22:25 / 10.07.2022
2 303

Qancha boyligingiz bo‘lsa qurbonlik qilishingiz kerak?

Qancha boyligingiz bo‘lsa qurbonlik qilishingiz kerak?
Musulmonlarning bayramlaridan bo‘lgan Qurbon hayiti munosabati bilan dinimiz ahkomlariga ko‘ra qancha boylikka ega bo‘lgan kishi qurbonlik qilishi kerak degan mavzu o‘rtaga chiqadi. Buni bilish o‘zimiz va yaqinlarimiz uchun foydadan xoli bo‘lmaydi. Balki qurbonlik qilishimiz vojib bo‘lib, buni bilmay yurgandirmiz?

Aql-hushi joyida, balog‘atga yetgan, muqim, zakot yoki mulkida hojati asliyasidan ortiqcha 85 gr tilla yoki 596 gr kumush qiymatiga teng narsasi bor kishilarga qurbonlik vojib bo‘ladi.

Islom fiqhiga ko‘ra qurbonlik vojib bo‘lishi uchun zakot nisoblaridan foydalaniladi. Ammo, zakot to‘lamaydigan ba’zi insonlar ham qurbonlik qilishlari vojib bo‘ladi. Zakot berish, olish, qurbonlik qilish bo‘yicha 3 xil nisob mavjud:

• Zakot berish vojib bo‘lgan nisob;
• Zakot olmaslik uchun belgilanadigan, shuningdek, fitr sadaqasini berishni va qurbonlikni vojib qiluvchi nisob;
• Tilanishni harom qiladigan nisob.

Birinchi nisobni belgilashda asliy ehtiyojdan tashqari o‘sib turuvchi mol-mulklar hisoblanadi. Masalan, tilla, kumush, naqd pullar, tijorat mollari va zakoti berilishi shariatda belgilangan chorva hayvonlari shular jumlasidandir.

Ikkinchi nisobni belgilashda esa o‘suvchi mollar ham, o‘suvchi bo‘lmagan mollar ham hisob qilinadi. O‘sib turuvchi mollar yuqorida aytib o‘tildi. O‘sib turmaydigan mollar esa tijorat maqsadida emas, balki farzandlar uchun sotib olingan bo‘sh yerlar, ijaraga berilmay bo‘sh turgan uylar, o‘g‘il-qizga berish maqsadida olib qo‘yilgan, lekin hali ularga mulk qilib berilmagan sep-sidirg‘alar (agar ularga mulk qilib berilgan bo‘lsa, olgan o‘g‘il-qizning nisobi doirasida hisoblanadi), hech qachon istemol qilinmaydigan suvenir va idishlar, shuningdek, televizor kabi ashyolar ham asliy ehtiyojdan tashqari mol sanaladi.

Shuningdek, bir kishining yashab turgan uyida umuman foydalanmayotgan xonasi bo‘lsa va uning qiymati nisobiga yetgan bo‘lsa, mazkur xona ham asliy ehtiyojdan tashqari deb e’tiborga olinadi. Bu narslar zakot berishda hisobga olinmasada, zakot olishda hisoblanadi. Kimning asliy ehtiyojidan tashqari yuqorida zikr qilingan narsalari bor bo‘lib, qiymati nisobiga yetgan bo‘lsa, bunday kishilarga zakot olish joiz bo‘lmaydi, lekin qurbonlik qilish va fitr sadaqa berishi vojib bo‘ladi. Birinchi nisobni bilish zakot beruvchilar uchun zarurdir.

Ikkinchi nisobni bilish esa beruvchiga (o‘z o‘rniga berish uchun) ham oluvchiga ham zarurdir, chunki ikkinchi nisobda ham ko‘p hukmlar bor. Masalan, bunday kishilarga fitr sadaqasini berish, qurbonlik qilish vojib bo‘ladi, ular sadaqa olmasligi (hadiya bo‘lsa joiz) nazr qilingan go‘shtni yemasligi, nazr qilingan narsalarni olmasligi kerak bo‘ladi.

Uchinchi nisob esa bir kunlik yeguligi bo‘la turib, tilanchilik qilishi harom bo‘lgan nisob.

Nisobdan deb hisoblanmaydigan narsalarga hojati asliya deyiladi. Oziq-ovqat, kiyadigan uch sidra kiyimi, yashash joyi, minib turgan ulovi, hunarmandlarning asbob-anjomi yoki zavod-fabrikasidagi stanoklari hojati asliyaga kiradi. Yashab turgan hovlisidan boshqa pulni band qilish uchun sotib olingan uy, ulov, tijorat mollarining barchasi hojati asliyadan tashqari hisoblanadi. Ulardan tashqari hamma narsaning qiymati hisoblanadi. Nisobga yetsa, kishi uchun qurbonlik vojib bo‘ladi. Shuningdek, nisobga ega bo‘lganiga bir yil to‘lishi ham shart emas.

Ayollar uchun taqinchoq, suvenir va boshqa mollarining qiymati nisobga yetgan bo‘lsa ularning zimmasiga ham qurbonlik vojib bo‘ladi. Ular o‘z pullaridan qurbonlik qilishadi. Agar ayolning naqd puli bo‘lmasa, u eri yoki boshqa yaqinidan olib yoki taqinchoqlaridan sotib, qurbonlikni ado etadi. Er ayolining ijozati bilan uning nomidan qurbonlik qilishi mumkin. Agar er ayolidan ijozat olmay yoki uni xabardor qilmay jonliq so‘yib yuborsa, ayolning qurbonligi ado bo‘lmaydi. «Fatavoyi Olamgiriya»da «Kishining zimmasiga balog‘atga yetgan farzandlari va ayoli nomidan qurbonlik qilishi vojib emas. Lekin ular ijozat berishsa joiz», deyilgan.

Qurbonlik go‘shtini faqat faqirlarga berish shart emas, o‘zi va o‘ziga to‘q boshqa insonlar ham birdek iste’mol qilishlari mumkin.

Nisob egasining qurbonlik kunlari jonivor sotib olishga naqd puli bo‘lmasa, qarz olib qurbonlik qilishi vojib. Bir kishi bir nechta qurbonlik qilsa, ulardan bittasi vojib, qolganlari esa nafl qurbonlik bo‘ladi.

Uchta yoki to‘rtta o‘g‘li bor, ular bilan birgalikda tijorat qiluvchi va ro‘zg‘ori, turar joyi umumiy kishining tijoratdagi asl mol o‘ziniki, farzandlari esa unga yordamchi bo‘lsa, bunday holatda otaning qurbonlik qilishi vojib. Farzandlardan esa qurbonlik soqit bo‘ladi. Agar farzandlarining moli nisobga yetsa, ularning zimmasiga ham qurbonlik vojib bo‘ladi.

Abdulmannon Abdullohning “Zakot kitobi”
ma’lumotlari asosida tayyorlandi


“Zakot kitobi” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha ko‘mitaning 2021 yil 3 iyuldagi 03-07/4255 hamda 2022 yil 13 yanvardagi 03-07/208 raqamli xulosalari asosida chop etilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qancha boyligingiz bo‘lsa qurbonlik qilishingiz kerak?