12:33 / 14.06.2020
3 272

“Men sizni dekan desam, aslida institutga rektor ekansiz-u”

“Men sizni dekan desam, aslida institutga rektor ekansiz-u”
Hoy, do‘stim, yaqinroq keling, ha-ha siz, sizga gapirayapman, keling biroz hasratlashaylik, men tushgan vaziyatimni eshiting va nimadir deng, jilla qursa, dalda berish qo‘lingizdan kelar. Bemalol joylashib o‘tirib oling. To‘g‘risi gapni nimadan boshlashni bilmayapman. Boshidan boshlang chaynalmay, deysizmi,! Mayli, unda eshiting.

Biz aslida shaharning eng zich xududida ikki xonali kvartirada istiqomat qilardik. Turmush o‘rtog‘im, institutda dars berardilar. Men esa uyda, farzandlar tarbiyasi bilan band edim, shuningdek, magistraturada o‘qiyman. Bakalavr bosqichini bitirganimda domlalarim meni magistraturada o‘qib, universitetimizga ishga kelishim kerakligini qayta-qayta uqtirishdi, aytishliaricha, men ancha qobiliyatli emishman.

Uzr, kechiring, biroz maqtangim kelgandida. Mayli qisqaroq qilaman. Xullas, bir kuni xo‘jayinim: “Dissertatsiya yozishim uchun tinch joy kerak, shahar chetrog‘ida bir hovlini uch oyga ijaraga oldim, tugatgunimga qadar o‘sha uyda yashaymiz, tayyorgarlik ko‘ring onasi,” dedilar. Men bundan juda quvondim, chunki xovlida yashash o‘z-o‘zidan barchaga yoqadi.

O‘sha ajoyib uyga ko‘chib borganimizning uchinchi kuni qo‘shnilar yo‘qlashdi. Ular samimiy va sinchkov ekan anchayin. Ana endi sekin asosiy masalaga o‘taman. Hovli degani ish tugamas makon ekan, endi bildim. Kuni bilan tinim yo‘q, bolalar, uy ishlari, darslarim, xullas, barchasiga ulgurishga urinardim. Razm solsam mendan boshqa oilamdagi hammaning yuzlari tiniq, kayfiyatlari joyida, ishtahalari zo‘r, ular uchun haqiqiy dam olish sihatgohidek bu uy go‘yo.

Shularni o‘ylab bir kunimni o‘zimga dam olish kuni deb e’lon qildimda, birorta ham ish qilmadim. Zerikkach, miyamga ajoyib fikr keldi, qo‘shnilarimnikiga chiqaman, shunday dedimda bolalarimni o‘ynayotganidan foydalanib, yon qo‘shnimiznikiga tongda pishirgan paxlavamdan bir likopcha olib chiqdim.

Darvozadan kirdim-u, bahri-dilim ochildi, darvozaxonada bir-biridan chiroyli anvoyi gullar kutib oldi, hovli o‘rtasida, o‘rik daraxti tagida so‘ri, uning bir yonida rayhon bo‘lsa boshqa tomonlarida atirgullarning turli xillari ochilib xonadonga fayz berib turibdi. So‘rida suzmadan qurt qilayotgan qo‘shnim meni ko‘rdi-yu MIBchilarni kutib olgandek, hayajonlanib ketdi. Ko‘rishdik, so‘rashdik, qo‘shnimning ikki qizi dasturxon yozib darrov choy olib kelishdi.

Endi samimiy suhbatimiz boshlanayotgan edi hamki, yo‘lning narigi tomonidagi bo‘yi baland qo‘shnimiz kelib qoldi. Shunda men hayratdan lol qoldim, hayotda mendanda maqtanchoq va mendanda ko‘p gapiradigan ezma odam bor ekan. Men unga boshqacharoq ta’rif bergan bo‘lardim - g‘iybatshunoslik institutining mish-mishlar fakultetining dekani! Ja unchalikmasdir, deysizmi, mana, hozir aytgan gaplaridan biror so‘zini qoldirmay aytaman sizga: “anavi past mahalladagi Gulsara bor-ku, kecha eri bilan qirg‘inday jang qildi, ovsinim bilan garov o‘ynadik kim yutishi haqida, yana men yutdim, ya’ni Gulsara nakaut bo‘ladi devdim.” Gaplarining orasida shunaqangi miriqib kulardiki, men uning so‘zlarigamas, kulishiga kuldim.

Bahonada butun mahalladagi yangiliklardan xabardor bo‘ldim: emishki, Dilsoraxonning pashshaga allergiyasi bormish, uyga kirib qolsa, o‘ldirmaguncha tinchimasmish; Naziraxon esa kelini bilan ancha apoq-chapoq bo‘lib qolganmish, Mehriniso ayaning sigiri ikkita tuqqanmish..... eh-he bunaqa gaplardan qancha qanchasi aytildi, eslab qololmadim. Biroq oxirgi gapi juda, juduyam qiziq bo‘ldi. Meni o‘zimga yomonlayapti. Nima dedi, deysizmi?

“Dilso‘z, nega siz hech qo‘shnilarga qo‘shilib bundog‘ gaplashib o‘tirmaysiz, vaqtinchalik kelgan degani hech kim bilan gaplashma deganimi yo. Hamma qo‘shnilar sizni gapirayapti aylanay, odamovi ekan, birovni mensimas kalondimog‘ ekan deyapti sizni”, desa bo‘ladimi! O‘sha yerda tilshunos bo‘lsamda, bir so‘z topolmadim, o‘zimni oqlashni ham bilmasdim, yo biror gap bilan javob qaytarolmasdim. Vaziyatni uy egasi hazilga yo‘yib yumshatdi. Bu gapdan keyin u yerda ko‘p qola olmadim.

Bolalarni bahona qilib chiqib ketdim. Uyda xo‘jayinim ilmiy ishi bilan band ekan. Bordim-u hamma ishni chetga surib, bo‘lgan gaplarni aytib berdim, avvaliga rosa kuldilar, keyin juda soddaligimni aytib, qo‘shnilarnikiga ba’zi-ba’zida chiqib turishimni maslahat berdi. Men esa o‘sha ayolning gaplarini bir necha kun miyamda tahlil qildim. Shundan keyin ko‘chaga ko‘p-ko‘p chiqadigan, qo‘shnilar bilan ancha paytgacha gaplashadigan, kirishimli bo‘la boshladim.

Ular bilan suhbat jarayonida iloji boricha siporoq bo‘lishga intilardim. Ichimda esa kimdir: ey bekorchi, boshqalarning g‘iybatini qilgandan ko‘ra darsingni qil, bolalarga shirinlik pishir, qilaman desang, qaaancha ishing bor, derdi. Men, bu qo‘shnilar diplomatiyasi, deya olardim xolos.

Bir kuni o‘qishdan qaytayotsam yana o‘sha g‘iybatshunoslik fakulteti dekani - qo‘shnim ro‘paramdan chiqib qoldi. So‘rashib o‘tib ketmoqchi edim, meni to‘xtatdi. “Xoy, Dilso‘zxon, butun mahalla sizni gapirayapti-ya, endi unaqamasda, kuni bilan o‘qishda bo‘lasizda, uyga keliboq ko‘chaga sho‘ng‘iysiz, qo‘shnilar bilan gaplashib turganingiz-turgan. Xotinlar “bu kelinni uyida ishi yo‘qmikan” deb sizni gapirishayapti” deydi bir tuki qilt etmay. Ahvolimni tasavvur qilayotgandirsiz a?!

Shunda men indamay ketishni lozim topmadim. “Bilasizmi,” dedim o‘zimni xotirjam tutib, “men sizni dekan desam, aslida institutga rektor ekansiz-u” dedim. U “qanaqa institut” dedi hayron bo‘lib. “G‘iybatshunoslik instituti” dedimda burilib ketdim. Shu bo‘ldi-yu, qo‘shnilar bilan salom-alikdan nariga o‘tmayman. Men shunchaki samimiy ekanimni boshqalar bilishini istagandim. Kim nima deb o‘yladi, endi qiziqmas.

Xullas, shunaqa gaplar. Zerikib qolmadingizmi? Gaplarimni g‘iybatga yo‘ymang, meni tinglaganingiz, hamdardligingiz uchun tashakkur!

Muallif Dilorom Begmatova

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Men sizni dekan desam, aslida institutga rektor ekansiz-u”