1 824
Vahimali xuruj, urchib ketgan psixologlar, «psix-bolnitsa», «vos-vos» va depressiyalar haqida
«Tibbiyotimizning barcha yo‘nalishlariga lobbizm kirib kelib bo‘ldi», degan professor Zarifboy Ibodullayevning «Tibbiy psixologiya» kitobida shunday satrlar bor: «Kuchli yoki doimiy ruhiy jarohatlar sababli inson organizmida turli xil kasalliklar rivojlanadi». Tashxis noto‘g‘ri qo‘yiladi va bemorlar zarur bo‘lmagan tekshiruvlardan o‘tib, turli bo‘limlarda davolanib yuradi. Vaholanki, ularni tibbiy psixolog davolashi kerak. Xo‘sh, bizda bu qanday yo‘lga qo‘yilgan? Yosh shifokor, tibbiy psixolog, psixoterapevt Guli To‘rayeva bilan shu xususda suhbatlashdik.
Bemor kasallikdan o‘lmaydi
– Tibbiy psixologiya. Ushbu atama o‘zbeklar uchun qay darajada tanish? Yaqin yillarda bu soha mavjud emas edi, to‘g‘rimi?
– Avvalo, psixologiyaga ta’rif bersak, psixologiya – inson ruhiyatini o‘rganuvchi fan. Tibbiyot psixologiyasi esa bemor odamlar psixologiyasini o‘rganadi.
«Tibbiyot psixologiyasi» hozirgi kunda yangi atama bo‘lgani bilan bu soha yangi emas. Tibbiyot asoschisi bo‘lgan buyuk allomamiz Abu Ali ibn Sino «Tib qonunlari» asarida tibbiyot va psixologiyaga oid fikrlarni keltirib, ruhni davolamasdan vujudni davolab bo‘lmaydi, degan edilar.
Bu soha mutaxassislarini hozirgi kunda juda kamchilik biladi deb o‘ylayman. Hatto tibbiyot xodimlari orasida ham bu yangi mutaxassislikning vazifasini bilmaydiganlar borki, sohadan yiroq insonlarni endi tasavvur qilib olavering.
Sababi, tibbiyot psixologiyasiga e’tibor juda kam bo‘lgan, odamlar dori-darmon va texnika-uskunalarga ishonishgan. Antibiotik yaratilganda, «mana, bo‘ldi, endi bemorlar o‘lmaydi», deyishgan edi. Holbuki, natijasini ko‘rib turibmiz. Insoniyat boshiga tushgan sinovli damlar, koronavirus infeksiyasi davrida tibbiy psixologlar naqadar kerakligi, inson ruhiyati ko‘p narsani hal kilib berishiga guvoh bo‘ldik. Chunki juda ko‘plab bemorlar kasallikdan emas, uning vahimasidan vafot etadilar...
Psixoterapevt Guli To‘rayeva.
– Tibbiy psixologiyaga talab va ehtiyoj qay darajada? Murojaat qilayotganlar ko‘pmi? Yuqorida aytganimizdek, hali ko‘pchilik tibbiy psixologiyani bilmaydi, demak, bizda bu borada murojaat qiladiganlardan ko‘ra murojaat qilmaydiganlar ko‘p bo‘lsa kerak?
– Talab bo‘lishi uchun xalqimizda tibbiy psixologlarning xizmatlari mohiyati, ish vazifalari to‘g‘risida ma’lumot shakllangan bo‘lishi kerak. Shu bois talab katta emas deb o‘ylayman. Lekin ehtiyoj masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, mutaxassis sifatida tibbiy psixologlarga ehtiyoj juda katta deb aytgan bo‘lardim. Talab qilishlari uchun xalqimiz tibbiy psixologlarning psixoprofilaktika, psixogigiyena, psixoterapiya, psixoreabilitatsiya xizmatlari haqida bilim va tasavvurni shakllantirishi kerak deb o‘ylayman.
– Bemorlar, agar shunday atash joiz bo‘lsa, asosan, qanday dard va muammolar bilan kelishyapti? Darvoqe, buni dard deyish mumkinmi yoki muammomi?
– Keling, yaxshisi, murojaat qiluvchilar deylik, chunki ularning hammasini ham bemor deya olmaymiz. Oxirgi vaqtlarda – albatta bu mening shaxsiy kuzatuvlarim – murojaat qiluvchilarning aksariyati turli nevrotik buzilishli bemorlardir. Nevroz – ruhiy jarohat yetkazuvchi omillar natijasida rivojlanadigan asab sistemasining funksional kasalligi. Asosan, nevrotik buzilishlardan fobiyalar (qo‘rquvlar), obsessiv-kompulsiv buzilishlar (yopishqoq o‘y-xayol, fikrlar, harakatlar) vahima xurujlari bilan ko‘proq murojaat qilishyapti.
Dard bir kunda tug‘ilmaydi, muammo kelib chiqadi, ya’ni ruhiy jarohat bo‘ladi, ba’zida ruhiy stresslar davomli ravishda kechib, natijada dardga aylanadi. Bizda odamlar, ruhiyatimda o‘zgarish bo‘lyapti, deb psixologga uchramaydilar, qachonki u tanada dard hosil qilsa keyin borishadi. Soha mutaxassisi tanani davolaydi, ruhiyat jarohati esa qolib ketaveradi. Shu tarzda psixosomatik kasalliklar rivojlanadi. Ular surunkali ravishda xususiy klinikalarning doimiy mijozi bo‘lib, tanasini dorilar bilan vaqtincha zararlab yurishaveradi.
Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerak, nafaqat ruhiy jarohat tanada dard keltirib chiqaradi, balki tanadagi jarohat va kasalliklar ham ruhiyatda o‘zgarishlar qiladi. Aniqroq qilib tushuntirsam, masalan, og‘ir pnevmoniyani o‘tkazgan bolalar, bosh miyada qon aylanishining buzilishi bor kishilarda keyinchalik vahima xurujlari, fobiyalarga moyilligi mavjud bo‘lib qoladi (yopiq joylar, liftlardan qo‘rqishadi).
Biz odamlarni standartlarga sola olmaymiz. Har bir insonning alohida, individual xususiyatlari bor. Kimnidir yomon va yaxshi ham deyolmaymiz. Bizga murojaat qilgan insonlarning yoshi, irqi, e’tiqodi va jamiyatdagi mavqeidan qati nazar, barchaga bir xil yondashishimiz kerak.
Oxirgi vaqtlarda psixologlar, shablon maslahatlar judayam ko‘payib ketdi. Mayli, ko‘paysin, bu bosqichdan ham o‘tish kerakdir balki. Vaqt-soati kelgach, haqiqiy mutaxassis tanlanib ajralib qolaveradi. Lekin men psixologlarni ham shifokorlar kabi o‘ta mas’uliyatli kasb egasi deb hisoblayman. Inson xayoti va taqdiri bilan o‘ynashib bo‘lmaydi.
Psixologlik qilayotganlarning bilim bazasi mukammal bo‘lishi kerak.
– Agar hududlar kesimida olib qaralsa, sizlarga qaysi viloyat yoki tumanlardan murojaatlar ko‘p bo‘ladi?
– Rivojlangan, hayot tezligi yuqori bo‘lgan joylardan murojaatlar ko‘p. Qishloqlarda o‘zaro mehr-oqibat, qo‘llab-quvvatlash bor. Yaqinlar birga yashashadi. Aslida bizning mentalitetimiz bo‘yicha psixologlarga ehtiyoj juda katta bo‘lmasligi kerak, chunki mehmondo‘st, bag‘ri keng, saxovatli, muruvvatli xalqmiz. Ammo ming afsuski...
Shahar joylarida hayot boshqacha. Hamma shoshgan. yelib-yugurgan, nega, qayerga, nima uchunligi haqida, hatto ba’zida tin olib, fikr yuritishga, to‘xtashga vaqt yo‘q. Toshkan – hamma ishga shoshgan. Oddiy ishlatadigan qo‘l telefoni kun davomida ishlab, quvvati tugagach to‘ldiramiz. Biz, insonlar-chi, kechqurun tunda uxlaymizmi?.. Yo‘q, qolib ketgan ishlarimiz, ishxonaning muammolari, ertaga qilinadigan yumushlar rejasi... Buning natijasida inson ruhiy quvvati kamayib, tana ham zaiflashib boraveradi.
– «Psix-bolnitsa», ya’ni ruhiy kasalliklar shifoxonasi vrachlari ham tibbiy psixologlar deyiladimi?
– Psix-bolnitsalardagi mutaxassislar psixiatrlar deyiladi. Ularni psixologlar deb bo‘lmaydi. Bu mutaxassislar ruhiyatida chuqurroq o‘zgarishi bor bemorlar bilan ishlashadi. Psixiatrlar ham ayrim turdagi, masalan, qaramliklar, chuqur depressiya holatidagi bemorlar borasida tibbiy psixologlar bilan hamkorlikda ishlashsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ozodlikdagi ruhiy bemor uchun javobgar bormi?
– Xabaringiz bor, shu yil bir ayol o‘zining bolasini hayvonot bog‘idagi ayiq saqlanadigan joyga tashlab yubordi. Yaqinda esa boshqa ayol bog‘chaga borib, go‘daklar bor-yo‘qligi, shuningdek, maktablar bilan qiziqqan. Ularning ruhiy bemorligi ayon bo‘ldi. Bundaylarni «ochiq», emin-erkin qo‘yish jamiyat uchun xavfli-ku? Mazkur bemorlarni to‘la-to‘kis davolab bo‘ladimi? Ularning o‘zini tutishi uchun sohangiz mutaxassislari javobgarmi aslida?
– Ha, bu kabi xabarlar hammani hushyor torttirdi. Albatta, ruhiy nosog‘lom insonlar yonimizda ekanligi juda xatarli. Bunday bemorlarni davolasa bo‘ladi. Siz aytgandek, bizning soha mutaxassislari javobgar.
Ularni davolab va doimiy psixoreabilitatsiya ham qilib turish maqsadga muvofiq. Shu o‘rinda, balki ayol kishi bo‘lganim uchundir, mazkur holat oqibat deb qaralsa, kelib chiqish sabablarini o‘rganish kerak, deb hisoblayman. Agar bu ayollarga o‘z vaqtida to‘g‘ri yordam ko‘rsatilsa, ular ham o‘zini qadrlab, vaqtida muolajalarni olishsa, vaziyat bunchalikka bormas edi balki... Ayol tabiatan jismonan zaif, ular bir kunda shu ahvolga tushib qolmaydi.
– Nima deb o‘ylaysiz, bugun odamlardagi psixomatik buzilishlarning asl sababi nimada: tirikchilik deb zir-zir yugurishmi, texnika tamaddunimi yoki ekologik muhitmi?
– Psixosomatik buzilishlar hammasini o‘z ichiga oladi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, tezlashgan hayot, «men sendan kam emasman» qabilida poyga tushishlar, yengil hayotga ko‘nikish... Qolaversa, jismoniy harakat kam, shuning uchun dori-darmonlarning reklamasi avjida, ekologik muhit buzilgan. Qisqacha aytganda, dil xotirjamligi – tan sihatligi. Ko‘ngil xotirjam bo‘lmas ekan, tanda sihat bo‘lmaydi.
– Xalq orasida «vos-vos», «jin chalishi» deb nomlanadigan kasalliklar ham uchraydi. Tibbiy psixologiya bunday bemorlarni davolashga qodirmi?
– Albatta, davolay oladi. Psixoterapevt, nevropatolog psixiatrlar birgalikda harakat qilishsa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. «Jin chalishi» degan xalq tilidagi yuzning qiyshayishi bilan kechuvchi holat oddiy yuz nervining yallig‘lanishi, falajlanishi ham bo‘lishi mumkin. Shomda shaytonning shoxi chiqadi degan ibora bor. Ya’ni bu vaqtda inson tanasida buyrak usti bezlari eng faol ishlaydi, qonda adrenalin va noradrenalin miqdori ko‘payadi. Shu bois bu paytda qo‘rquvga moyillik bo‘ladi. Qattiq qo‘rquv natijasida kelib chiqadi. Mazkur holatda nevropatolog va tibbiy psixolog birgalikda davolaydi. Vos-vos kasalligi yuqorida aytib o‘tilgan nevrotik buzilishlar, vahima xurujlaridir. So‘nggi vaqtlarda bunday holatlar juda ko‘paygan. Albatta ish faoliyatim mobaynida vahima xurujlaridan qutulib, sog‘ayib ketgan bemorlar ko‘p bo‘lgan.
– Odamlarning o‘zini risoladagidek tutishi, bo‘lar-bo‘lmasga asabiylashmasligi, kayfiyati doimiy a’lo yurishi uchun o‘zingizning boshqa manbalarda uchramagan qanday maslahat va tavsiyalaringizni berasiz?
– Ulug‘ faylasuflardan biri «O‘zingni angla va o‘zingni kashf et» degan ekan. Ya’ni, inson o‘zini anglasin, bir muammoga duch keldimi, bir oz to‘xtab, o‘zini taftish qilsin. Bu dard nega menga keldi, tabiatim qanaqa, qaysi kasb meniki, deb o‘ylasin. Stresslarga chidamliligi qanday, tanasi jismoniy yuklamani qay darajada ko‘taradi – shu kabi savollarga javob izlab ko‘rsin. Kimgadir o‘xshash, u kabi bir xil bo‘lishning keragi yo‘q. Siz alohida insonsiz. o‘z individual xususiyatlaringiz bor. O‘zingizni o‘rganing va imkoniyatlaringizdan foydalanib o‘zingizni kashf eting. Men yana shunday degan bo‘lardim: hayotda hamma narsa muvozanatni xohlaydi, jismoniy va ruhiy holatlarda muvozanatni ushlash, oltin o‘rtalikni saqlash, o‘tmish yoki kelajakda emas, hozir va shu yerda yashashni o‘rganish kerak.
– Tibbiy psixolog mutaxassisi bo‘lish uchun tibbiyot institutining davolash fakultetini tugatish, so‘ngra tibbiy psixologiya bo‘yicha 3 yillik magistraturada tahsil olish kerak ekan. Ancha uzoq jarayon. Shundan kelib chiqsak, O‘zbekiston miqyosida bu borada mutaxassislar yetishmasa kerak?
– Tibbiy psixologlar 3 yillik magistraturada, 2 yillik klinik ordinaturada o‘qigan bo‘lishlari lozim. Bu yo‘nalish bizda yaqin yillar ichida tashkil etilganligi bois haqiqatan, mutaxassislar juda kam. Tibbiy psixologlarni ko‘paytirish kerak, ular nafaqat psixosomatik kasalliklarga, balki barcha tor doiradagi shifokorlarning yonida ular bilan birgalikda bemorlarga yordam ko‘rsatishsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Men mutaxassislik olish uchun onkogematologiyada yurgan vaqtlarimda kuzatganman: bemor yoki yaqinlari qo‘yilgan tashxisni eshitib, og‘ir stressga tushadi. Har kuni ming marta o‘lib, ming marta tiriladi. Lekin soppa-sog‘ odamning peshanasiga yozilgan bo‘lsa, u baxtsiz hodisa tufayli ham o‘lib ketishi mumkin. Shuning uchun onkologiya, ginekologiya akusherligi sohalarida, qo‘yingki, tor mutaxassisliklarning har birida tibbiy psixologlarning bo‘lishi insonlar uchun katta ahamiyatga ega.
Qo‘rqinchli raqamlar, bloklangan kuch-quvvat
– Sizlarga murojaat qiluvchilar orasida erkaklar ko‘pmi yoki ayollarmi va nima uchun shunday?
– Ayollar ko‘proq. Chunki ular dardini aytib, yengillashadi, yig‘lashadi va osonroq tuzalishadi. Bizda bolaga yoshligidan «yig‘lama, o‘g‘il bola ko‘z yoshi to‘kmaydi» deb uqtiriladi. Holbuki, u ham odam, uning ham qalbi, ruhiyati bor, u ham ozor chekishi mumkin. Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi, deganlaridek, o‘z vaqtida murojaat qilmasligi, dardini yormasligi bois, erkaklarda qon bosimi va buning oqibatida og‘irroq holatlar kelib chiqadi. Men dard borasida erkak va ayolga ham birdek deb qarayman.
– Psixomatik buzilishlarning turi 700 dan ziyod ekan. Bu qo‘rqinchli raqam.
– Ha, qo‘rqinchli, biroq agar odamlar to‘g‘ri diagnostika qilinib, maxsus mutaxassis tanlab ishlansa, bu kasalliklardan tuzalib ketishning iloji bor. To‘g‘ri qo‘yilgan tashxis – 70 foiz davo degani. Psixosomatik buzilishlarning funksional yoki organik ekanligini aniqlab, eng avvalo, bemorda organik kasallikni istisno qilish kerak.
– Sizlarga kelayotgan bemorlarni yuz foiz davolaysizlarmi yoki tuzalmaydigan bemorlar ham bo‘ladimi?
– Bemorlarning yaxshi ko‘rgan savoli bor. Ular, 100 foiz yaxshi bo‘lishiga kafolat berasizmi, deyishadi. Biz, barcha shifokorlar qatori bemorimiz sog‘ayib shifo topsa, xursand bo‘lamiz, kasbimizdan faxrlanamiz. Bemorning tuzalishi uning o‘ziga ham bog‘liq. Ibn Sino bobomiz aytganlaridek, sen, men, kasallik – agar sen men tomonga o‘tsang, kasallikni albatta yengamiz.
Tuzalmaydigan bemorlar ham uchrab turadi.
– Sizni bir umrga cho‘chitgan bemor.
– O‘tgan yili bahor oylarida bir yosh er-xotin keldi. Eri siz yuqorida aytgan vos-vos kasalligiga chalingan ekan. Ahvoli juda og‘irlashgan edi. Muolajalarni boshladik, ammo u ikki kundan so‘ng kechqurun uyiga ketib qolib, o‘zini osib qo‘ydi. Bu menga juda qattiq ta’sir qilgan...
– Siz yaxshi mutaxassis hisoblanasiz. Doimiy izlanishdasiz. Faqat rostini ayting, so‘nggi marta qachon va nima uchun jahlingiz chiqib, jig‘ibiyron bo‘ldingiz? Aytmoqchimanki, tibbiy psixologlar ham jahl qiladimi?
– Insonning stresslarga javob hissiyotlari ham tabiatiga bog‘liq. Men tabiatan jahldor emasman. Shu bois jig‘ibiyron bo‘lganimni eslay olmayman. Faqat oxirgi – meni qattiq qayg‘uga solgan voqea, bunga 4 yildan oshdi – otamdan ayrilganimiz bo‘lgan. To‘g‘ri, o‘sha damda men yig‘lay olmadim. Lekin chuqur depressiyaga tushganimni keyinroq anglab yetdim.
Men o‘zim boshdan o‘tkazgan har bir hissiyotimni ishlab chiqdim. Guyoki ulg‘ayib qoldim. Bu menga katta saboq bo‘ldi. Bir yiqildimu, lekin yana oyoqqa turib ulg‘aydim, yuksaldim deb o‘ylayman.
Biz aqlimiz yordamida hissiyotlarimizni jilovlaymiz-bosamiz, natijada hayotiy kuch-quvvatimizni bloklaymiz. Surunkali charchoq, depressiya kelib chiqadi. Men bu kasbim orqali, avvalo, o‘zimni o‘rgandim, depressiyadan chiqdim. O‘zimdan o‘tkazganimdan so‘ng boshqalarni davolashni boshladim.
Barchaga eng yaxshi ko‘rganim – dil xotirjamligi, tan sihatligini tilab qolaman.
Anvar Namozov suhbatlashdi.
Guli To‘rayeva haqida:
1981 yil 5 yanvarda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida tug‘ilgan. 1998 yili tumandagi Aziz Haydarov nomli litsey-maktab internatni tamomlab, 2-ToshMI davolash fakultetiga o‘qishga kirgan. 2005 yili institutni tugatib, xususiy klinikada ish boshlagan. 2007 yildan Sharq tabobatini o‘rganishni boshlagan.
Davolash jarayonlarida insonni bir butun hisoblab, ya’ni aql, tana va ruhni birgalikda davolashga e’tibor qaratgan. Shu tarzda tibbiy psixologiyaga kirib kelgan. 2013 yili Nizomiy nomli pedagogika institutining psixologiya qayta tayyorlov kursida o‘qigan.
2018 – 2019 yillarda vrachlar malakasini oshirish institutida gematologiya mutaxassisligi bo‘yicha ham o‘qidi. Hozirgi kunda Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi «Gulomjon Neyro Servis» klinikasida psixoterapevt bo‘lib ishlaydi. Psixotahlilni tanaga yo‘naltirilgan psixoterapiya yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi