3 611
“Dadamga qarshi chiqardim, agar onam hayoti o‘rtaga qo‘yilmaganida” – turmush qurishga majburlangan qiz hikoyasi

Foto: AP
“Yoshim 23 da. Oliy ma’lumotliman. Toshkentda o‘zimga mos, yuqori daromadli ishda ishlardim. O‘ziga to‘q oilaning farzandiman. Bundan ikki yil oldin o‘z roziligim bilan bir yigitga unashtirildim. Hammasi o‘z maromida ketayotgan paytda jigarimda infeksiya aniqlandi, operatsiya qilishdi. Shundan keyin hayot menga o‘z sinovlarini birin-ketin yuborishni boshladi. Kasal kelin kerakmas, deb kuyov tomon to‘yni qaytardi. Stressda yurgan paytimda boshqa joydan so‘rab kelishdi. Dadam mendan so‘rab ham o‘tirmasdan rozilik berib yubordi. Yigitda ko‘nglim yo‘q edi. Oxirigacha qarshilik qildim. Yig‘lab-siqtashimga qaramasdan dadam turmushga berdi...”
Ilojsiz vaziyatga tushganmisiz? Hammaga najot ko‘zi bilan qaraysiz: cho‘kayotganingizni hamma ko‘rib turadiyu, hech kim yordam berolmaydi. Siz esa oxirgi najot – yurakning tubidagi mitti uchqun o‘chmasligidan umidvorsiz. Hayotim otamning birgina qarori tufayli o‘zgarib ketdi. Padarim bo‘lsa ham, xubdinlarcha chiqarilgan qarorga bo‘ysunmay, uydan bosh olib ketishni o‘yladim. Ikki o‘t orasida qolgan onamni o‘yladim-u, fikrimdan qaytdim. Onam bechora nimayam qilsin: bir tarafda turmush o‘rtog‘i, bir tarafda esa men. Sizga aytib beradigan hikoyam boshqa o‘zbek qizlarinikidan farq qilmasligi mumkin, ammo qizini turmushga berayotgan ota-onalarni mushohada qilishga undasa, ajabmas.
“O‘ziga to‘q oilaning farzandiman”
Baxtli bolalikni ko‘rdim. Oilada ikki farzand: men va ukam bor, xolos. Dadam tumanimizda katta tadbirkor. Topish-tutushi yaxshi bo‘lgan doim. Onam esa ko‘pchilik ayollar kabi uyim-joyim deydigan, eriga bo‘ysunadigan oddiy o‘zbek ayoli. To‘q xonadonning farzandlari bo‘lsak ham, ukam ikkalamiz kibrga berilmadik: bizni mehnatga o‘rgatib voyaga yetkazishdi. Ukam endi 19 yosh bo‘lishiga qaramasdan kichkina biznesi bor. O‘zim esa o‘qishdan keyin ishlardim.
Jahon tillari universitetiga birinchi yildayoq o‘qishga kirdim. Dadamning o‘zi oliy ma’lumotli bo‘lishimni xohlardi. Oliygohda o‘qimagani uchun orzusi ro‘yobini menda ko‘rishni istardi. O‘qishga kirgach, Toshkent sari otlandim. Aqlli, itoatkor qiz edim. Dadamning chizgan chizig‘idan chiqmasdan yurardim.
Kutilmagan hodisa
Bir yigitga unashtirildim. To‘yimiz yaqin. Unchalik ko‘nglim bo‘lmasa ham birga yashash uchun mos nomzod edi. Yigitga ota-onamning xohishi bilan rozilik berdim. Hammasi bir maromda ketayotgandi. Kunlardan bir kuni jigarimda infeksiya borligi aniqlandi. Operatsiya qilinishi kerak edi. Kuyov tomon buni jiddiyroq kasal, deb o‘ylab to‘yni qaytarishdi. Bir tarafdan kasalligim, ikkinchi tarafdan rad etilganim katta zarba bo‘ldi. Tez orada tuzalib chiqdim, o‘qishga qaytdim.
Siqilib yurgan paytimda dadam yana boshqasiga turmushga berishni o‘ylab qo‘ygan ekan. Oradan ko‘p o‘tmay boshqa yigitga unashtirib qo‘yishdi. Janjal qildim, siqildim. Foydasi yo‘q: hech narsa o‘zgarmadi. Qizining “isyonkor”ligini ko‘tarolmagan dadam yurak infarktiga chalindi. Shifoxonada davolandi. Bu paytda qarindoshlar hammasi meni ayblay boshladi. Hammasi bir bo‘lib meni o‘rtaga olib urishganini eslasam, yuragim jizillaydi. Nahotki, men o‘zim xohlamagan insonga turmushga chiqishni istamasligimni aytolmasam? Balki, o‘shanda dadam bilan yuzma-yuz o‘tirib tushuntirganimda, bunaqa voqealar bo‘lmasmidi?!
“Dadamning obro‘sini to‘kib turadigan qora dog‘ edim, go‘yo”
Dadam to‘yni tezlatgani sababi – el-yurt oldida yuzini yorug‘ qilib olish. Unashtiruvim bekor bo‘lganidan keyin dadam mahalla-ko‘yda bosh ko‘tarolmay qoldi, yuzi shuvut bo‘ldi. Odamlar oldida o‘z “aybi”ni yuvish uchun meni tezroq turmushga berish harakatiga tushib qoldi, qarindoshlar ham aralashdi. Uyimizga sovchilar keldi. Yigitni tanimayman, ota-onamga ma’qul kelibdi, mendan so‘ramasdan rozilik berib yuborishdi.
Dadamning obro‘sini to‘kib turadigan “qora dog‘” edim, go‘yo. Undan qutulish uchun bor kuchi bilan harakat qildi. Dadam o‘ta xudbin inson. O‘z obro‘si uchun bizni qurbon qildi. Ukamni 19 yoshga kirar kirmas yaqin do‘stining qizi bilan unashtirib qo‘ydi. Nimaga bilasizmi? Ukam ham men kabi isyon ko‘tarolmasligi uchun hozirdan taqdirini hal qilib qo‘yishdi.
Ko‘p marotaba o‘ylaganman: hammasidan voz kechib, qochib ketish. Onam ushlab turardi faqat. Dadam onamni ko‘z oldimizda urardi: bizga to‘g‘ri tarbiya bermaganlikda ayblagan. Onam bechora barchasiga chidab yashardi. “Agar bizdan voz kechsang, nimadir noxush ish qilsang, o‘zimni o‘ldiraman”, derdi onam dadamning zulmidan qo‘rqib. Yo‘limdan qaytdim.
“Qat’iyatsiz inson”
To‘yimizga 6-7 oy qolgandi. Men Toshkentda, u esa viloyatda edi. Deyarli gaplashmasdik. Chunki gaplashadigan mavzumiz yo‘q edi. Uni bor-yo‘qligi menga umuman qiziq emasdi. Hatto qayerda ishlashini ham bilmasdim. Nikohdan o‘tish uchun borganimizdayam gaplashish tugul yuziga qaramaganman. Unda ko‘nglim yo‘qligini, majburan uzatishayotganini bilardi. Ko‘p marotaba unga aytganman: “To‘xtataylik. Seni sevmayman. Bir-birimizga to‘g‘ri kelmaymiz”. U esa indamasdan meni eshitardi. To‘yni qaytarsa, ota-onasi el oldida bosh ko‘tarib yurolmas ekan. Hatto to‘yga 2-3 kun qolganda yaxshi gap bilan ham, qo‘pollik bilan ham to‘yni qaytarishini so‘radim. Hech qanday reaksiya bildirmasdan indamay injiqliklarimni qabul qildi. Hech nima qo‘limdan kelmadi. To‘y o‘tdi. To‘ydan keyin esa...
“Tun... Tun yurak bag‘rimni ezadi”
Nimani niyat qilib, chin dildan so‘rasam, Alloh deyarli hammasini berdi. Ammo umr yo‘ldosh borasida istaganimdek bo‘lmadi. Havas bilan qaragan, men xayollarimda tasavvur qilgan insonga zarracha o‘xshamaydi. Befarq tinglovchi, saviyasiz suhbatdosh. Hatto ovoz ohangi va gapirish uslubi ham meni nafratlantiradi. Yaxshiyamki, jirkanch yuzini kuniga 24 soat ko‘rishga majbur emasman. Ammo tun... tun yurak bag‘rimni ezadi. Unga o‘zimni, butun ayollik nafosatimni bag‘ishlay olmayapman. U bunga arzimaydi. Hech qachon unga mehr-muhabbatimni, e’tiborimni bermayman. Nafratlanaman. Uning nafasini ham eshitgim kelmaydi. Hayotimdan yo‘qolib ketishiga, butun umr yolg‘iz o‘tishga-da, tayyorman. Unga o‘zimni bag‘ishlashni istamaganimda, onasiga aytib berish darajasigacha borardi. Bu qanday hayvoniy tuyg‘u bo‘ldiki, istamagan ko‘ngilni majburlab sevdirsa?
“Go‘yo borlik ichidagi yo‘qlikda yashayotgandekman”
Dunyodagi eng jonkuyar va bir vaqtning o‘zida eng zolim otam, siz menga hamma narsani berdingiz. Siz sabab shu darajaga erishdim. Ammo nega hayotning muhim qismida “Bolam, umringni qanday inson bilan o‘tkazmoqchisan?”, deb so‘ramadingiz? Go‘yo borlik ichidagi yo‘qlikda yashayotgandekman. Bu yashash tarzi ezib qo‘ymoqda. Erkinlikni sog‘indim. Dada, Alloh sizni qaroringizdan, menga nisbatan qilgan adolatsizligingizdan bir kun kelib pushaymon qildirsin. Sizni oldingiday yaxshi ko‘radigan qizingiz endi yo‘q. Shu xonadondan ketish uchun qulay fursatni kutib yashayapman. Bu yo‘lda sabrim uzoqqa yetmasligini juda yaxshi anglab turibman. Ketaman. Albatta, ketaman.
“Shuncha talablari bor ekan, nega to‘ydan oldin aytmadi”
Bugun shu xonadonga kelganimga bir oy bo‘ldi. Kundan kunga bu jirkanch maxluqqa bo‘lgan nafratim ortib bormoqda. Bugun ham arzimas gaplar sabab nizo kelib chiqdi. U to‘ydan avval nima qiliq qilsam ko‘taradigan odam emas. Endi shu nomard meni boshqarishga urinmoqda. To‘ydan avval menga hech qachon talab qo‘ymagandi. Endi bo‘lsa, talablari bir olam. Shuncha dardi bor ekan, nega to‘ydan oldin gapirmadi?
“Otamning qaddi bukilib qolibdi”
Farzandni tushunadigan va unga har soniyada do‘st bo‘lib qoladigan yagona inson – ONA bo‘lishiga amin bo‘lyapman. Meni o‘zimdek tushunadigan va suyanadigan inson – bu otam, deb adashgan ekanman. Ah, onam-a, onam… Qanchalik ko‘p ko‘zyoshlaringizga, dard chekishingizga sabab bo‘ldim. Uyga bordim: dadamning qaddi bukilib qolibdi. O‘y-xayollari va noto‘g‘ri qarori ezib qo‘yganga o‘xshadi. Kim bilsin, balki atrofidagilar ta’sirida qilingan shoshilinch qarorlari endi ich-etini yeb bitirayotgandir. Dada, menga to‘g‘ri oila tanlab, uzatdingiz-u, ammo munosib turmush o‘rtoq tanlay olmabsiz. Men endi sizni deb qalb azobini tortyapman. Mening ayni paytdagi baxtsizligimga siz sababchi ekanligingiz ko‘proq azob beryapti.
“Meni bu yerlardan, insonlardan olib ket”
Sevsang-u, ammo sevilmasang ham og‘ir. Unga ham qiyin. Buni juda yaxshi tushunaman. Sevgan insoni rafiqa bo‘lib yonida yotsa-yu, lekin botinib uni bag‘riga bosolmasa, bu og‘riq unga tunlari uyqu bermasligini his qilaman. O‘sha og‘riq alamidan faqatgina barmoqlarini qisirlata olgan va tovushlari meni ham bezovta qilgan erkakka achinaman. Madorim tugab borayotgandek. Tunlar menga azob bermoqda. Niyat va istaklarimga go‘zal yo‘l bilan yetishishdan umidvorman. Allohim, sen bilan hammasi osonligiga va menga tomirimdan-da yaqin ekanligingga ishonaman. Meni tashlab qo‘yma. Sevmagan insonlarim bilan yashashga va ularning baxtsizligiga sababchi bo‘lib qolishga mahkum qilma.
“Mendan voz keching”
Chiroyli jumlaga ko‘zim tushdi: “Hamma narsani majburan saqlab turish nafasni ushlab turishga o‘xshaydi: oxirida bo‘g‘ilasan”. Ayni paytda meni bu uyda son-sanoqsiz sabablar va majburiyatlar ushlab turibdi. Vaqt o‘tib barchasi yakun topishiga va bu xonadondagi umrim tugashiga ishonaman. Bir kun kelib xato qilishganini, sevmagan ko‘ngilni majburlab bo‘lmasligini anglab yetishadi.
Sizda ham biron kun xato qildim, degan fikrlar o‘tadimi? Faqat sizning harakatingiz bilan saqlab turilgan munosabat uchun o‘zingizni azoblamang. Samimiyatsiz tuyg‘ular hayot ta’mini buzadi. Aslida, o‘zimda ham ayb bor. Avvalboshda imkon bermasligim kerak edi. O‘zimga qarshi chiqib, birovlarning bosimi bilan ularga rozilik berishim kerakmasdi. Ammo bu haqida uni ogohlantirganimda haliyam kech emasdi. Asli shu holiga ham aynan o‘zi sababchi. Voz keching, ketishimga qo‘yib bering. Ikkimizni ham azoblanishimizdan qutqaring.
O‘y-xayollardan boshim og‘rib ketadi. Umuman olganda, nolishga aslo haqqim yo‘q. Ammo men kimni orzu qilgandim-u, qanday inson bilan yashayapman? Gohida hech narsa uchun kurashmasdan taslim bo‘lgim keladi. Hatto o‘limimga ham rozi bo‘laman. Men ahmoq nimalarni orzu qilibman-a?! Umr bo‘yi birga ilm olishimiz, dunyo kezishimiz mumkin edi. Faqatgina jismga ega bu bo‘m-bo‘sh qalb egasiga qanday ko‘ngil beray axir? Meni tushunmaydigan, o‘zgacha olamim haqida kuyib-yonib gapirganimda tinglashni xohlamaydigan insonni seva olmayman.
Hozirgi holatimga kimnidir yoki nimanidir sababchi yoxud aybdor qilib ko‘rsatish to‘g‘ri emas. Shunday bo‘lishi kerak edi, bo‘ldi. Boshqa hech narsa yo‘q. Aslida, boshqacha bo‘lishi kerak edi, deb isyon qilib, gunohkor bo‘lib qolishdan ham ko‘rqaman.
Psixolog fikri
Sarvinoz Omonova, psixolog:
Psixologiyada narsisstik kengaytma degan tushuncha bor. Bu – bir insonning hurmat, obro‘ qozonish uchun boshqa insonlarga muhtoj bo‘lishidir: mukammal farzandlarga, mashhur tanishlarga, boy qarindoshlarga, obro‘li qudalarga va hokazo. Ya’ni o‘ziga nisbatan ishonch va hurmat his qilishi uchun boshqa odamlar kerak, bu odamlar narsisstik kengaytmadan joy oladi.
Jamiyatimizda narsiss ota-onalar juda ko‘p. Ularning boshqalar oldida hurmat, obro‘ga ega bo‘lishida asosiy vosita — farzandlaridir. Farzandlar narsisstik kengaytmadan joy olganida nima bo‘ladi? Ular hammaning havasini keltiradigan, odobli, barcha sohada ilg‘or, muvaffaqiyatli, kamchiliksiz bo‘lishiga to‘g‘ri keladi, ota-onasining orzusidagi “baxtli hayot”ni yashashga majbur bo‘ladi. Farzand narsiss ota-onasining kutuvlarini oqlamasa nima bo‘ladi? Ota yoki ona depressiyaga tushishi, kasal bo‘lishi mumkin. Bir tomondan, ulkan uyat hissiga chidolmaydi. Ikkinchi tomondan esa, farzandida aybdorlik hissini paydo qiladi.
Hikoyasini so‘zlab bergan qiz ham otasining narsisstik kengaytmasidan joy olyapti. Qiz his qilib turganidek, otasining boshqalar oldida hurmatini saqlash uchun o‘z hayotini qurbon qilyapti. Ko‘pincha, “ota-onam meni shuncha o‘stirdi, hech kimdan kam qilmadi, o‘qitdi” deydigan farzandlar “qarz”ini uzish uchun ota-onasining tanloviga ko‘ra kasb yoki umr yo‘ldosh tanlaydi. Gap shundaki, ota-ona tomonidan qondirilishi zarur bo‘lgan va moddiy ehtiyojlardan muhimligi kam bo‘lmagan ehtiyojlar bor. Bular– psixologik ehtiyojlardir. Psixologik ehtiyojlar — sog‘lom bog‘langanlik, qabul qilinish, hurmat, mustaqillik kabilardir. Ularni ota-ona berolsa, farzandi sog‘lom ruhiyat bilan ulg‘ayadi, o‘ziga ishonchi mustahkam bo‘ladi, o‘zini va boshqalarni yaxshi ko‘ra oladi.
Kuyovga keladigan bo‘lsak, u ham ota-onasi kutilmalarini bajarishni farzandlik burchi, deb biladi. U hali psixologik tomondan yetuk emas. Qiz va yigit psixologik jihatdan bir xil darajada, ya’ni mustaqil bo‘lmagan, ota-onasi obro‘si uchun o‘zini qurbon qilayotganlar. Ularni psixologik jihatdan yosh bolalar, desa bo‘ladi.
O‘smirlik davrida shaxsiyat shakllanishi davrining oxirgi bosqichlari ro‘y beradi. Isyon davrida “men sizlardan farqli fikrlayman, men o‘zimning sezgilarim, istaklarimga tayangan holda hayot kechirishni xohlayman”, degan hissiyot bo‘ladi. Inson bu bosqichdan o‘z hissiyotlarini asragan holda o‘tolsa, mustaqil shaxs bo‘lib yetishadi. Bu isyon ro‘y bermasa, yoshi farqi yo‘q: 30, 40, 50mi, ota-onasining bolasi bo‘lib qolaverishadi.
Qizning tanlovlar borasida ishonchi o‘ta mo‘rt. Aybdorlik hissi unda juda kuchli. Ularning xohishlarini bajarsam yaxshi bo‘ladi, degan ongsiz ishonch bor unda. O‘ziga nisbatan ishonchi shu narsaga asoslangani uchun ham o‘ta sust. Insonning ishonchi ota-onasining kutuvlaridan tashqaridagi hodisa bo‘lishi kerak. Psixologiyada “separatsiya” tushunchasi bor. Qadriyatlarimiz, hislarimiz ota-onamiznikiga bog‘liq bo‘lmagan holda, o‘z bilim, tajribalarimiz asosida shakllanishi kerak.
Bu yerda qizning psixologik ehtiyojlari deyarli qondirilmayapti. Shuning uchun unga psixologik farovonlik yot tushuncha va o‘zi uchun og‘ir holatga rozi bo‘lyapti. Jamiyatimizda ayol kishi erkak uchun o‘zini qurbon qilishi, o‘zini topshirishi, tanlovlaridan voz kechishi, shaxsiy fikriga ega bo‘lmasligi natijasida farzandlar ham xuddi shunday taqdirga duch kelmoqda. Mustaqil, yetuk odam o‘z qarorlari haqida atrofdagilarga tushuntirishga majbur emas. Agar u hammani rozi qilgan holda yechim izlamoqchi bo‘lsa, o‘zi istagan hayotni qurolmaydi. Ajrashgandan keyin nima bo‘ladi, degan qo‘rquvlari bo‘ladi. O‘zimiz yashamagan hayot qo‘rqinchli tuyuladi, qiyinchiliklar bo‘lishi ham tabiiy. Oldinda nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Mustaqil yashashning to‘lovi shunday.
Jurnalist Muhabbat Ma’mirova suhbatlashdi.
Manba: Kun.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar