
Markaziy bank milliy valyutada kuzatilayotgan barqaror o‘sish yuzasidan o‘z tahliliy xulosasini e’lon qildi. Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil yanvar–oktyabr davrida so‘mning xorijiy pul birliklariga nisbatan almashuv kursi 7 foizga mustahkamlandi. Bunday o‘sish bir qator iqtisodiy omillar ta’sirida shakllangani aytiladi.

Ma’lum qilinishicha, avvalo eksport tushumlarining keskin ko‘payishi va xalqaro pul o‘tkazmalaridagi jiddiy o‘sish so‘m qadri oshishiga asosiy turtki bo‘ldi. Shu bilan birga, xorijiy kreditlar jalb qilinishi, import to‘lovlari hajmining barqarorlashishi, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimining ko‘payishi ham milliy valyuta mustahkamlanishida muhim rol o‘ynagan.
Markaziy bank sharhida shunday deyiladi:
“So‘nggi oylarda ichki valyuta bozorida yangi tendensiya namoyon bo‘ldi. So‘m dollarga nisbatan uzoq davom etgan qadrsizlanish bosqichini ortda qoldirib, mustahkamlanish fazasiga o‘tdi”.
Tahlilga ko‘ra, o‘tgan 10 oy mobaynida valyuta bozorida talab va taklif keskin oshdi. Xususan, xorijiy valyutalarga talab 2024-yilning mos davriga nisbatan 24 foizga ko‘paygan bo‘lsa, taklif 26 foizga o‘sgan. Yuridik shaxslar o‘rtasida talabi ham, taklifi ham bir vaqtning o‘zida
mos ravishda 24 va 38 foizga keskin ko‘tarilgan.
Mutaxassislar fikricha, taklif o‘sish darajasining yuqori bo‘lishi milliy valyuta barqarorligini ta’minlagan asosiy omillardan biri sifatida qayd etilmoqda.
Hisob-kitoblarda keltirilishicha, mamlakatga kelgan eksport tushumlari (oltinsiz) 14,5 milliard dollarga yetgan. Shundan 8,1 milliard dollari ichki valyuta bozorida sotilgan bo‘lib, bu ichki bozorda qo‘shimcha valyuta manbai paydo bo‘lishiga xizmat qilgan.
Aholi tomonidan ham banklarga valyuta sotish hajmi rekord darajaga yetdi: 10 oyda 17,5 milliard dollar sotilgan (2024-yilda — 13,2 mlrd). Sotib olish hajmi esa 9,7 milliard dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yildan 25 foizga ko‘p.
Mamlakatga tushgan xalqaro pul o‘tkazmalari miqdori ham juda katta — 15,8 milliard dollar. Bu o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Mazkur mablag‘lar valyuta taklifini oshirib, so‘mning yanada qimmatlashishiga zamin yaratdi.
Avvalroq sentyabr oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 3,4 foizga mustahkamlangani ma’lum qilingandi. Markaziy bank esa yana bir bor almashuv kursi bozordagi real talab va taklifga asoslanishi, regulyator maqsadli kurs belgilamasligi hamda bevosita aralashmasligini ta’kidladi.
Natijada, iqtisodiyotdagi ushbu bir necha omillar yigindisi ichki valyuta bozorida yangi bosqichni boshladi — so‘m barqarorlik yo‘lida sezilarli qadam tashladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.