Markaziy bank Savdogarlar va jurnalistlar daromadi oshishiga eng ko'p ishonmoqda

O'zbekistonda savdo va OAV sohasida ishlovchilar o'z daromadlari yaqin bir yil ichida oshishiga boshqalarga qaraganda ko'proq ishonmoqda. Markaziy bankning 2025 yil uchinchi choragi bo'yicha o‘tkazgan so‘roviga ko‘ra, sotuvchilar va jurnalistlar orasida respondentlarning 81 foizi maosh va tushumlar ko‘payishini kutmoqda. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Hisobotda bunday yuqori kayfiyat ichki savdo hajmining kengayishi, shuningdek raqamli texnologiyalar hamda media bozorining rivojlanishi bilan izohlanadi. Boshqa yo‘nalishlarda ham ijobiy kutilmalar bor, biroq ko‘rsatkichlar nisbatan past: kommunal va maishiy xizmatlarda daromad o‘sishini 73 foiz, turizm va restoran biznesida 72 foiz, ta’lim sohasida esa 70 foiz ishtirokchi kutmoqda.
Qishloq xo‘jaligi, qurilish va davlat boshqaruvi yo‘nalishlarida ishonch darajasi 66–69 foiz atrofida saqlanib turibdi. Eng ehtiyotkor qarashlar transport hamda bank tizimi xodimlarida kuzatilgan — bu sohalarda daromad o‘sishini taxminan 63 foiz respondent kutmoqda. Umuman olganda, mamlakat aholisining qariyb uchdan ikki qismi kelgusi davrda daromadlari oshishiga ishonadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!