18:44 / 19.06.2022
1 158

Hayotiy hikoya: giyohvand modda uchun otasini o‘ldirgan yigitning nadomatlari

Hayotiy hikoya: giyohvand modda uchun otasini o‘ldirgan yigitning nadomatlari
Dunyoda ota va onadan aziz inson yo‘q. Ammo giyohvandlik balosiga yo‘liqib, ularni xorlayotganlar va azob berayotganlar, afsuski, topiladi. Xumori tutganda ota-onasini o‘ldirish darajasigacha borayotgan nashavandlar ham bor. Quyida ana shunday ayanchli hodisa haqida hikoya qilinadi.

Tog‘li uzoq tumanga to‘yga aytishdi. Nahor oshida keldi-ketdini kuzatib, bemalol o‘tirdik. To‘y oxirlayotganda davraga yoshi qirqarga borgan, sochlari oqarib ketgan bir kishi kirib keldi. To‘y sohiblari negadir unga iltifot ko‘rsatishmadi. U bo‘sh stollardan biriga borib o‘tirdi va oldiga qo‘yilgan oshni indamay yeb, davradan chiqib ketdi. Yigitga hech iltifot ko‘rsatmagani meni hayron qoldirdi.

Taajjubimni ko‘rib, yonimizda o‘tirgan mezbonlardan biri gap ochdi:

— Hayron qolyapsizmi? U shunga loyiq.

Mezbonning aytishicha, bir paytlar yigit giyohvand moddalarga mukkasidan ketgan. Oqibatda otasini o‘ldirib, uzoq yil «o‘tirib» kelgan. Qamoqdan chiqib kelgandan buyon qishloq ahli uni yoqtirmas, ma’rakalariga chaqirmas, yigitning o‘zi bir chetdan kelib qatnashib ketarkan.

To‘y tugagach, mezbonlardan yigitning manzilini so‘rasam, ular ajablanishdi. Yigit bilan suhbatlashmoqchi ekanimni aytgandim, istar-istamas manzilni berishdi. Ma’lum bo‘lishicha, u qamoqdan chiqib kelgach, qishloq chetidagi tashlandiq hovlida yashayotgan ekan.

Hovlini topib borganimda tomi loysuvoq, devorlari somonsuvoq holda qolib ketgan uy qarshisidan chiqdim. Chaqirganimda hech kim javob bermagach darchani ochib ichkariga kirdim.

Hovliga ancha tartib berilgan, bir tomonda turli ekinlar, yana bir tomonda so‘ritokka ko‘tarilgan uzum bor edi. Birozdan so‘ng yigit chiqib keldi va meni ko‘rib hayron bo‘ldi.

Yigitni gapirtirish oson bo‘lmadi. Ammo kimlardir o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarishi va giyohvandlik balosining domiga ilinmasligi uning uchun boshidan o‘tkazganlari haqida yozishim kerakligini tushuntirganimdan so‘ng u gap boshladi:

«Oilada ikki o‘g‘il edik. O‘quvchiligimda to‘polonchiroq bola edim. 7–8-sinflarga o‘tganda sigaret chekishni boshladim. Otam uncha qattiqqo‘l emasdi, shunday bo‘lsa-da, chekishimni undan yashirib yurganman. Akam sezib qolib meni chekishdan qaytarmoqchi bo‘ldi, ammo undan bir necha marta kaltak yesam ham chekishni tashlamadim.

Otamning bozorda kiyim-kechak bilan savdo qiluvchi do‘koni bor edi. Akam bilan unga yordam berardik. Oilamizning daromadi yaxshi edi.

Maktabni bitirganimdan keyin otamning yordami bilan alohida do‘kon qildim. Oilamizda har kimning foydasi o‘ziga degan yozilmagan qoida amal qilardi. Men o‘zim ishlab topgan puldan oila budjetiga bermasdim. Keyinchalik yomon yo‘lga kirib ketishimga qisman shu holat sabab bo‘lganmikan, deb o‘ylab qolaman.

Bozorda savdo yaxshi edi. Cho‘ntagimda doim dastalab pul bilan yurardim. Do‘stlar bilan choyxonalarda yig‘ilishib qolganimizda xarajatning katta qismini saxiylik bilan ko‘tarardim. O‘shanda onam nimagadir pul so‘raganda «ana, otamdan oling, mening kassam alohida» deb javob bergan noqobil o‘g‘il, do‘stlar bilan yig‘ilganda pullarni ayamasdan ishlatardim.

Do‘stlar bilan yig‘ilishlardan birida ulardan biri qog‘ozga qandaydir o‘tni o‘ray boshladi. Xayolimdan bu giyohvand modda degan o‘y o‘tdi. So‘ng uni cheka boshlashdi. Navbat menga kelganda «ol, sigaretdan sal farq qiladi», deyishdi. Bir-ikki marta tortdim.

Oradan biroz o‘tib tashqi olam ko‘zimga boshqacha ko‘rina boshladi. Chanqab salqin ichimlik ichmoqchi bo‘lib dasturxonga qarasam oldimda stakan emas, katta shisha bochka turgandi. Qolgani esimda yo‘q...

Shu-shu, do‘stlar bilan yig‘ilishimiz «dori»siz o‘tmaydigan bo‘ldi. Keyingilari kuchli emas ekanmi yoki chekaverib ancha «tajriba» orttirdimmi, birinchi chekkanimda sodir bo‘lgan holat qayta takrorlanmadi. Faqat kayfiyatni biroz ko‘tarardi xolos.

Bu haqda do‘stlarimga gapirgandim, agar pulidan qochmasam «dori»ning boshqachasi borligini aytib qolishdi. Keyingi gal o‘tirishimizda o‘shandan topib kelishlarini aytishdi.

Shu tariqa avval qoradori, keyin u ham xumorni bosmay qo‘ygach geroin iste’mol qilishga o‘tdim.

«Gera» qoradoridan ancha qimmat edi. Giyohvand bo‘lib qolganimdan so‘ng do‘kondagi savdoga ham uncha qiziqmay qo‘ydim va foyda kundan kun kamayib ketaverdi. Shu sababli «ta’minotchi»dan qarz bo‘la boshladim.

Uydagilar avvaliga hech narsani sezishmadi. Sezishganda men ashaddiy giyohvandga aylanib bo‘lgan edim. Otam va akam nasihat qilishdi, urishishdi, nafi bo‘lmadi. «Lomka» qo‘zib qolganida ko‘zimga hech narsa ko‘rinmas va bunday paytda bir necha gramm geroin uchun men har narsaga tayyor edim.

Shu tariqa, oilamdagilar uchun haqiqiy boshog‘riqqa aylandim. Otam va akam bir necha marta meni davolatmoqchi bo‘lishdi. U yoqda do‘xtirlar «dori» bermasligini o‘ylab men ko‘nmasdim.

Bora-bora «ta’minotchi»dan bo‘lgan qarzim oshib boraverdi. Shundan so‘ng do‘konimni ham sotib «chekib» yubordim. Otam va akam holimni ko‘rib chiday olishmadi. Bir kuni ular xonamga kirib kelishdi va o‘zimni o‘nglashga ulgurmasimdan qo‘l-oyog‘imni chandib bog‘lab tashlashdi.

Otamga kimdir «ma’lum bir vaqt chidasa, keyin qonidan giyohvand moddaning ta’siri chiqib ketadi va shunda tuzaladi», debdi. Otam meni bog‘lab qo‘yib davolamoqchi bo‘ldi.

Qo‘l-oyog‘im bog‘langan holda, chorasiz yotar ekanman, «lomka» qo‘ziganda a’zoyi badanim qaqshab og‘rir, bunga chiday olmay dodlab baqirar edim. Shunday paytlarda nolishlarimga chiday olmagan onam kelib oldimda o‘tirib yig‘lar edi.

Onam oldimda o‘tirganida meni arqondan bo‘shatishini so‘rab yig‘lardim. U bir marta meni arqondan bo‘shatib yubormoqchi bo‘lganida otam qattiq urishib berdi. «O‘g‘lingni yo‘qotmoqchi bo‘lsang, uni bo‘shatib yubor. Tirik qolishini va sog‘ayishini xohlasang, tegma», degani esimda.

O‘sha mash’um kunda tanamdagi qaqshoq tufayli ovozim chiqmay yotar ekanman, oldimga otam kirdi. U hayotimni asrab qolish uchun shu ishga majbur bo‘lganini aytib, hatto uzr so‘radi.

«Boshqa ilojim yo‘q. Ertaga o‘zing ham oila qurib, bola-chaqali bo‘lsang ana o‘shanda ota-ona farzandi uchun har qanday ishga tayyor bo‘lishini tushunib yetasan», dedi otam.

Otam menga umid bilan nasihat qilar ekan, o‘sha tobda unga o‘zimni tuzalganday tutsam balki arqonni yechar degan o‘y keldi. Shundan so‘ng otamga ancha o‘zimga kelganimni, tanamdagi og‘riqlar yo‘qolganini aytdim va meni arqondan bo‘shatishini so‘radim. U menga ishonmay turganini ko‘rib, tuzalganim to‘g‘risida yolg‘ondan qasam ichib yubordim.

«Aldayotgan bo‘lsam Xudo ursin» degan gapimga otam bechora ishondi. U qo‘limni yechib qo‘ydi. Oyog‘imdagi arqonni yechdim va eshikka qarab mo‘ljal ola boshladim. Maqsadim nima bo‘lsa ham uydan qochib chiqish va «dori» topish edi. Otam ko‘zimga qaradi va aldaganimni bildi.

Xonadan qochib chiqib o‘zimni hovliga urdim. Zaiflashib qolganim uchun uzoqqa qocha olmadim, otam yetib oldi. U ortimdan quvayotganida arqonni olishga ham ulgurgan ekan.

Otam bir qo‘lda meni mahkam ushlab, ikkinchi qo‘li bilan qayta bog‘lashga urinardi. Tinimsiz tipirchilasam ham otamning qo‘lidan chiqib keta olmasdim.

Shu payt deraza tokchasida turgan pichoqqa ko‘zim tushdi va u menga najot bo‘lib ko‘rindi. Jon-jahdim bilan o‘zimni deraza tomonga otdim va pichoqni olib otamning duch kelgan joylariga bir necha bor sanchdim. Oyoq osti qip-qizil qon bo‘ldi. Otam yiqildi va gapirishga ham ulgurmay jon berdi.

Dahshatli ish qilganimni anglab turgan bo‘lsam ham, o‘sha paytda menda tezroq geroin topib iste’mol qilish vahmi kuchli edi. Ammo otamning jasadini shundoq tashlab ketsam meni osongina topib olishlari va yana «dori»dan ayirishlari mumkin edi. Shu uchun hamma yoqni tozalab keyin chiqib ketishni xohladim.

O‘sha kuni uyimizda hech kim yo‘q edi. Avval hovlining ko‘zdan panaroq joyidan chuqur qazib otamni ko‘mdim. So‘ng oyoq ostidagi qonni yuvib tashladim. Undan keyin uyga kirib bor pullarni oldim va ko‘chaga chiqib ketdim.

Uydan chiqqach to‘g‘ri «ta’minotchi»ning oldiga bordim va undan «dori» olib xumorim bosilguncha chekdim. Keyin yonimdagi pulning hammasiga geroin sotib oldim.

Chekilgan geroin ta’sirida ko‘chada ketib borar ekanman, yonimga bir mashina kelib to‘xtadi va undan IIB xodimlari tushib kelishdi. Shu payt xayolimdan otamni o‘ldirganimni shuncha tez aniqlashdimi, degan o‘y o‘tdi.

IIB xodimlari mendan ism-sharifim va qayerda turishimni so‘rashgach, shunchaki ularning ko‘ziga shubhali shaxs bo‘lib ko‘ringanimni bildim. Ozib qilday bo‘lib qolganim va bejo boqayotgan ko‘zlarim ularni battar shubhalantirdi. Ular shaxsimni aniqlash uchun bo‘limga borishimiz kerakligini aytishdi.

Bo‘limga olib borib tekshirishganda cho‘ntagimdan biroz avval sotib olganim, geroin chiqdi. Shundan so‘ng hibsga olindim. Dastlabki tergovda «gera»ni kimdan olganimni aytdim, «ta’minotchi»ni olib kelib yuzlashtirishdi.

Hibsda turganimda tanam qaqshab og‘riganiga chidab turolmasdim. Ammo chidashga majbur edim. Tergov boshlangandan keyin bir necha kun o‘tsa ham mendan otam haqida so‘rashmadi. Demak, otamni o‘ldirganimni hech kim bilmaydi.

Meni ushlashganiga 20 kun bo‘lgach, tergovchi meni so‘rab tuman IIBga barcha kelganini, ammo otam kelmaganini aytdi. Uning «otangizni oxirgi marta qachon ko‘rgandingiz?» degan savoliga jo‘yali javob bera olmadim.

Shundan so‘ng u otam yo‘qolganini va bir kun avval akamning arizasiga muvofiq unga qidiruv e’lon qilinganini aytdi. Shu payt bexosdan otamni o‘ldirganimni aytib yubordim.

Shundan so‘ng tergovchiga o‘sha kuni sodir bo‘lgan hodisalarni aytib berdim. Qo‘limda kishan bilan uyimizga olib borishdi. Tergovchilarga otam ko‘milgan joyni ko‘rsatdim. Otamni o‘ldirganimni bilib, onamning mazasi qochib qoldi.

O‘zim esa o‘sha holatda geroin chekish xumori bilan yurganim uchun, qilgan ishimning dahshatli jinoyat ekanini, buning jazosini nafaqat bu dunyoda, oxiratda ham olishimni hali anglab yetganim yo‘q edi.

Shu tariqa, menga Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bilan ayb qo‘yildi va uzoq muddatga qamaldim. Qamoqda boshqa mahkumlar meni otamning qotili ekanimni bilib yomon munosabatda bo‘lishgani – bu alohida tarix.

Qamoqda qariyb 15 yil o‘tirdim. 22 yoshimda qamalib, 37 yoshimda ozodlikka chiqdim. Boradigan boshqa joyim yo‘qligi uchun qishloqqa qaytib keldim. Ota hovlimda, mushtipar onamning va boshqa yaqinlarimning ko‘ziga tik qarab yashay olmasdim. Shu uchun mana shu tashlandiq hovliga kelib joylashdim.

Qishloqdoshlarimning muomalasini ko‘rdingiz, men ulardan xafa emasman. O‘shanday munosabatga loyiqman. Qamoqda o‘tirganimdayoq tavba qilganman, ammo tavbam qabul bo‘ladimi yo‘qmi, bilmayman.

Yoshlardan men qilgan xatoni takrorlamasliklarini so‘rayman. Giyohvandlik balosi insonni eng tuban darajaga tushirib, hayotini barbod qiladi. «U yoq»ni ko‘rib keldim, ne-ne yigitlar menga o‘xshab bu zahri qotilni iste’mol qilishga ruju qo‘yib, gulday umrini panjara ortida o‘tkazyapti.

Men ota-onamning xizmatini qilib, keksayganida ularga tirgak bo‘lish o‘rniga birining qotili, ikkinchisiga oq bo‘ldim. Mening gunohimni hech narsa bilan yuvib bo‘lmaydi.

Insonga umr bir marta beriladi. Shunday ekan, hayotning qadriga yetib, umrni faqat va faqat savob ishlarga hamda yaxshiliklarga sarflab o‘tkazish kerak. Aks holda hayotlarini menday barbod qilib qo‘yishlari mumkin. Shu gaplarimni yoshlarga yetkazing».

Suhbatimiz oxirida yigit yig‘lab yubordi. Uni o‘z holiga qo‘yib, o‘rnimdan qo‘zg‘aldim.

G‘ayrat Yo‘ldosh.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hayotiy hikoya: giyohvand modda uchun otasini o‘ldirgan yigitning nadomatlari