22:55 / 20.07.2020
3 518

«Besh bolalik qizcha». Uka-singillarini boqish dardida yurgan qiz hikoyasi

«Besh bolalik qizcha». Uka-singillarini boqish dardida yurgan qiz hikoyasi
Foto: UNICEF
Dunyodagi har bir odamning o‘ziga xos taqdiri, kechinmalari bo‘ladi. Bu galgi taqdir egasi ham oramizdagi oddiy inson. Olis qishloqlardan birida istiqomat qiluvchi qahramonimiz yosh bo‘lsa-da, ro‘zg‘or tashvishini kichik jussasiga olgan qiz. Ismini oshkor qilishimizni istamagan qizning taqdiri uning hikoyasini o‘qiganlarni sabr-u bardosh bilan yashashga undasa ne ajab...

«Onam ko‘z oldimda so‘nib borardi...»
Dadam va oyim hech qayerda ishlamaydi. Dadam mardikorlik orqali pul topadi. O‘zingizdan qolar gap yo‘q: mardikorlik mavsumiy bo‘lib, u bilan oilani tebratish qiyin. Onam ham ishlashga majbur edi. Tuman markazida choyxona, to‘yxonalarda idish yuvardi. Tik oyoqda kechasi bilan ishlash onamni holdan toydirdi. Uning kundan-kunga ko‘z oldimda so‘nib borayotganini ko‘rib, qiynalardim. Shundan so‘ng men ham ishlashga qaror qildim...

15 yoshimdan onamga qarashib, ishlashni boshladim. Maktabni tugatib, qo‘shni tumanda tibbiyot kollejiga kirdim. Onam bilan choyxona va to‘yxonalarda ishlashdan tashqari bir boy xonadonda yumushlarni qilardik. Xonadon egalariga ko‘p yil xizmat qildik. Shu sababdan ular bilan munosabatimiz yaxshi edi. Kollejda o‘qigan vaqtlarimda ham ishlab, pul topishga, uydagilarga jo‘natishga harakat qilardim. Ota-onam menga hech qachon ishlab pul top deyishmagan. Vaziyatni ko‘rgach, o‘zingiz majbur bo‘lib qolarkansiz.

«Xayolimda bir fikr – uka-singillarimni boqish»
Tumanimizda tibbiyot kolleji bo‘lmagani uchun qo‘shni tumandagisiga qatnay boshladim. Uydan uzoqda bo‘lsam-da, oilamga yordam berishim kerak edi. Shanba-yakshanba kunlari uyga kelib, shu yerdagi choyxonada idish yuvuvchi bo‘lib ishlardim. Kechasi bilan tik oyoqda, og‘ir sharoitda mehnat qilish osonmasdi. Dam olish kunlari barcha talabalar kabi ota-ona diydoriga to‘yolmasdim. Uyim ishxonaga yaqin bo‘lsa-da, uyga bormasdan shu yerda 2 kun ishlardim-da, keyin yana ertalab dushanba kuni o‘qishga chiqib ketardim. 3 yil shu tariqa o‘tib ketdi. To‘g‘risi, o‘qish men uchun birinchi o‘rinda emasdi, chunki mendan keyin 4 singlim va ukam bor edi.

«Muhtoj bo‘lsam-da, yomon yo‘lga kirishni o‘ylamaganman»
Kollejni bitirib, mutaxassisligim bo‘yicha qo‘shimcha ish qidira boshladim. O‘qishga topshirish haqida o‘ylamadim, chunki oilada to‘ng‘ich farzand sifatida singillarim, ukamni yolg‘iz qoldirib ketolmasdim. Hozir ikkita joyda – tuman markazidagi choyxona va shifoxona oshxonasida ishlayman. Karantin tufayli birinchi ishimdan ayrildim. Hozir faqat tibbiyot birlashmasidagi oshxonada ishlayapman. Oyligim – 730 ming. Afsuski, katta ro‘zg‘orga yetkazolmaymiz. Ikkita joyda ishlaganimda, rosa qiynalganman. Shifoxonada ish ertalab soat 08:00dan kech soat 16:00gacha. Ba’zida ish tugamagan vaqtlarida bundanam kech qolib ketamiz. Horib, charchab choyxonaga yugurardim. Ba’zan tong sahargacha idish-tovoq yuvib, qolib ketardim. Kech qolgan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. Boshliqlardan gap eshitardim. Ikkita ishga ulgurish qiyin bo‘lsa-da, shunaqa sharoitda ishlashga majbur edim. Vaziyatimni tushuntirolmasdim.

Kechqurunlari choyxonada ishlagan vaqtlarimda qo‘ni-qo‘shnilar men haqimda noma’qul so‘zlarni aytishardi. Qiz bola kechasi ishlashi yaxshimas. Buni o‘zim ham bilaman, lekin nima qilay? Oilani kim boqadi? Odamlar shunaqa, to‘g‘ri yursangiz ham g‘iybat qilisharkan. Nochorlikdan azoblansam ham, egrilik ko‘chasiga kirmadim. Nima qilib bo‘lsa ham, halol pul topdim.

«Boshqalarning dadasi ichmaydi-ku...»
Dadam mardikorlik qiladi. Topgan-tutganini ichkilikka sarflardi. Onamni rosa urardi. Mast bo‘lganda, janjal ko‘tarardi. Uyda sinmagan narsa qolmasdi. Ko‘chada sovuqmi, issiqmi farqi yo‘q, qochib chiqib ketardik. Dadam Rossiyaga ishlashga borib, qurilishda qo‘lidan jarohat olib, kuydirib olgan. Shundan keyin og‘ir ishlarni qilmay qo‘ydi. Onda-sonda mardikorlik qiladi. Onam ikkimiz qiynalsak-da, dadam o‘zgarishni xohlamasdi. Dadam nega ichkilikka berilgan, boshqalarning dadasi binoyidek ishlab oilasini boqyapti-ku, nega mening dadam bunaqa, deb onamga aytib, yig‘lab olardim.

«Onamni davolatolmaganim uchun siqilaman»
Onam avvalgiday ishlolmaydi. Qo‘lini sovuq suvga botirsa, shu zahoti qattiq og‘riq bo‘ladi. Shifokorlar doimiy ravishda qo‘llarni sovuq suvda tutganlik uchun shamollash bor, deyishdi. Bundan tashqari, bitta joyda qimirlamasdan tik oyoqda turib ishlash ham onam sog‘lig‘iga ta’sir qilmay qo‘ymadi. Onam shifoxonada yotib davolanishi kerak edi. Afsuski, qo‘limiz kaltalik qildi. Shifoxonaga yotqizib, to‘liq davolanishi uchun pul topib berolmaganim uchun ham siqilardim. Onam bizni deb shunday xastalikka duchor bo‘ldi. Nochorlik qaddimizni bukib qo‘ydi. Nega bunday bo‘lishi kerak, deb o‘zimga juda ko‘p savol beraman, lekin javobi yo‘q. Onamning dorilariga oyligim yetmasdi. Ko‘p tanishlarimdan qarz olishga majbur bo‘ldim. Hozirgi hayotim qarz olish va qaytarish bilan o‘tyapti.

«Orzu qilganim bilan baribir amalga oshmaydi»
Tibbiyot kollejini bitirsam, hech bo‘lmaganda tumanimizdagi tibbiyot birlashmasiga hamshira bo‘lib ishga kiraman, deb rejalashtirgandim. Adashibman, u yerga joylashish uchun tanishlaringiz bo‘lishi kerak ekan. Mana, salkam 2 yildan beri shifoxona oshxonasida ishlab yuribman. Bo‘sh ish o‘rni bo‘lishi bilan sizni qabul qilamiz, degan bir xil javobni olaman. Mendan keyin qancha hamshiralar ishga olindi.

Hayotim shunday o‘taveradimi, butun umr shu tarzda ishlab yuramanmi, degan fikr boshimda ko‘p aylanadi. Tibbiyot oliygohiga hujjat topshirmoqchi bo‘ldim, keyin fikrimdan qaytdim. Birinchidan, u yerga kirish osonmas. Tayyorgarlik ko‘rish uchun ham mablag‘ kerak. Ikkinchidan, o‘qishga qirganim bilan singillarim, ukamning ahvoli ne kechadi? Ularni mendan boshqa boquvchisi yo‘q. O‘zim haqimda o‘ylashni unutib bo‘ldim. Xayolimda 5 nafar jigarlarimni boqish, ota-onamga yordam berish fikridan boshqa hech narsa yo‘q. Ko‘chada tengdoshlarimni ko‘rsam, havasim keladi. Ularga o‘xshab betashvish ota-onam bag‘rida yayrab-yashnab yurgim keladi. Ko‘p narsalarni orzu qilardim. Ammo hozir emas. Orzu qilganim bilan baribir amalga oshmaydi, foydasi yo‘q. Yaqinda xotin-qizlar uchun OTMga kirishda beriladigan grant uchun ariza topshirdim. Unchalik umid qilganim yo‘q. Baribir harakat qilib ko‘ray. Zora, umid uchquni paydo bo‘lsa.

«Baxtli bo‘lishga haqqim bormikin?»
Bir yigitga ko‘ngil qo‘ygandim. Unga suyanib qolgandim. Qiynalgan vaqtlarimda yordam berardi. U bilan suhbatlashsam, o‘zimni himoyalangandek his qilardim. Baxtli edik. Kelajak rejalarini tuza boshladik. Ammo bir kunda barchasi shunchaki bir sarobga aylandi. Yigitning ota-onasi uni uylantirishmoqchi bo‘ldi. Tabiiyki, men haqimda ularga aytib, rad javobi olgan, chunki oilamiz ularga to‘g‘ri kelmasdi. Dadam ichkilikka berilib ketgan. Uyimizda doim janjal. Men esa kechalari choyxona-yu to‘yxonalarda idish yuvaman.

Ularga to‘g‘ri kelmasligimizni oldindan his qilardim. Ular bizni tushunishadi, deb umid qilardim. U menga telefon qilib, uylantirishayotganini aytdi. Boshida ishonmadim. Bir kuni ishdan uyga qaytayotsam, onasi biznikiga kelayotgan ekan. Bir-birimizni ko‘rib qoldik. Onasi o‘g‘lini tinch qo‘yishimni, oilasidan uzoqroq yurishimni aytdi. Bu gaplar yuragimga og‘ir botdi. Haliyam onasini ko‘chada ko‘rib qolganim. Uyimizga kirib, onamga shu gaplarni aytganidami... Shu voqeadan keyin dunyo ko‘zimga tor ko‘ringan. Baxtli bo‘lishga haqqim bormikin, men ham boshqa qizlar orzu qiladigan baxtga erisharmikinman, deb ko‘p o‘ylayman. Onam seni turmushga beramiz desa, o‘ylamay rad javobini beraman. To‘y xarajatlari, sarpo va yana boshqa xarajatlar... Bularga qurbimiz yetmaganda, turmush haqida o‘ylashga ham qo‘rqaman.

Xullas, hayotim shunday o‘tyapti. Nima bo‘lsa ham, yomon ish qilayotganim yo‘q. Mehnatning uyati yo‘q-ku axir. Bergan kuniga shukr qilib yashayveraylikchi, bizga ham atalgan yaxshi kunlar bordir...

Muhabbat Ma’mirova suhbatlashdi

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Besh bolalik qizcha». Uka-singillarini boqish dardida yurgan qiz hikoyasi