00:13 / 23.07.2022
2 151

Zulm texnologiyasi: Muqaddima

Zulm texnologiyasi: Muqaddima
Yolg‘onning taxtdagi ming yil davroni
Haqiqat aytilgan bir damcha bo‘lmas.

Omon Matjon

Insoniyat tarixi – urushlar tarixidan iborat, degan fikr haqiqatdir. Ayni paytda odamlar bu urushlar oralig‘ida tinimsiz tinch yashash yo‘lini axtargani ham haqiqatdir. Asrlar davomida xalqlar, mamlakatlar va davlatlar hayoti jangu jadallardan, hech bo‘lmasa, ularga tayyorgarlikdan iborat bo‘lib keldi va hozir ham harbiy tayyorgarlik masalasi davlatlar strategiyasining oldingi qatoridan chekingan emas. «Yo sen o‘ldirasan, yo seni o‘ldirishadi», - asrlar davomida el-ulusning xayoli shu serg‘uluv fikr bilan batamom band bo‘lib keldi.

Butun tarix davomida davlatlar o‘ta harbiylashgan edi. Zamon o‘zgarar, ong o‘zgarmasdi. Qurollar takomillashar, tosh o‘rnini – nayza, kamonlar o‘rnini – pilta miltiqlar, miltiqlar o‘rnini – avtomatlar, avtomatlar o‘rnini – raketalar, bombalar egallardi... Fikr esa – o‘sha-o‘sha. Hokimiyat, bir tomondan, tashqi dushmanlari bilan, ikkinchi tomondan, urush tingan zahoti o‘z xalqi bilan kurashib yotardi. Shaxs erksiz edi. Taxt talashgan qo‘mondonlar to‘qigan aqida ham o‘zini oqlab keldi: «O‘z jangchisini boqmagan yurt begona yurtning askarini boqadi!» Ya’ni, uni bosib oladilar va talaydilar.

Ammo XX asrning o‘rtalaridan boshlab odamzod ongida ma’lum o‘zgarishlar yuz berdi. «Dushman»ga qo‘shib «do‘st»ni ham yo‘qotib yuboradigan ommaviy qirg‘in qurollari – yadroviy bombalarning paydo bo‘lishi natijasida jahon urushida ma’ni qolmadi. Yadro quroli ishlatiladigan urushda g‘olib ham, mag‘lub ham bo‘lmaydi – zaminning, tiriklikning o‘zi xavf ostida qoladi. Bundan tashqari, insoniyatning tor manfaatlarga o‘ralashib qolganligi, o‘z harakatining oqibatlarini, global jarayonlarni o‘ylamasligi natijasida uning boshiga qator ekologik, demografik, texnokratik kulfatlar yog‘ila boshladi. Kurramizdagi ekologik vaziyat vayronlasha boshladi.

Insonning nozik badanlarini kimyoviy urush qurollari emas, avtolarning tutunlari zimdan yemirmoqda, odamlarni jang maydonida tanklar emas, tinchgina uyida rak, SPID, yurak-tomir kasalliklari qirib yubormoqda. Jahon hamjamiyati oldida qator muammolar ko‘ndalang turibdi. O‘sib borayotgan aholi kurrai zaminning qayta tiklanmas boyliklarini yutib bormoqda Bu ketishda yer o‘z farzandlarini boqa olmay qolishi turgan gap. Qishloq xo‘jaligi va sanoat ishlab chiqarishining hamda ularning mahsulotini iste’mol etayotgan yer ahlining tinimsiz o‘sishi natijasida zamin toliqa boshladi, atrof-muhitning muvozanati buzildi.

Yutoqilik shu sur’atda davom etaversa, sayyoramizning ham, uning bir parchasi bo‘lgan odamzodning ham taqdiri katta xavf ostida qolishi aniq. Buning ustiga, fan va texnikaning ulkan taraqqiyotiga qaramasdan, insoniyat zilzila, vulqon, to‘fon kabi minglab odamlarning joniga jabr qilayotgan tabiat hodisalarining sababini ham, vaqtini ham tushuntirishga ojizligicha qolmoqda. Yaratganning qudrati oldida yaratilganlar abadiy loldirlar.

Hayotning o‘zi XX asr oxiriga kelib yaqin-yaqingacha jahon urushlarida bir-biriga g‘anim bo‘lishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarni, xalqlarni va davlatlarni murosa qilishga, qurolsizlanishga, to‘satdan hammaning oldida ko‘ndalang bo‘lgan dunyoviy demografik, ekologik, texnokratik muammolarni yechish uchun hamkorlik qilishga undamoqda.

Afsuski, XXI asr bo‘sag‘asida ham insoniyatning ma’naviy-ruhoniy o‘sishi uning ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojidan ortda qolmoqda. Kosmik kemalar yasab, fazolarda uchib yurgan odamzod hali-hanuz g‘iybatu hasaddan qutulolmadi, sahrolarni, daryolarni jilovlagan insoniyat o‘z g‘azabini jilovlay olmayotir. Yeyish-ichish, uchish-qo‘nish, so‘zlash-tinglash uchun zamonaviy texnikalarni yaratgan inson tafakkuri bir-birini qirish uchun ham eng zamonaviy asbob-uskunalar yasash bilan mashg‘ulu ovvoradir. Zim-ziyo Koinotda besh-olti milliard farzandini ortmoqlab kezib yurgan omonat zamin ommaviy qirg‘in qurollarga to‘ladir, yer o‘z qotillarni o‘z bag‘rida ko‘tarib yuribdi. Insoniyat onasining ko‘ksini emib turib, biqiniga pichoq tirayotgan noshukur go‘dakka o‘xshab ketadi.

Zamin - hammamizning yagona Vatanimiz, biz tug‘ilgan makon esa shu ulkan yerning ajralmas bir parchasidir. Uy-joy, tuproq, yer, toju taxt talashib yurgan kimsalar kattakon ho‘kizning yag‘rinida yoki dumg‘azasida turib, junlari orasidan qon so‘rishga joy talashayotgan burgalarni eslatadilar, poyonsiz ummonda cho‘kib borayotgan, hali zamon g‘arq bo‘ladigan kemani badtar chayqatib, darg‘alik mansabini talashayotganlarga o‘xshaydilar. Bugun chayqalib turgan zaminda har bir kishining, har bir xalqning manfaatlari butun insoniyatning manfaatlari, Koinotda insoniyatning yashab qolishi masalasi bilan chog‘ishgan holda qaralishi kerak.

«SSSR» nomi bilan ma’lum bo‘lgan «qizil saltanat» parchalandi, «sotsialistik» atalgan quldorlik va mustamlakachilik tuzumi quladi. Dunyoning 1917 yilda inqilobiy yo‘l bilan jahon taraqqiyotidan ajratilgan qismi yana tadrijiy rivojlanish izmiga tushmoqda. Mustaqil davlatlar barpo etildi, ularda mustaqil xalqlar kamol topmoqda, mustaqil shaxslar shakllanmoqda.

Ayni paytda insoniyat tarixiga, sotsialistik tuzum kechmishiga, shu jumladan, bu tuzum olib borgan urushlarga ham yangicha, jahoniy mezonlar bilan yondashmoq lozim. 1917 yilgi Oktabr to‘ntarishiga, «quloq»larga, taqvodorlarga, ziyolilarga qarshi o‘tkazilgan qirg‘inlarga, qatag‘onlarga, fuqarolar urushiga uncha-muncha xolis baho berildi. «Bosmachilik» atalgan kurash ham aslida milliy-ozodlik harakati bo‘lgani e’tirof etildi. Hattoki, yaqindagina kechgan (1979-1989) SSSRning afg‘on xalqiga qarshi urushiga ham adolat bilan qarashga o‘rgandik – u sinfiy fashizm saltanatining, sovet imperiyasining ozod afg‘on xalqini bosib olib, avtoritar sotsializmni o‘rnatish uchun olib borgan bosqinchiligi, millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga zid qirg‘ini ekani ochiq e’tirof etilmoqda. Hali bu sohalarda batafsil ilmiy-tarixiy izlanishlar olib boriladi, albatta.

Biroq 1939-1945 yillardagi Ikkinchi Jahon urushi haqidagi tasavvurlarimizni deyarli o‘zgartirgan emasmiz. Holbuki, davr juda ko‘p jumboqlarga oydinlik kiritdi, shu paytgacha maxfiy saqlangan hujjatlar oshkor qilinmoqda. Haqiqat hech kimga og‘ir botmasligi kerak, zero Vatanni sevmaslik va Vatandagi nomaqbul ijtimoiy-siyosiy tuzumni sevmaslik boshqa-boshqa narsalardir. Vatanni sevamiz, og‘ir kunda uni himoya qilgan botir jangchilarni hurmat qilamiz, qurbonlar qoshida bosh egamiz, bu shubhasizdir, ammo Vatannning boshiga shu kunlarni solgan, adadsiz qurbonlarga sabab bo‘lgan «sotsialistik» harbiy-ma’muriy tuzum haqidagi barcha haqiqat aytilishi kerak. Bu tuzum olib borgan Ikkinchi Jahon urushi ham bundan mustasno emas.

Ikkinchi Jahon urushi to‘g‘risidagi mulohazalarni bayon etish uchun butun XX asrni qamrab olish kerak, chunki, bizning nazarimizda, bu urushning «tamal tosh»lari asr boshidayoq qo‘yila boshlagan, oqibatlari esa asr so‘ngigacha cho‘zilib keldi. Urushning boshlanishi, borishi va yakuni to‘g‘risida, garchand o‘ta mafkuraviylashtirilgan, afsonaviylashtirilgan holda, hokim ideologiyaga maqbul tarzda bo‘lsa-da, ko‘plab yozma, og‘zaki, kino, foto, san’at asarlari yaratilgan. Shuning uchun biz ko‘proq uning yoritilmagan qirralariga, sabab va oqibatlariga murojaat qilamiz.

Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan buyon yarim asrdan ko‘p vaqt o‘tdi. Bugun o‘sha bobolarimiz himoya etgan «Ona-Vatan» – SSSR shonsiz quladi, u endi yo‘q, bobolarimizni qirg‘in-barot urushga yo‘llagan tuzum – sotsializm ham sharmandalarcha tanazzulga uchradi. Ammo yurt xavf ostida qolganda fashizmga qarshi ajdodlarimiz ko‘rsatgan jasorat, matonat, sabr-bardosh abadiy yodlagulikdir. Ikkinchi Jahon urushi mavzuida behisob asarlar yaratilgan. Aytish mumkinki, bu mavzu anchayin afsonaviylashtirilgan, soxtalashtirilgan, g‘alaba esa «sotsialistik tuzum sharofati» sifatida noto‘g‘ri talqin qilingan.

Qolaversa, bugun – sho‘ro tuzumining bosqinchilik, mustamlakachilik harakatlari, xalqqa qarshi qirg‘inlari, samarasiz iqtisodi, dahriy ma’naviyati fosh bo‘lgach, «G‘alaba bayrami» bu davrning yagona maqtangulik ishi bo‘lib qolmoqda. Ammo bu urushni keltirib chiqargan jinoiy sabablar va uning jahoniy oqibatlari deyarli yoritilmaganligicha qolmoqda. Sovet tuzumi hurfikrli odamlarni qamoqqa tashlagan bo‘lsa, haqqoniy hujjatlarni ham arxivlarga umrbodga «qamab qo‘yadi». Bugun kecha yashirilgan ko‘p haqiqatlar oshkor bo‘lmoqoda. Bugun aytilmayotgan gaplar ertaga, albatta, aytiladi. Charxi kajraftorning g‘ildiragi shu taxlit bizdan oldin ham aylangani kabi, biz bilan ham va bizdan keyin ham aylanaveradi.

Nodon kimsa qilgan xatolarni boshqalardan ko‘radi-yu, ozgina yutuqlarini ham o‘z fazilatidan deb biladi. Xuddi shunday johil sho‘ro tuzumi ham qilgan mash’um xatolarini, iqtisodiy bo‘hronlarini, ayanchli kirdikorlarini «xalq dushmanlari», «imperializm ayg‘oqchilari», «sotsializmni ko‘romaydiganlar», «g‘ayrisho‘roviy unsurlar» va hokazolarga to‘nkab, kommunistik zulm davrida xalqning tinimsiz mehnati evaziga erishilgan ozgina yutuqlarni ham hamisha «sotsializm sharofati», «odil sovet tuzumining mevasi» deb ko‘rsatdi.

Shu jumladan xalqning rahbarlarining no‘noqligiga, urusholdi qatag‘onlariga, harbiy-strategik boshqaruvning saktaliklariga qaramay, millionlab qurbonlar, daryo-daryo qonlar evaziga fashizm ustidan qozongan g‘alabasi ham yarim asr davomida «KPSS boshchiligida sovet sotsialistik tuzumi erishgan g‘alaba» deb kelindi. Holbuki, bu xalqning g‘alabasi edi. KPSS va sovet tuzumi esa bu dahshatli urushning boshlanishiga, qurbonlari haddan ziyod bo‘lishiga, janglarga rahbarlikning kaltabinligiga «hissa» qo‘shdi, xolos.

Urush uzoq davom etdi va unda behad ko‘p qurbonlar berildi. Nemislardan 5,5 million kishi o‘lgan bo‘lsa, sovet tomonidan 26 million kishi halok bo‘ldi . Bevosita harbiy yo‘qotishlarimiz ham nemislarnikidan to‘rt barobar ziyod edi. Urush harbiy-strategik «rahbarlik» darajasini, Stalinning «dono sarkarda»ligini shuning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Nega shunday bo‘ldi?!

Birinchilan, nemis fashizmning harbiy qudrati mustahkamlanishiga sovet tuzumi katta hissa qo‘shdi. Bugun aniq ma’lum bo‘ldiki, 1920-1941 yillar davomida nemislar sovet hududida tankchilik, uchuvchilik maktablarida tahsil oldilar, nemislar buyurtmasiga ko‘ra SSSR urush oldidan nemislarga tanklar, samolyotlar, snaryadlar ishlab chiqarib berdi. Nemislar 1939 yilgi savdo va o‘zaro hujum qilmaslik haqidagi shartnomalarga ko‘ra Sovet Ittifoqidan katta miqdorda neft, metall, don va boshqa xomashyolarni, harbiy-strategik mahsulotlarni ola bildilar. Fashizm sovetlar yordamida kuchga to‘ldi.

Ikkinchilan, dunyo yakkalab turgan bir paytda sovetlardan yordam olib kuchga to‘lgan nemis fashizmi Sovet Ittifoqiga qo‘qqisidan hujum qildi, sovet rahbarlari va ularning kallakesar qo‘rboshisi Stalin odamxo‘r Gitler bilan «hamkorlik shartnomalari» tuzganiga ishonib urushga tayyorgarlik ko‘rmadi. Shartnomalar Gitlerning qo‘lini yechdi va urushga sabab bo‘ldi.

Uchinchidan, Stalin 1934-1939 yillar davomida xalq va partiya safida «tozalash» – qirg‘in olib bordi, urush oldidan xalqning eng oqil, ziyoli, fikrlovchi qismidan 15 million kishi terib olinib, stalincha totalitar itoatkorona sotsializm qurishga halaqit bermasin uchun yo‘q qilindi, xalqning quvvati urush oldidan «xalq dushmani» sifatida qatli om qilindi. Ular urush oldidan stalinchi qotillar qo‘lida, NKVD avaxtalarida o‘lmaganida gitlerchi fashistlarga qarshi turgan bo‘lardi va fashistlarga xalq bu qadar ko‘p qurbonlar bermagan bo‘lardi.

To‘rtinchidan, 1934-1939 yilgi «tozalash»lar davrida armiyaning o‘zi ham boshsizlantirildi, ya’ni 40.000 ofitser qatag‘on qilindi, eng yuqori ofitserlar tarkibidan 5000 harbiy sarkarda otib tashlandi, shu jumladan, Qizil Armiyaning beshta marshalidan uchtasi urush arafasida o‘ldirildi. Urush boshlanganda ham juda ko‘p harbiylar «xalq dushmani» sifatida qamoqda o‘tirardilar.Beshinchidan, sovet tuzumining ikkiyuzlamachiligi, so‘zda «xalq hokimiyati»ni e’lon qilib, amalda xalqni qul qilib, uning tepasiga charmkamzulli partkomlar va komissarlarni chiqarib ezg‘ilashi, ayniqsa, qamoq va qatag‘onlari xalqning qalbida isyonni ham yetiltirardi.

Albatta, oshkor gapirganlar qatag‘on qilingan, ammo xalq gapirmasa ham, dilida bu tuzumdan rozi emasdi va bu Gitler bosib kelgan hududlarda unga hayrixohlikni namoyon qilgani ham, shuning uchun fashistlar osonlik bilan mamlakat ichkarisiga kirib kelgani ham, xalqning osonlik bilan asir tushgani, sovet zulmidan ozod bo‘lish umidida turgani ham sir emas. Fashistlarning ham ashaddiy zolimligi ayon bo‘lgachgina xalq qo‘zg‘oldi va og‘ir urushda g‘alabaga erishdi, ammo bu g‘alabani ham Stalin o‘zining «donoligi»dan deb o‘z «xizmati» sifatida egallab oldi.

Urush shu kabi qator sabablarga ko‘ra qo‘qqisidan boshlandi va qatag‘onlardan, qashshoqlikdan sillasi qurigan xalq uchun og‘ir bo‘ldi.

Bu mash’um xatolar haqida gapirish va yozish fashizm ustidan qozonilgan o‘alabaning qadrini pasaytirmaydi, aksincha, ko‘taradi – axir, fashistlar sovet tuzumi yordamida kuchga to‘lganiga, xalqning aqlli farzandlari va armiyaning sarkardalari urush oldidan qatag‘on qilinganiga, urushga rahbarlikning malakasiz olib borilganiga, sovet tuzumining samarasizligiga, noqobilliklariga qaramay, xalq o‘alaba qildi. Bu o‘alaba shuning uchun ham, shubhasiz, yanada olamshumul, hayratli hodisadir.

Albatta, jahon xalqlarining tarixi va tafakkuri shuni ko‘rsatadiki, urushda qilingan g‘oliblik bilan maqtanish ma’naviy jihatdan noo‘rindir. Bu birovni o‘ldirgani bilan, bir xalqni qirgani bilan maqtanishdir. Ikkinchi Jahon urushi nemis xalqi uchun ham, «sovet xalqi» atalgan xalqlar uchun ham katta fojea bo‘ldi. Bu ikki mamlakat tepasiga kelgan fashistik tuzumlar ikki xalqning va jahonning boshiga solgan dahshatli fojea edi. Olmoniya jahonga faqat Marks va Gitlerni bergan emas, nemis xalqi dahosi jahon tafakkuriga Gyote, Shiller, Vagnerni, Kant, Shopengauer, Nitsshe kabi daholarni qo‘shdi. Jangga kirayotgan sovet askari yon cho‘ntagida Gyote she’rlarini olib yurgani ham ma’lum...

Garchand, Ikkinchi Jahon urushida erishilgan g‘alaba natijasida sovet tuzumi Sharqiy Ovro‘poga sotsializmni yana zo‘rlab tiqishtirgan, bu xalqlarga ham o‘z irodasiga ko‘ra o‘ziga maqbul tuzumni tanlashga yo‘l bermagan, bugunga kelib sovet tuzumi asoratlaridan qutulgan Sharqiy Ovro‘po, Boltiqbo‘yi, Kafkaz, Markaziy Osiyo xalqlari mustaqillikdan shodumon, o‘z istiqlol yo‘llarini barpo etayotgan bo‘lsalar-da, 1945 yilgi o‘alaba bir xalqning ikkinchi xalq ustidan, bir tuzumning boshqa tuzum ustidan g‘alabasi emas, xalqlarning fashizm ustidan g‘alabasi sifatida qadrlidir.

To‘g‘ri, g‘ayriodamiy sovet tuzumining kirdikorlari, g‘ayriinsoniy mohiyati uning ikkiyuzlamachi siyosatida, samarasiz iqtisodida, iymonsiz ma’naviyatida aks etgani kabi u olib borgan urushlarda ham yaqqol ko‘rinadi. Ammo xalq – yuksak hilqat, har qanday siyosiy o‘yinlardan yuksakroqdir.

Urushlarning, shu jumladan, Ikkinchi Jahon urushining xulosasi shuki, urush bilan baxtli bo‘lib bo‘lmaydi, u hamisha inqiroz yo‘lidir. Taraqqiyot yo‘li esa – demokratiya, murosa, muzokara, aql va tafakkur yo‘lidir.

Sho‘ro tarixchilari «Ulug‘ Vatan urushi» haqida yozayotganda, ayon tarixiy faktlarni chetlab o‘tib keldilar. Avvalo urushni «ulug‘» deyishning o‘zi ma’nan noto‘g‘ridir, bu «ulug‘ janjal», «ulug‘ qotillik» deganday bir gapdir. Bugun ayonki, yagona «Vatan urushi» bo‘lgan emas, 1939-1945 yillarda SSSR uchta urushni olib borgan: birinchi urush – Finlyandiya va Polshaga qarshi mustamlakachi bosqinchilik urushi bo‘lib (1939-1941), Stalin aynan shu paytda Boltiqbo‘yi davlatlarini, Shimoliy Bukovinani va bahsli hudud bo‘lgan Bessarabiyani ham bosib olgan edi; ikkinchi urush – Olmoniya fashizmiga qarshi mudofaa urushi bo‘lib, uni «Vatan urushi» atash joizdir; uchinchi urush – SSSRning xalqlarni «ozod qilish» bahonasida Sharqiy Ovro‘po va Bolqonda olib borgan mustamlakachi bosqinchilik urushidir. Faqat ikkinchi urush – gitlerchi bosqinchilarga qarshi mudofaa urushi edi, birinchi va uchinchi urushlarni imperialistik urushlar atamoq joizdir, zero ular sovet mustamlakachi saltanatini kengaytirish maqsadida olib borilgan edi.

Sovet davlati bosib olgan yerlarining xalqlariga (xoh Chexoslovakiya, GDR, Polsha, Vengriya, Bulg‘oriston, Yugoslaviya bo‘lsin, xoh Kuba, Angola yoki Afg‘oniston bo‘lsin) hech qachon ozodlik bergan emas, millatlarning jahon e’tirof etgan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tan olgan ham emas, aksincha, o‘zi bu xalqlarning taqdirini belgilab, hammasiga «sotsializm» yo‘lini zo‘rlab tiqishtirdi, tiqishtirganda ham sotsializmning totalitar shaklini, hurfikrlikka, tashabbusga, erkka yo‘l bermaydigan mustabid shaklini tiqishtirdi, avtoritar tuzumni o‘rnatdi. Qaysidir mamlakat sotsializm tuzog‘idan chiqmoqchi bo‘lsa, hatto ozroq isloh qilmoqchi bo‘lsa (masalan, Yugoslaviya (Broz Tito rahbarligida), Vengriya (1956 yil), Chexoslovakiya (1968 yil)) tanklar va avtomatlar bilan «sotsialistik lager»ga qaytarildi.

Ular ozodlikni, totalitar sotsializm iskanjasidan xalos bo‘lishni kutib yashadilar va bugunga kelib ozod yurtlarga aylanmoqdalar. Ulardagi «sotsializm» ongli ravishda emas, qo‘rquvda tutib kelinganini shundan ham bilsa bo‘ladiki, SSSR qulagach, ularning hech biri sotsializmni himoya qilib, asrab o‘tirmadilar, qafasni buzib tashladilar. Aslini olganda, sotsializmning yemirilishi aynan yillar bo‘yi milliy tuyg‘ulari jilovlab kelingan xalqlarning milliy ozodlik harakatlari tufayli yuz berdi. To‘g‘ri, erkinlikka chiqqan ellar havosi bo‘g‘iq bo‘lsa-da, tuzoq uchidagi tayin «don»ga va «qafas himoyasi»ga ko‘nikkan qushlar kabi toza havoga, parvozga qiyin o‘rganmoqdalar, uchay desa – burgutdan, yerga tushay desa mushukdan hadiksirab turibdilar, qanotlariga endi kuch inmoqda, ayrim irodasizlar orqaga – «qafas»ga undamoqdalar. Ammo mustaqillikka chiqqan xalqlar ozodlikning, erkning qadrini angladilar, endi ortga yo‘l yo‘qligini bildilar.

«Qizil saltanat» qulab, nafaqat xorijiy «sotsialistik» davlatlar, balkim SSSR tarkibidagi xalqlar, shu jumladan, o‘zbeklar ham istiqlolga erishdilar, asriy orzulari ro‘yobga chiqdi, o‘z mustaqil davlatlarini barpo etmoqdalar va tarixdan saboq chiqarib, yana xalqni ezmaslik uchun bu davlatni huquqiy demokratik fuqarolik jamiyati sifatida qurishga azmu qaror qildilar. Kommunistlarning «dohiy»si Vladimir Lenin Rossiyani «xalqlar mahbusxonasi» deb atagan edi. Uning kommunistik saltanati ham bu mahbusxonani yo‘qotmadi, aksincha, mukammallashtirdi, kengaytirdi. Bugun «xalqlar mahbusxonasi» - SSSR parchalanib, xalqlarga bitta-bitta mustaqil «izolator»lar tegdi. Endi uning havosini tozalash, panjaralarini ochish, demokratiklashtirish, suveren davlatlarda xalq va shaxsning ham suverenligini ta’minlash jarayoni bormoqda. Bu jarayonning bir qirrasi hurfikrlikdir, shu jumladan, uzoq va yaqin tarixni xolis idrok etmoq demakdir.

(davomi bor)
Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zulm texnologiyasi: Muqaddima