
AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyda o‘tkazilgan C5+1 formatidagi yuqori darajadagi sammitni “AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ajoyib yangi munosabatlarning boshlanishi” deb atadi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bayonot berdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, sammitda Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston rahbari Emomali Rahmon, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston yetakchisi Serdar Berdimuhamedov ishtirok etgan. Tramp ularni “Markaziy Osiyoning yangi avlodi yetakchilari” deb ta’rifladi va ular bilan Oq uyda uchrashish sharafiga muyassar bo‘lganini ta’kidladi.
“So‘nggi o‘ttiz yil davomida Amerika rahbarlari ushbu mintaqani yetarlicha e’tiborda ushlamagan. Ammo endi vaziyat o‘zgarmoqda. Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqning chorrahasida joylashgan, boy mineral zaxiralar, energiya manbalari va iste’dodli inson kapitaliga ega bo‘lgan bu mintaqada AQSH o‘zining muhim va ishonchli hamkorini topdi”, — deb yozdi Donald Tramp.
Sammit doirasida AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘l, avtomobilsozlik, IT va muhim minerallar sohalarida hamkorlikni mustahkamlovchi ko‘p milliard dollarlik tijorat shartnomalarini imzolagan. Trampning ta’kidlashicha, bu kelishuvlar nafaqat mintaqada, balki AQSHning o‘zida ham o‘n minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Amerika rahbari o‘z bayonotida mazkur sammit Markaziy Osiyo bilan munosabatlarda yangi geosiyosiy bosqichni boshlaganini qayd etdi. Uning fikricha, endilikda mintaqa mamlakatlari xalqaro savdo, investitsiya va xavfsizlik sohasida AQSH bilan hamkorlikni kengaytirish orqali yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Oq uy manbalari ham sammitni “C5+1 formatidagi eng samarali muloqotlardan biri” sifatida baholab, kelishuvlar amalga oshishi Markaziy Osiyoda iqtisodiy barqarorlik va infratuzilmaviy rivojlanishga turtki bo‘lishini ta’kidladi.
Tahlilchilar fikricha, bu sammit nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etdi — u Vashingtonning Markaziy Osiyoga nisbatan yangi strategiyasini boshlab berdi. Trampning bayonoti ham bu fikrni tasdiqlamoqda: “Amerika endi bu mintaqadagi hamkorlikni faqat siyosiy emas, balki iqtisodiy rivojlanishning asosiy dvigateli sifatida ko‘radi”, — deydi u.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!