Yuragimda saqlaganlarim: “Hamma narsani pul bilan o‘lchamang...”

Ustalik qilib, odamlarning hojatini chiqargan va ko‘rganlarini bizga yozib yuborgan yigitning mulohazalarini sahifamizda yoritishga qaror qildik, deyiladi "Darakchi" nashrida.
— Bundan uch-to‘rt yil oldin bir-ikkita hamqishlog‘im bilan qo‘shni davlatga ishlash uchun bordim. “Har joyni qilma orzu, har joyda bor toshu tarozu” deb bekorga aytishmas ekan. U yoqda hech omadim yurishmadi. Topgan pulim ijara haqi-yu o‘zimning eyish-ichishimdan ortmasdi. Ishlagan mehnat hiqimizni ololmagan paytlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Bu yoqda esa ayolim bilan ikki farzandim mendan har kuni umidvor bo‘lib pul kutishardi. Bir yil davomida ishlab, zo‘rg‘a o‘zimdan orttirib, uydagilarga ozgina pul jo‘natdim. Akalarim qaytishimni tinmay so‘rayverishganidan keyin amallab yo‘lkiraga pul jamg‘ardim-da, uyga qaytdim. U yoqda ko‘p qiynalganim uchunmi, o‘zimizning ob-havo ham, odamlarimiz ham baribir boshqacha, mehribonligiga amin bo‘ldim. Oldin bilinmagan ekan, musofirchilikning azoblarini totganimdan keyin bunday narsalarga e’tibor beradigan bo‘libman. Sal vaqt o‘tib, o‘zimga kelgach, akam chaqirdi.
— Yonimda yurib menga yordamlashganingda ham o‘sha yoqda topganingdan ko‘proq pul toparding. Ustachilik qo‘lingdan keladi, ota kasbimiz, bekor yurmasdan kelib shu erda ish boshla. Juda ko‘p buyurtma tushyapti, ko‘pini qaytaryapman. Agar sen ishlayman, desang o‘sha buyurtmalarni senga beraman. Lekin ishni chala-chulpa emas, chin dildan qilishing kerak. Yasagan narsalaring sifatsiz chiqsa, qaytib buyurtma berishmaydi.
Akam yog‘ochdan eshik-romlar yasaydi. Ishi sifatli bo‘lgani uchun juda mijozi ko‘p. Men ham har kuni kelib qarashadigan bo‘ldim. Oldin otam ustalik qilganlarida biz farzandlarini yoniga chaqirib, yordam berishimizni talab qilardi. O‘shanda ancha narsalarni ko‘rib, o‘rganganim yodimga tushib, ishga kirishib ketdim. Yarim yil ichida qo‘lim kelishib qoldi. Eshik-rom yasashda yangicha usullardan foydalanishayotgan ekan, akam o‘sha narsalarni ham o‘rgatdi. Menga ham buyurtmalar tusha boshladi. Ishim ancha yurishib, topish-tutishimga ham baraka kirib qoldi.
— Keyingi oyda Qozog‘istonga ishlashga ketyapmiz, zo‘r ish bor ekan. Bormoqchi bo‘lsang, tayyorgarligingin ko‘r, — dedi oldin birga ishlagan og‘aynim kelib. Men ikkilanib qoldim. Bu erda ishim yomonmas, lekin birdan ko‘proq pul ishlab kelardim-da...
— Hech qaerga bormaysan, — dedi akam qat’iy, — qo‘ling endi o‘ng bo‘ldi, senga ishona boshlagan mijozlaringni yo‘qotmoqchimisan? Yig‘ishtir, chetga chiqishni. Agar juda borging kelayotgan bo‘lsa, ana Toshkentga borib ishla. U erda ishlayotgan tanishlarim bor, ish ko‘payib ketsa, sizni chaqiramiz, deyishgandi. O‘rnimga sen borib ishlaysan.
Akam aytganini qilib, shahardan ish gaplashib berdi. Mana, ikki-uch yildirki, qishloqda ish kamaygan paytlari poytaxtga kelib, ustachilik qilaman. Katta shaharda har xil odam bor. Birovlar arzimagan ishingiz uchun ham yaxshigina haq to‘lab, minnatdor bo‘lsa, kimdir sizdan tekin foydalanishni ko‘zlaydi. Yaxshigina chuv tushirib ketadiganlar ham topiladi. Qancha-qancha odamlarning xonadonida ishladim. Ba’zi oilalarga havas qilsam, ba’zilaridan nafratlanardim. Bir gal ham shunday bo‘ldi.
Odatdagidek bir xonadondan ish chiqdi. Bashang kiyingan uy egasi bizga qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni ko‘rsatdi.
— Ko‘nglimdagidek qilib bersalaring, haqlaringni shunga yarasha beraman! – dedi.
Muomalasi sovuqligiga ko‘nglimiz chopmasa-da, ishsiz qolmaylik deb, rozi bo‘ldik.
Hamma yumushlarni tugatib, haqimizni olish uchun uni kuta boshladik.
— Ishni tugatgan bo‘lsalaring, ketaveringlar, men darvozani qulflashim kerak, - dedi bir yigit kelib.
— Aka qachon keladi, bizga pul berishi kerak... – dedim hayron bo‘lib unga.
— Xo‘jayin bir soat oldin uchib ketdi chet elga, nima, pullaringizni bermaganmi?.. – dedi hayron bo‘lib yigit.
— Yo‘q, ish tugaganda beraman, degandi. Bir surishtiring-chi, kimgadir tashlab ketgandir pulimizni...
Yigitdan hech bir naf chiqmadi, shuncha ishlab, u erdan bir tiyin ham ololmadik.
— Xudoga soldik, — deb chiqib ketdik.
Kayfiyatimiz tushib, katta yo‘lga chiqib, bir mashinaga qo‘l ko‘targandik, yonimizda to‘xtadi. Haydovchi gapga chechan ekan, darhol bizdan hol-ahvol so‘ray boshladi. Unga bor gapni aytib berdik. U birdan:
— Xafa bo‘lmanglar, besh yil deganda bugun o‘g‘illi bo‘ldim... Qancha gap-so‘zlarni ko‘tarishimga to‘g‘ri keldi bu vaqt ichida. Farzandli bo‘lsam, ehson qilaman, deb niyat qilgandim. Shu pul sizlarga nasib qilgan ekan, musofir ekansizlar, mana, olinglar, — dedi haydovchi va pul uzatdi. Sheriklarimni o‘ylab, uzatilgan pulni oldim.
— Rahmat, aka, farzandingizning umri uzoq bo‘lsin, rohatini ko‘ring... – hammamiz bu qo‘li ochiq odamdan minnatdor bo‘lib, unga chin dildan rahmat aytdik.
Bir necha marta ishlagan joyimizga borib, haligi insonni qidirdim, lekin topa olmadim. Uyidagilar ham tayinli bir gap aytishmasdi. Bir gal sheriklarim bilan yana o‘sha boyvachchaning mahallasiga yo‘limiz tushdi. Kirib undan pulimizni so‘ramoqchi bo‘ldik. Tanish xonadon oldidagi gavjum odamlarni ko‘rib, sababini so‘rasak, uy egasining etti yoshli o‘g‘li vafot etganini aytishdi.
— Alloh rahmat qilsin, - deb yuzimizga fotiha tortdik hammamiz.
Dunyoning ishlari shunaqa ekan, deb ko‘nglimdan o‘tkazdim. Bizga nisbatan insofsizlik qilgan bo‘lsayam, boyvachchaga o‘sha paytda juda achindim. Aziz farzandidan ayrilish naqadar og‘ir. Lekin bu odamning ko‘zi ochilarmikan. Kim bilsin, u bizga o‘xshagan ko‘p insonlarning dilini og‘ritgandir balki. Yana kim biladi...
Shu voqeadan keyin bir keksa chol-kampirning uyini ta’mirlab berdik, bizga juda yaxshi muomala qilishdi. Ketayotganimizda bergan pulining yarmini cholga qaytardim:
— Ancha yoshga kirgan ekansiz, bizni duo qiling, otaxon... – dedim. Ikki qariya juda xursand bo‘lib, uzoq duo qilishdi. O‘zimiz ham ko‘nglimiz yorishib chiqib ketdik.
Bir gal shaharda avtobusda etti-sakkiz yoshlardagi bolakayni chiptachi do‘q bilan so‘roqqa tuta boshladi.
— Nega puling bo‘lmasa chiqding avtobusga?
— Pulim o‘rtog‘imnikida qolib ketibdi... - dedi bolakay javdirab.
— Har doim senlarning puling qolib ketadi. Men plan topshirishim kerak... Keyingi bekatda tushib qolasan... – dedi chiptachi yana bir nimalarni javrab. Bekatda to‘xtaganimizda esa chiptachi avtobusdagilarning hay-haylashiga qaramasdan bolakayni qo‘lidan tortib avtobusdan tushirib qo‘ydi-da, «haydang» deya haydovchini ham tezladi. Avtobus birdan yurib ketdi.
— Yaxshi ish qilmadingiz, uka, yosh bola, bir o‘zi ekan, adashib qolsa, biror yomonning qo‘liga tushsa nima bo‘ladi? Aytganingizda uning uchun ham to‘lardim... – e’tiroz bildirdi yoshi kattaroq ayol.
— E, opa, men bu bolani har kuni ko‘raman, juda yaxshi taniyman, hecham adashmaydi. Har doim “proezdnoy”da yurardi. Hozir ta’til payti, proeznoy olmagani aniq, pul to‘lashni ham xohlamaydi. Keyingi gal pul bilan chiqishni o‘rganadi avtobusga... – dedi asabiy chiptachi. Avtobusdagilarning ko‘ngli xira bo‘ldi.
— To‘xtang, iltimos tushib qolaman, - dedim haydovchiga va tushib qoldim. Borsam, bolakay bekatda yig‘lab o‘tiribdi.
— Uying qayerda, birga boramiz, — dedim unga. U menga xavotirlanib qarab, indamadi. - Qaysi avtobus boradi uyingga, qo‘rqma, o‘zim seni olib borib qo‘yaman, - dedim bolani ishontirish uchun.
— Shu avtobus boradi faqat, yana bitta bekatdan keyin tushishim kerak edi. Yayov ketsam, adashib qolaman, katta ko‘chadan o‘tish kerak... Shu payt u ko‘zlari chaqnab “dadam” deb yugurib ketdi. Men ham ortidan ergashdim.
— Nega bir bekat oldin tushib qolding, seni yarim soatdan beri o‘zimiznnig bekatda kutib o‘tiribman... O‘rtog‘ingning uyiga telefon qilsam, avtobusga mindirdik, hozir borib qoladi, deyishdi...
Bolakay bo‘lgan voqeani otasiga gapirib bera boshladi.
— Pulim Jasurlarnikida qolib ketibdi. Gapimga chiptachi ishonmadi, keyin tushirib yubordi, rosa qo‘rqdim...
Poytaxtga kelib ishlashimdan asosiy maqsadimiz pul topish bo‘lsa-da, ana shunday voqealardan keyin hamma narsa pul bilan o‘lchanmasligiga ko‘p marta amin bo‘ldim. Ba’zida arzimagan pul ustida tortishishimiz behuda ekanligini angladim. Kimgadir, ayniqsa muhtojlarga chin dildan, xolis yaxshilik qilsak, boshqa tomondan omad bizga kulib boqishiga ishondim. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing