘tkirligi ko‘rsatkichi. 1,0 kattalikdagi ko‘rish o‘tkirligi me’yor (ya’ni 100 foiz) hisoblanadi. Odam me’yordan ortiq ko‘rish o‘tkirligiga ham ega bo‘lishi mumkin. Masalan, 1,2 yoki 1,5. Biroq aksariyat kishilar me’yordan past ko‘rish o‘tkirligiga ega — 0,8, 0,4 yoki 0,05 va hokazo.

Amalda odamning buyumni aniq ko‘rish masofasini tekshiramiz. Masalan, ko‘rish o‘tkirligi 1,0 bo‘lgan odam avtomobil raqamini 40 metr masofadan o‘qiy olishi mumkin. Ko‘rish o‘tkirligi 0,4 bo‘lganlar esa raqamlarni 16 metrdan ko‘ra olishadi.

Ko‘rish o‘tkirligi optotipli maxsus jadvallar asosida aniqlanadi. Golovin-Sivsev jadvali, ayniqsa, keng tarqalgan — aynan u oftalmologlar xonasida osig‘liq turadi. Bunday jadvalni o‘zingiz uchun chop etib, uyda ham foydalanishingiz mumkin.

Ko‘rish o‘tkirligini tekshirishga mo‘ljallangan jadvallar turli kattalikdagi bir tipli belgilardan iborat — bu harflar, turli yonlari uzilgan halqalar (Landolt halqasi) yoki rasmlar (bolalar uchun) bo‘lishi mumkin. Ilk bor bunday jadvalni 1862 yili gollandiyalik oftalmolog G.Snellen o‘ylab topgan — u hozirgacha xorijda ishlatiladi. Rossiyada oftalmolog D.Sivsev ishlab chiqqan shunga o‘xshash jadval qo‘llaniladi. U harf va Landolt halqalaridan tashkil topgan.

Jadvalni tayyorlash uchun yaltiramaydigan oq qog‘ozdan foydalaniladi. Har bir qog‘ozning hajmi chop etilganda A4 bo‘lishi kerak, mo‘ljal — albom ko‘rinishi. Uchta qog‘ozni chop etib, ularni bir-biriga yopishtirish va jadvalni devorga o‘rnatish mumkin: ko‘rish o‘tkirligini tekshirganda 10-qator ko‘z sathida bo‘lishi zarur.

Jadvalning uchta qismini internetdan saqlab olib, chop eting.

Ko‘rish qobiliyatini tekshirishdan oldin jadvalni chiroq yordamida yoritish zarur. Har bir ko‘zni alohida-alohida tekshiramiz: bir ko‘zni kaft bilan yopib, ikkinchisida harflarni o‘qiymiz. Yopiq ko‘zni yummaymiz. Jadval ko‘zdan 5 metr masofada joylashgan bo‘lishi shart. Belgilarni aniqlashga 2-3 soniya vaqt ajratiladi.

Ko‘rish o‘tkirligining raqamli ma’nosi me’yordan ortiq xatoga yo‘l qo‘ymagan oxirgi qatordagi V harfi ma’nosiga teng.
V=0,3–0,6 qatorda bittadan, V>0,7 qatorda ikkitadan ortiq xatoga yo‘l qo‘ymagan bo‘lsangiz, ko‘rish o‘tkirligi to‘laqonli hisoblanadi.

Agar ko‘rish o‘tkirligi 1,0 dan quyi, ya’ni shartli 10-qatordan pastdagi harflarni ko‘rmasangiz yoki deyarli hech birini ilg‘amasangiz, oftalmologning professional ko‘rigidan o‘tishni maslahat beramiz. U yerda ko‘rish qobiliyatingizni har tomonlama tekshirishadi — ko‘z refraksiyasi, ko‘z tubi, ko‘ruv apparatining funksional hamda anatomik xususiyatlari va hokazolar.



arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ko‘rish o‘tkirligini uy sharoitida tekshirish usuli