21:20 / 11.07.2022
1 815

Plastik kartadagi pullarni bankomat orqali naqdlashtirish uchun komissiya narxi oshirilmoqdami?

Plastik kartadagi pullarni bankomat orqali naqdlashtirish uchun komissiya narxi oshirilmoqdami?
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi banklardan biri tajriba tariqasida bankomatdan yirik miqdorda naqd yechish uchun 1,5 foizdan 3 foizgacha komissiya o‘rnatgani haqidagi xabar tarqaldi. Iqtisodchilar va boshqa soha vakillarining ayrimlari bu to‘g‘ri qaror ekani haqida yozsa, aksariyat faollar mazkur harakat xalqni ochiqdan-ochiq talash ekanini aytmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Telegram’dagi kanalida banklardan biri tajriba tariqasida bankomatdan yirik miqdorda naqd yechish uchun 1,5 foizdan 3 foizgacha komissiya o‘rnatganiga guvoh bo‘lganini yozdi.

- "Bugun banklardan birining tajriba tariqasida bankomatlar orqali yirik miqdorda naqd yechish uchun 1,5 foizdan 3 foizgacha komissiya o‘rnatganiga ko‘zim tushdi. Bir milliongacha naqd yechish uchun komissiya avvalgidek o‘zgarishsiz qolgan - 1 foiz. Ko‘p guvoh bo‘layotganimizdek, odatda «barigalar» (tijoriy maqsadlarda naqd puldan foydalanuvchilar) katta miqdordagi naqdlikni yechib ketishadi, pensioner/ budjetniklarga naqd pul qolmaydi. Ya’ni naqd pulga nisbatan iste’mol xaridi uchun talabgorlarning talabi qondirilmay qoladi.

Bankomatlardan chiqimlarning tarkibini ko‘rib, tahlil qilayotgan banklar bunga o‘zlari ishonch hosil qilishi mumkin. Bankomatga joylashtirilgan hajmi bo‘yicha 75-90 foiz naqdlikning yechilishi soni bo‘yicha 15-20 foiz tranzaksiya hissasiga to‘g‘ri keladi (hududlar va lokatsiyaga qarab). Tabiiyki, bozor va biznes qoidalariga ko‘ra, talab va taklifni muvozanatlash uchun katta miqdorda naqdlik yechish uchun yuqoriroq komissiyalar o‘rnatilishi iste’molchilar uchun ham, banklar uchun manfaatli qadam bo‘ladi. Jarayonning bunday yo‘lga qo‘yilishi naqd pulning tranzaksion tannarxi/xarajatlari va naqdlikka talab ancha baland bo‘lgan uzoq va chekka tumanlarda ayniqsa muhim
", – deb yozdi u.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov ham bankomatlarda naqdlashtirilayotgan pullar miqdoriga qarab komissiyani turlicha foizlar bilan belgilash tarafdori ekanini yozgan.

- "Banklarimiz bir kunda 1 million so‘mgacha bo‘lgan naqdlashtirilayotgan pullarga 1 foizlik komissiya, 1 million so‘mdan - 5 million so‘mgacha 3 foiz, 5-10 million so‘m oralig‘iga 5 foiz, 10 million so‘mdan ziyodiga 10 foizlik komissiya o‘rnatishi tarafdoriman. Naqd pulni ehtiyojiga yarasha ishlatadiganlargina arzon komissiyaga ega bo‘lishlari kerak", – deb yozadi u.

«Davletovuz» Telegram-kanali muallifi esa mazkur takliflarga qarama-qarshi fikr bildirdi.

- "Bir guruh bank va bankirlarga yaqin kanallarda bankomatlarda pul yechishda (ya’ni o‘z pulingizni yechishda) komissiya to‘lovi 3 foizgacha eksperiment tariqasida oshirilgani va buning to‘g‘ri ekanligi haqida postlar yozilmoqda. Go‘yoki 1 million so‘mgacha 1 foiz, qolganiga oshirilgan komissiya qo‘llanar emish. Bariga, bankomatlar ishlamasligi, naqd pul yo‘qligi — plastik karta egalarining muammosi emas. Bu bank tizimi rahbariyatining no‘noqligi muammosidir balki.

Bu ochiqdan-ochiq xalqni talashga intilish, noto‘g‘ri amaliyotni yana noto‘g‘ri amaliyot bilan xaspo‘shlashga urinishdan boshqa narsa emas. Go‘yoki O‘zbekiston banklari bozor munosabatlariga o‘tgan-u, hozir ma’muriy cheklovlardan qiynalib qolishyapti. Muammoni boshqa muammo bilan, xalqqa og‘irroq qilish bilan yechim izlamang. Kimga imkon berilsa, birinchi bo‘lib xalqqa o‘lpon solishni o‘ylaydi. Ikki raqamli inflyatsiya, yana o‘z pulingni tuya qilishlari talonchilikdir
", – deb yozadi muallif.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham bankomatdan naqd pul yechib olish uchun komissiya miqdori oshirilishiga qarshi ekanini yozdi.

Ayrim banklar tajriba tariqasida bankomatlar orqali yirik naqd yechish uchun 1,5 foizdan 3 foizgacha komissiya o‘rnatmoqda ekan. Bir milliongacha naqd yechish uchun komissiya avvalgidek o‘zgarishsiz qolgan – 1 foiz.Ushbu tashabbus naqd va naqdsiz pul o‘rtasida tafovutni yanada kuchaytirishi mumkin. Va o‘rtahol aholining ko‘pchiligi bundan norozi bo‘ladi.

Qoraqalpog‘istondagi voqealardan dars o‘laroq ayni vaqtda aholi noroziligini keltirib chiqaradigan harakatlardan tiyilgan ma’qul.Banklar esa rivojlangan dunyo banklari kabi foyda olishning boshqa yo‘llarini qidirmog‘i, masalan, o‘z xodimlari va ma’lum «kattakon»lar o‘rtasida taqsimlanadigan ko‘zbo‘yamachi imtiyozli kreditlarni berishni to‘xtatish ustida ishlaganlari ma’qul bizningcha. Biz va oddiy aholi aslida bu kabi imtiyozlardan kimlar ko‘proq foydalanayotganini yaxshi bilamiz», – deb yozdi deputat.

Muhokamalar davom eta boshlagach, Markaziy bank holatga rasmiy munosabat bildirdi. Regulyatorning qayd etishicha, bankomatlardan naqd pul yechish uchun komissiya to‘lovlari tijorat banklari tomonidan bankomatga xizmat ko‘rsatish xarajatlaridan kelib chiqib mustaqil belgilanadi.

Bugun, 2022 yilning 11 iyul kuni tushlikdan keyin, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim bankomatlardan naqd pul yechishda yechilayotgan naqd pul miqdoridan kelib chiqib 3 foizgacha komissiya to‘lovlari olinayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Markaziy bank ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

Birinchi navbatda, bayram kunlari munosabati bilan respublika hududidagi 9 500 dan ortiq bankomatlarning uzluksiz ishlashi va yetarli miqdorda naqd pullar bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan. Bankomatlardan naqd pul yechish uchun komissiya to‘lovlari tijorat banklari tomonidan bankomatga xizmat ko‘rsatish xarajatlaridan kelib chiqib mustaqil belgilanadi va bugungi kunda 1 foizdan oshmaydi. Ayrim tijorat banki tomonidan alohida bir bankomatda eksperiment tariqasida tabaqalashgan yuqori komissiya to‘lovi o‘rnatilgan bo‘lsa, erkin bozor sharoitida bu o‘zini oqlamaydi. Zero, boshqa bankomatlarda komissiya to‘lovi 1 foiz yoki undan past qilib belgilanganligi sababli iste’molchilar arzon xizmatidan foydalanishni afzal ko‘radi.

Hurmatli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, Sizdan ma’lumotlarni tarqatishda ularning haqiqiyligini hamda tizimdagi xizmatlar ko‘lamiga ta’sirini inobatga olishingizni so‘raymiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Plastik kartadagi pullarni bankomat orqali naqdlashtirish uchun komissiya narxi oshirilmoqdami?