07:30 / 21.08.2021
3 205

Ayollardagi kalsiy yetishmovchiligining asosiy belgilari

Ayollardagi kalsiy yetishmovchiligining asosiy belgilari
Foto: Siberian Wallness
Suyak to‘qimalarining shakllanishi va mustahkamlanishi, tish, soch va tirnoqlar holati to‘g‘ridan-to‘g‘ri kalsiy miqdoriga bog‘liq.
Kalsiy organizm uchun juda kerakli modda bo‘lib, yurak-qon tizimning ishini barqarorlashtiradi. Qon bosimi ko‘tarilishining oldini oladi, qon tomirlarini mustahkamlaydi.

Endokrin tizimning ishlashi uchun javob beradigan garmonlar ishlab chiqarishga ta’sir qiladi. Murakkab oqsillarning sintezini tezlashtiradi, natijada qon ivishi kuchayadi. Metabolizmni tezlashtiradi. Yetarli kalsiy iste’mol qilgan odamda asab tizimi barqarorlashadi, uyqu yaxshilanadi, stress osongina yengiladi.

Shuningdek, kalsiy glikogening parchalanishi, xolesterin darajasini pasaytirish va umumiy immunitetni mustahkamlash uchun mas’uldir. Oddiy kalsiy miqdori bilan tanadagi yallig‘lanish jarayonlarini osonlik bilan yengish mumkin.

Kalsiy yetishmasligining asosiy belgilari:
- asosan tunda bo‘ladigan mushaklar spazmlari – tomir tortishishi;
- soch to‘kilishi, mo‘rtlik, xiralik;
- allergik dermatit yoki boshqa teri kasalliklarining paydo bo‘lishi;
- bo‘g‘imlarda og‘riq;
- hayz davrining buzilishi, og‘riqli hayz ko‘rish;
- tez charchash, uyqusizlik, stressga bardoshning kamayishi;
- yurakning tez-tez urishi – taxikardiya.


Kalsiy yetishmovchiligining oldini olish uchun qanday mahsulotlar iste’mol qilish kerak?
Pishloq tarkibida qo‘shimcha fosfor mavjud bo‘lib, kalsiy so‘rilishi uchun yordam beradi. Qatiq, smetana va boshqa sut mahsulotlari tanani nafaqat kalsiy bilan, balki oqsil bilan ham to‘yintiradi. Dukkakli mahsulotlardan loviya, no‘xat, ular tarkibida kletchatkalar, temir, magniy va kaliy ham bor. Qo‘ziqorinlar, yong‘oq, xandon pista, ayniqsa, bodom tarkibida kalsiy miqdori ko‘p. Kunjut urug‘lari, tuxum, o‘rik turshagi, mayizlar ham kalsiyga boy mahsulot sanaladi. Sabzavotlardan piyoz, sabzi, sholg‘om; mevalardan olma, sitrus mevalar, uzum; poliz ekinlaridan qovun, qovoqlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi.

E’tibor qaratish kerak bo‘lgan muhim jihat shundaki, qahva, margarin, mayonez va boshqa tayyor souslar, gazli ichimliklar kalsiy so‘rilishiga to‘sqinlik qiladi. Iloji boricha yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotlarni alohida iste’mol qilish kerak.

Albatta, faqat oziq-ovqatlar hisobiga barcha yetarli kalsiy moddasini qondirish mumkin emas. Yoshi katta insonlar, ayniqsa, klimaks davridan boshlab tarkibida kalsiy moddasi bor dorilarni iste’mol qilishi kerak. Kalsiy moddasini organizmga so‘rilishini yaxshilash maqsadida vitamin D3 bilan birgalikda yoki dori tarkibida bo‘lsa, juda yaxshi natija beradi.

Shuningdek, kalsiy moddasini qabul qilishda faqat dorilarning o‘zini yetarli deb bilmaslik kerak. Yosh kattalashgan sari osteoparoz boshlanadi, buni to‘xtatishning iloji yo‘q, faqat sekinlashtirish mumkin. Suyaklarda kalsiyga talab ko‘payadi, lekin qabul qilish sustlashadi, shuning uchun qancha ko‘p kalsiy moddasini iste’mol qilgan bilan suyaklar ichiga kirib borishi ta’minlanmaydi, ortiqchasi esa har xil asoratlar, masalan, buyrakda toshlar hosil qiladi. Qo‘shimchasiga kundalik odatiy harakatlar emas, balki har bir suyakka kuch tushiradigan davolovchi badantarbiya zarur.

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ayollardagi kalsiy yetishmovchiligining asosiy belgilari