date

Ziroat Mirziyoyeva dunyodagi eng nufuzli 100 ayol orasiga kirdi

Ziroat Mirziyoyeva dunyodagi eng nufuzli 100 ayol orasiga kirdi

Jahon miqyosida saraton kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha yetakchi tashabbuslarni birlashtirgan xalqaro OncoDaily platformasi “Onkologiya sohasidagi eng nufuzli 100 nafar ayol” reytingini e’lon qildi. Bu ro‘yxatga tibbiyot, fan, siyosat va jamoatchilik faoliyati orqali global sog‘liqni saqlash siyosatini shakllantirayotgan eng ta’sirli ayollar kiritilgan. Ushbu nufuzli ro‘yxatda O‘zbekiston Birinchi xonimi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyevaning nomi ham munosib o‘rin oldi.

Ekspertlar Ziroat Mirziyoyevaning bolalar onkologiyasi sohasidagi tashabbuslarini, kasalliklarni erta aniqlash, zamonaviy davolash usullarini joriy etish hamda og‘ir kasallikka chalingan bolalarning yashovchanlik darajasini oshirish borasidagi ishini yuqori baholadi. Uning sa’y-harakatlari nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda onkologik kasalliklarga qarshi samarali hamkorlik tizimini rivojlantirishga xizmat qilmoqda, deb ta’kidlandi reyting izohida.

OncoDaily ma’lumotlariga ko‘ra, Ziroat Mirziyoyeva 2025-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (VOZ) va amerikalik St. Jude tadqiqot shifoxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Saraton va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish” mavzusidagi xalqaro forumga hamraislik qilgan. U mazkur minbardan turib jahon hamjamiyatini bolalar onkologiyasida tezkor va qat’iy choralar ko‘rishga chaqirgan.

Birinchi xonimning faoliyatida asosiy e’tibor — tibbiy yordamdan teng foydalanish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan. U ayniqsa yashovchanlik ko‘rsatkichi past bo‘lgan mamlakatlarda bolalarni saraton kasalligiga qarshi samarali davolash imkoniyatini oshirishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishi qilib belgilagan. Ziroat Mirziyoyevaning tashabbuslari natijasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida 2030-yilgacha bolalarda saratonga qarshi kurashda yashovchanlik darajasini 60 foizga yetkazish bo‘yicha milliy strategiya xalqaro maqsadlar bilan uyg‘unlashtirildi.

Tahlilchilar fikricha, uning xalqaro reytingga kiritilishi — bu shaxsiy sa’y-harakatlar bilan bir qatorda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sog‘liqni saqlash islohotlarining samaradorligiga berilayotgan yuqori bahodir.

Ziroat Mirziyoyevaning tashabbuslari orqali O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro hamjamiyat bilan teng hamkor sifatida tanila boshladi. Uning rahbarligida “Zamin” fondi bolalar onkologiyasi, reabilitatsiya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohalarida amaliy loyihalarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi profilaktika ishlari, tibbiy madaniyatni oshirish va aholining sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirilgan davlat dasturlariga kuchli turtki berildi.

Shunday qilib, Ziroat Mirziyoyevaning dunyodagi eng nufuzli ayollar qatorida e’tirof etilishi — bu nafaqat shaxsiy yutuq, balki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan insonparvar, hayotni asrashga qaratilgan siyosatning xalqaro maydondagi yuksak e’tirofidir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ziroat Mirziyoyeva dunyodagi eng nufuzli 100 ayol orasiga kirdi