— Feruza opa, ziyoratingiz qabul bo‘lsin! Yaxshi borib keldingizmi?
Dabdabali dasturxonning to‘rida savlat to‘kib o‘tirgan ayoldan ziyorat taassurotlarini so‘radim.
– Allohga shukr! Sizga sovg‘alar olib keldim. Endi meni Feruza opa emas, “hoji ona” deb chaqiravering, qizim, — deya hazil aralash e’tiroz bildirdi. Hovlidagi shovqin diqqatimni tortdi.
– Oshni ustiga go‘shtdan ko‘proq solinglar, mehmonlarimiz mazza qilib ketsin. Hali kechga qolgan go‘shtdan qozon kabob qilamiz...
Oppoq egni-boshdagi “hoji ota” mehmonlarni kutib olar, ziyofat ko‘ngildagidek emasday besaranjom bo‘lardi.
– O‘zi biz kunduzi kelishimiz kerak edi, — Feruza opa suhbatni davom ettirdi. — Ob-havo noqulayligi sabab kechga qolib ketdik. Ko‘rmadingizda, o‘g‘lim uzun qizil gilam to‘shadi, atirgullar sochilgan. Baraka topgur kelishimizga rosa tayyorgarlik ko‘ribdi. Umri ziyoda bo‘lsin bolamni, otasi ikkimizga hajga yo‘llanma berganida bir xursand bo‘lgandik, shunday kutib olganidan quvonchimizga quvonch qo‘shildi. Topganiga baraka bersin...
“Ota-onamiz hajdan keldi, ko‘rgani chiqing, duosini oling”, deb qo‘shnim meni mehmonga taklif qilgandi. O‘shanda kitoblarda o‘qigan, ekranlardagina ko‘rgan Allohning farzi, haj ziyoratini ado etish baxtiga sazovor bo‘lgan bu insonlarga havasim kelgandi. Men ularning o‘zlaridan Ka’batulloh, Mino vodiysi, Arofat tog‘ining taassurotlarini eshitmoqchi, zam-zam suvining ta’mini bilmoqchi edim. Qanday ma’ruzalar bo‘lgani, bu ulug‘ maskan tarixi va yana ibodat chog‘idagi ichki kechinmalarini tinglamoqchi bo‘lgandim. Afsus... Go‘zal suhbatlar o‘rnini dabdabali “Hoji to‘y” egalladi.
O‘zi shundoq ham odatiy to‘ylarimizda isrofgarchilik haqida gapiramiz. Ortiqcha hashamat, orzu-havaslar to‘ylarda oz emas. Biroq, hajga borish, Allohning farzini bajarish sharafiga muyassar bo‘lgan insonlarning bu kabi isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yishi, kibrni ko‘rsatishi qanday qilib ibodat amalini bajargan kishiga xos bo‘lishi mumkin? Islom dini, ta’limoti halimlikni, oddiylikni, xokisorlikni targ‘ib etishi, kibr va isrofgarchilik esa shaytondan ekanini, nahotki, odamlar hanuzgacha bilishmasa!
Arofat tog‘ida shaytonga tosh otib, haj amallaridan so‘ng to‘y qilib, dabdaba bilan yana shaytoniy amallarini bajarish “undan uzr so‘rash” emasmi? Bugun bu kabi illatlarning urchib ketayotgani aslida, ilmsizlik belgisi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Mo‘minning umr safari” kitobida: “Haj safariga otlangan kishi yana nimalarga e’tibor berishi kerak? Avvalo, ahli ayoli va yaqin kishilarini taqvoga buyursin. Ya’ni, Allohning amrlariga bo‘ysunib, qaytarganlaridan qaytishga chorlasin. Qilayotgan haj ibodatidan Allohning roziligini va oxiratining obodligini ko‘zlasin. Dunyo va uning ziynatlarini, riyokorlik, nom chiqarish, faxrlanish kabi narsalarni zinhor xayoliga keltirmasin. Aks holda barcha qilgan sa’y-harakatlari behuda ketadi”, — deyilgan.
Haj safaridan asl maqsad gunohlardan tavba qilish. Biroq safardan so‘ng, gunohlardan tavba qilib kelgandan so‘ng yana gunoh qilish to‘g‘rimikan? Bu haqda ushbu kitobda shayx hazratlari “...Hajga ketuvchi haj safari oldidan izdihom qilib, odamlarni chaqirishi yoki tuhfa ulashishi yoki hojini aeroportdan qo‘sh-qo‘sh mashinalar bilan kuzatib qo‘yish va shu kabi boshqa ishlarning barchasi joiz emas. Bularning hammasi isrof va haj amaliga nuqson yetkazadigan ishlardandir. Ammo zarurat yuzasidan bir-ikki kishi hojini aeroportgacha kuzatib qo‘yishi va kutib olishining zarari yo‘q”, deyiladi.
Axir, bir-ikki kishi emas, butun boshli oila yaqinlarini kutib olishga chiqadi. Uyga kelgandan so‘ng ham mahalla, qarindosh-urug‘ yig‘iladi. Ziyorat taassurotlarini eshitishdan ko‘ra, “sovg‘a” olishga talabgorlar ko‘proq. Gunohlaridan poklanib, tavba qilib, bundan keyin gunohlardan tiyilaman, deya qaytgach, yana isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yadiganlar, haj amallarini, afsuski, sayohat deb qabul qiladiganlar ham oz emas.
Ko‘pchilikka “isrof qilmaslik”, “halol yashash”, “g‘iybat qilmaslik” mavzulari borasidagi fikrlardan ko‘ra, domlalarning o‘zaro janjali yoki diniy idora vakillari bilan qaysidir mashhur insonlarning tortishuv mavzusi qiziq.
Islomning besh arkonidan birini bajarish, muqaddas joyga borish har bir musulmonning orzusi. U yerga chin dildan tavba qilib, gunohlardan forig‘ bo‘lish uchun boriladi. Martaba, obro‘, shon-shuhrat va odamlarga maqtanish uchun emas.
Alloh barchamizni Ka’batullohga qadamimizni chin ixlos ila yetkazsin!
Kamola Adashboyeva
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?