Joriy yilda global beqarorlik va iqtisodiy noaniqliklar fonida oltin narxi tarixiy yuqori darajalarga ko‘tarildi. Bu holat O‘zbekistonga katta qo‘shimcha daromadlar keltirdi. Biroq iqtisodchilar ushbu ortiqcha mablag‘larni iqtisodiyotga to‘liq yo‘naltirmasdan, ma’lum qismini jamg‘arib borish zarurligini ta’kidlashmoqda. Chunki so‘mning keskin mustahkamlanishi uzoq muddatda iqtisodiyot uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
11-sentyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining savoliga javob bergan Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ushbu masala yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, oltin savdosidan olinayotgan tushumlar Markaziy bank hisobida emas, balki ishlab chiqaruvchi korxonalar va davlat byudjetida to‘planmoqda. Shuningdek, u ortiqcha daromadlarni jamg‘arish g‘oyasi haqida ham alohida izoh berdi.
— Oltin narxining ijobiy shakllanishi, albatta, iqtisodiyotimiz uchun foydali holat. Bu korxonalarda qo‘shimcha mablag‘ paydo bo‘lishiga va byudjetga soliq tushumlari ko‘payishiga olib keladi. Ortiqcha daromadni saqlab qolish yoki yo‘qotmaslik masalasiga asosiy bayonni Iqtisodiyot va moliya vazirligi berishi to‘g‘ri bo‘ladi, — dedi Ishmetov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo amaliyotida xomashyo mahsulotlari narxi ijobiy o‘zgargan davrda ortiqcha tushumlarni yig‘ib borish orqali retsessiya paytida iqtisodiyot xarajatlarini qoplash mexanizmlari mavjud. Bu esa ko‘proq neft kabi tovarlarga xos hisoblanadi.
— Masalan, neft. Iqtisodiy o‘sish vaqtida uning narxi ko‘tariladi, byudjetga tushumlar ko‘payadi. Retsessiya paytida esa neft qiymati pasayadi va daromadlar kamayadi. Shu bois neftda bu mexanizm ishlaydi. Oltin esa tabiatan kontrsiklik xususiyatiga ega: muammoli vaziyatlarda odamlar unga investitsiya qila boshlaydi va u avtomatik ravishda stabilizator vazifasini bajaradi, — deya qo‘shimcha qildi u.
Markaziy bank rahbari fikricha, oltindan kelayotgan ortiqcha daromadlarni jamg‘arib borish g‘oyasini amalda to‘liq qo‘llash qiyin. Chunki iqtisodiyot barqaror paytlarda oltin narxi ko‘pincha past bo‘ladi va qo‘shimcha tushumlar yuzaga kelmaydi. Narxi yuqori bo‘lishi esa asosan global noaniqliklar va xavotirlar bilan bog‘liq.
Shu jihatdan Ishmetovning ta’kidlashicha, oltin ko‘p hollarda o‘ziyoq avtomatik stabilizator sifatida ishlaydi. Shu sababdan unga nisbatan ortiqcha mexanizm qo‘llash samara bermasligi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!