11:53 / 12.08.2022
3 619

«Chilonzor voqeasi»ning «so‘nggi qurboni»

«Chilonzor voqeasi»ning «so‘nggi qurboni»
Kesilgan daraxtlar ortidan Chilonzor hokimi va prokurori lavozimidan olinib, Ortiqxo‘jayev va Qosimovga qattiq hayfsan berilgandi.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Artemiya o‘simlik yoki jonzotligini bilmaydigan ekolog rais
«Artemiya ekish kerak edi, nega artemiya ekmagansizlar» – deya do‘qladi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining raisi (sobiq) Alisher Maqsudov. Ekoinspektorlar bu rahbarni hazillashayapti shekilli, deya bir-birlariga yelka qisishdi.

Buxorodagi jayron qo‘riqxonasida yana shu rahbar «Boringlar jayronni mana shu yerga haydab kelinglar yoki chaqiringlar», – dedi. Jayron odamni ming qadam naridan ko‘rsa hurkib ketishini bilgan qo‘riqxona xodimlari ham yelka qisishdi.

O‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqarosi tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida kamyob qo‘ng‘ir ayiq o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ovga yana shu rahbarning imzosi bilan ruxsat berilgani ma’lum bo‘lgandi...

Qoraqalpog‘istonga may oyida bir guruh jurnalistlar press-turda haydovchilardan biri o‘sha ekoqo‘mita mas’ul rahbarining artemiyani o‘simlik deb o‘ylaganini, jayronlarni odamlarni uzoqdan ko‘rishi bilan shamolday yelib qochib ketishini bilmaligini kula-kula, hayratlana-hayratlana gapirib bergandi. Kasbim davomida eng qiyin va sarguzashtlarga boy press-tur shu bo‘lgan edi. Boshqa press-turlardan farqli o‘laroq barcha sharoitlari muhayyo mehmonxonasiyu yemakxonalar qayda deysiz. Poyonsiz cho‘l, issiq, jazirama, dala-dashtda qilingan ovqat, isib qolgan suv, yotoq joy esa palatka yoki mashina.

Opa bizning bunday press-turlarga chidamli odamlargina bora oladi, sharoitsizlikka ko‘nadigan odamlar bora oladi, – degandi o‘shanda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev.

Ekologiya tomonidan tashkil qilingan press-turlar xavfli joylarda, o‘rmonlarda, qo‘riqxonalarda, chiqindi poligonlarida edi. Va o‘sha yerda Bunyod hoziru nozir edi. Iyun oyida Hisor qo‘riqxonasiga borishganida tuman va yomg‘irli kunda qiyinchiliklarga, adashishlarga qaramay, uch ming metrli tog‘ni zabt etgani haqida uning Facebook sahifasida o‘qigan edim. Ya’ni, Bunyod haqiqiy ekolog edi. Ayiqlar endigina uyg‘onib ayni kuchsiz holatda tashqariga chiqishganida ovchilar ularni ovlashini ham kuyinib gapirib bergandi.

Gurunglar orqali uning xorijda bir muddat yashaganini ham bilib olgandim.

– Bilasizmi opa, degandi u, – men ikki oy Amerikaga borganimda qiynalganman. Oyog‘imda qimmatga olingan xitoy krossovkasidan suv o‘tib, kechga ijara uyga borib quritishga qo‘yaman. Musofir yurt, ishsizlik, joyning tayini yo‘q. Keyinchalik pul topa boshlaganimda eng arzon kiyimlarni sotib oldim. Ammo o‘sha eng arzon degan kiyimlarim bizning bozorlardan qimmatga sotib olgan kiyimlarimdan chidamli edi, krossovkadan biror marta suv o‘tmadi, o‘shanda insondek his qilganman o‘zimni... Bilasizmi, u yerda nega odamlar jilmayib yuradi. Chunki u yerda yaratilayotgan, ishlab chiqarilayotgan narsalarning barchasi mustahkam va ishonchli. Odamlar yaxshi sharoit bo‘lgani uchun asabiylashmaydi, baxtli ko‘rinadi. Balki shu uchun ular o‘zlarini baxtli his qilar. Qarang, arzon oyoq kiyim kiysangiz-da namgarchilikda ham quruq yurishingiz kayfiyatingizga qanchalik ta’sir qiladi, o‘zingizni qadrli odamdek his qila boshlaysiz.

Bunyod Abdullayev ekologiyada matbuot kotibi bo‘lgach, qayerda daraxt kesilayotgani, qayerda brakonerlar noqonuniy ov qilayotgani haqida xabardor bo‘lib turgandik va tanqidlardan so‘ng o‘sha muammolar yechimini topayotgan edi. Ya’ni Bunyod Abdullayev boshqa matbuot kotiblaridan farqli o‘laroq soha haqida aytilgan har qanday tanqidiy fikrga adekvat munosabatda bo‘lar, tanqidni haspo‘shlamas, balki to‘g‘ri tushunib muammoni hal qilishga erishardi.

Kecha uning sahifasida ishdan ketishga ariza yozganini o‘qib qoldim... Ma’lum bo‘lishicha, Abdullayevning lavozimidan ozod etilishiga Chilonzor tumanidagi daraxtlar qirg‘ini bilan bog‘liq hodisa sabab bo‘lgan. U daraxtlarga zarar yetkazilgani jamoatchilik orasida, ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlagani va katta muhokamalar keltirib chiqargani ortidan ishdan ketgan.

QALAMPIR.UZ nashri Bunyod Abdullayev bilan bog‘lanib, bu safar ishdan ketishiga nima sabab bo‘lganini aniqlashga uringan. «Ketganim rost. Hozir oxirgi rasmiyatchilik ishlari bilan bandman. Go‘yo Chilonzordagi voqeada jamoatchilikning muhokamasini, Ekologiya qo‘mitasiga e’tirozlarini to‘xtatib qololmaganmishman. Rais xonasiga chaqirib, og‘ir gaplar aytdi. Chiqiboq, o‘z xohishimga ko‘ra ishdan bo‘shatishini so‘rab ariza yozdim. Men bunday haqoratlardan keyin bu joyda ishlay olmasdim», deydi Bunyod Abdullayev...

Ko‘p biladi va bilganini yetkazgisi keladi
Bundan ikki oylar oldin Xalq bankida avtokredit masalasida bir muammoga duch kelgandim. Muammomiz sira hal bo‘lmagach, ijtimoiy tarmoqqa yozdim. Yarim soatda bank matbuot axborot xizmati xodimi Gulnoza ismli qiz telefon qilib, ikki oyda hal bo‘lmayotgan muammoni bartaraf qilishga erishgan va meni Jizzax viloyatida uyushtirilayotgan press-turga taklif qilgandi: «Opa tanqidiy fikrlaringiz va savollaringizga o‘sha yerda javobni birgalashib izlaymiz» degandi.

Va men ikkinchi marta tanqidga to‘g‘ri munosabatda bo‘ladigan matbuot kotibiga duch kelgandim. O‘sha muammoli voqea sabab filialda tekshiruv bo‘lgan, javobgarlar aniqlangan ham edi. Press-turga borganimizda Ulug‘bek ismli yigitning viloyatdagi bank Call markazi haqidagi ma’lumotlarni jurnalistlarga taqdim qilayotganida bilimdonligiga qoyil qolgandim. O‘z ishi haqida shuncha ko‘p narsalarni bilardiki. Hazillashib bankda tanish-bilish bilan ishga olishlar bormi deganimda, men ishlayotgan bo‘limda unday hol yo‘q, yoshlarni o‘zim tanlab olaman degandi, bunga zarra shubha qilmagandim. O‘sha kuni men har ikkala yoshning ham chet elda o‘qib qaytganining guvohi bo‘ldim.

Ishimiz yuzasidan aynan IT sohasi bo‘yicha intervyu olgan yoshlarning ba’zilari xorijda o‘qib qaytgan bo‘ladi. Va ular shu qadar ko‘p gapiradiki... Ishi haqida to‘lqinlanib juda ko‘p gapirgan odam haqida bir narsani o‘ylayman – ko‘p biladi va bilganini yetkazgisi keladi, yetkazishdan tortinmaydi agar u xorijda o‘qigan bo‘lsa...

Bugun Yurtboshimiz xorijda tahsil olib qaytayotgan yoshlarni O‘zbekistonga «tortish» uchun yaxshigina maosh va sharoit ham va’da berayapti.

Ammo gap maoshdami, sharoitdami?
Bir hamkasbimning o‘g‘li ingliz tilini biladi, iqtisodchi, Vengriyada o‘qib qaytgan. Bir vazirlik uni xalqaro bo‘limga ishga taklif qiladi va yaxshigina maosh belgilaydi. Yosh mutaxassis ham xalqaro bo‘limda chet tilisini yanada mukammallashtirish, iqtisod bo‘yicha bilimlarini tatbiq qilishdan xursand bo‘ladi.

Axir chetdan investitsiya kirib kelsa xorijliklar bilan hamkorlik qilsa, bir o‘q bilan ikki quyonni urgan bo‘ladi, ham chet tilini unutmaydi, ham mutaxassisligi bo‘yicha ko‘proq tajriba to‘playdi. Ammo oradan vaqt o‘tsa hamki na ivestorlardan, na xorij tilidan darak yo‘qmish. Shunchaki hisobot tayyorlashdan iborat bo‘lib qolibdi ishi. Yana uning ustiga yaxshigina maoshli joyning «intriga»lari ko‘p bo‘larkan, ishini naridan beri eplab yurgan, ammo yaxshigina maosh olayotgan chala mutaxassislar uni turtkilashni boshlabdi. «Sen kimsan, nimani o‘zgartirmoqchisan», degan qabilida. Axiyri hamkasbimning o‘g‘li ishda bo‘shabdi. Bu yerda bular bilan kurashib umrimni o‘tkazsam oldinga emas, orqaga ketaman, deb. Ayni paytda yana chet elga ketish payida, o‘z ustida ishlayapti, imtihonlarga tayyorlanayapti.

Xulosa shuki, xorijda o‘qib kelgan mutaxassislar o‘zimizda o‘qigan mutaxassislardan nafaqat bilimi kengligi, balki muhitni o‘zgartira olishi bilan ham ajralib turadi, agar muhitni o‘zgartirishga qo‘yib berishsa. Afsuski, jamiyatda buning iloji bo‘lmayapti. Xorijda tahsil olib, yeng shimarib ishga kirishgan yoshlarning atrofida o‘zi kabi fikrlaydigan 2-3 nafar bo‘lsa ham muhitni o‘zgartiradigan, ishiga tanqidiy munosabat bilan qaraydigan hamkasblari bilan nimalardir qila olar, lekin yuqorida misol keltirganimizdek yakkalanib qolsa, unda chorasiz.

Artemiyani eksa bo‘ladimi?
Bugun ekologiya sohasi yaxshi bir umidli kadrni yo‘qotdi. Ekolog volonterlar aynan Bunyod Abdullayev bilan hamkorlikda juda ko‘p daraxtlar kesilishining oldini olayotgan, qo‘riqxonalarda hayvonlar, o‘simliklar yayrab yashay boshlagan edi...

Xo‘sh, artemiya nima? Orol dengizining hozirda qolgan qismida yashaydigan jabraoyoqlilar turkumiga mansub qisqichbaqasimon jonzotning bir turi. Dunyo tajribasida artemiya sistalari asosida olingan mahsulotlar 5 ta sohada akvamadaniyat sanoati, agrosanoat kompleksi, farmatsevtika, meditsina va kosmetologiyada qo‘llaniladi. Uning tarkibi yuqori miqdordagi protein, aminakislota va vitaminlarga boy baliqlar, flamingo qushi va qisqichbaqasimon turlarni ko‘paytirishda undan boshlang‘ich ozuqa sifatida foydalaniladi.

Ehtimol noyob artemiyaning katta foyda keltirishini mas’ul rahbar qayerdadir eshitib qolganu o‘sha foydani ko‘zlab uni ekib hosil olishni, boyib ketishni ko‘zlagandir. Nima bo‘lganda ham, artemiyaning o‘simlik ekanligini bilmaydigan, Qizil kitobga kiritilgan noyob hayvonlarni ovlashga ruxsat bervoradigan, jayronni chaqirsa yoki oldiga solib haydasa qo‘ydek bosh egib keladi, deb o‘ylaydigan, tabiatga yetkazilayotgan zararni bong urib, oldini olish o‘rniga, bunday ishlarning tinchgina «bosti-bosti» bo‘lib ketishini istaydigan «ekolog»lar haliyam sohada kam emasligi achinarli.

Bunyod Abdullayev esa Hisor qo‘riqxonasi tog‘larida sel, yomg‘ir va tumanda adashsa-da o‘z manziliga yeta olgan irodali inson. Qachon O‘zbekiston rivojlanadi? Qachonki rahbarlar bilimli va fidoyi kadrlarni qo‘llasa. Fidoyi kadrlarni qo‘llaydigan rahbarlar ko‘payishiga esa hali ancha qovun pishig‘ini kutamiz shekilli. Balki bir avlod almashar, unda... ancha yo‘qotishlarga sabr qilishimizga to‘g‘ri keladi.

Barno Sultonova

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Chilonzor voqeasi»ning «so‘nggi qurboni»