
Rossiyada Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqinlashish uchun barcha imkoniyatlarga bor edi, ammo buning o‘rniga rus hukumati vaqtni to‘xtatib turishga harakat qilmoqda. Afsuski bu imkonsiz. Agar Kreml tashqi siyosatga bo‘lgan yondashuvini qayta ko‘rib chiqmasa, Rossiyaning mintaqadagi ta’siri susayadi va bunday bo‘lishini Putin Rossiyasi albatta xohlamaydi.
Bir yil oldin Rossiyaning Markaziy Osiyodagi mavqei shu qadar mustahkam ediki, hatto Xitoyning o‘sib borayotgan ta’siri ham bunga tahdid sola olmasdi. Ammo Rossiyaning Ukrainaga urush e’lon qilishi bilan hamma narsa o‘zgardi. Ukraina shaharlari bilan birgalikda Kreml Rossiyaning butun dunyo bo‘ylab, ayniqsa postsovet hududida ta’siri vayron bo‘lmoqda.
Endi Moskva yo‘nalishidan chetga chiqqan har qanday bayonot yoki imo-ishora Markaziy Osiyo mamlakatlarining Rossiya bilan aloqalarini uzishga urinishlariga o‘xshaydi va uning yaqinda mintaqadagi ta’sirining tugashi haqidagi gumonga sabab bo‘ladi. Vaholanki, Rossiyaning mintaqa bilan tovar aylanmasi tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda, ulkan migratsiya oqimlari har ikki yo‘nalishda ham harakat qilmoqda va eng yuqori darajadagi uchrashuvlar soni rekordlarni yangilamoqda.
Shunday qilib, oxir-oqibat nima bo‘ladi: Markaziy Osiyo Rossiyadan uzoqlashadimi yoki aksincha, unga yaqinlashadimi?
Biz ular bilan birga emasmiz
Rossiya ta’sirining zaiflashishi haqida gapirishga asos bor. O‘tgan o‘n oy ichida Markaziy Osiyoda Rossiya propagandasi “munosabatlarning ittifoqchilik ruhiga to‘g‘ri kelmasligi” haqida ko‘p gapirildi va bu bo‘yicha yetarlicha ish qilindi.
Birinchidan, mintaqaning barcha mamlakatlari nafaqat Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlamadilar, balki Rossiyaga qarshi sanksiyalarga ham rioya qilmoqdalar. Masalan, Markaziy Osiyo banklari Mir kartalarini qabul qilmaydi — faqat Amerika xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan ruxsat berilgandan keyingina Qozog‘istonda jismoniy shaxslarga ulardan foydalanishga ruxsat bergan.
Hech bir mamlakat DXR, LXR va boshqa Ukraina hududlarini Rossiyaning bir qismi deb tan olmadi, bu ham ommaviy ravishda va hech bir rus siyosiy atamalariga og‘ishmagan holda e’lon qilindi. Agar 2014 yildan keyin Markaziy Osiyo rahbarlari Qrimdagi voqealarni anneksiya deb atashdan qochishgan bo‘lsa, endi ular Ukrainada urush davom etayotganini ochiq aytmoqdalar.
Shuningdek, Markaziy Osiyo Rossiya o‘ziga "dushman" deb hisoblagan mamlakatlar bilan aloqalarni faol ravishda mustahkamlamoqda. Markaziy Osiyo rahbarlari birin -ketin G‘arbga mamlakatlariga tashrif buyurib, sanksiyalarga rioya qilish bo‘yicha AQSH bilan maslahatlashmoqdalar va Rossiyani chetlab o‘tish uchun logistika yo‘nalishlarini ishlab chiqish niyatidalar.
Shu bilan birga, mintaqa Rossiyaning bir qator integratsiya loyihalaridan uzoqlashmoqda: oktabr oyida Qirg‘iziston o‘z hududida KXSHT harbiy mashg‘ulotlarini bekor qildi va dekabr oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev YEOII sammitida Putin bilan uchrashmaslik uchun Bishkekka tashrifini keyinga qoldirdi. Turkiy Davlatlar Tashkiloti kabi ta’sischisi Rossiya bo‘lmagan loyihalarga tobora ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.
Bunday muhitda har qanday kichik harakatlar Markaziy Osiyoning Rossiyadan uzoqlashishini tasdiqlaydi. Putin aeroportda ortiqcha dabdaba bilan kutib olinmadi, u bilan uchrashuvga kechikib borildi, tug‘ilgan kuniga hatto borishmadi ham, undan uzoqlashdi va hatto Rossiyaning mintaqadagi siyosati ham tanqid qilinmoqda. Biroq, boshqa ko‘plab faktlar va ma’lumotlar buning aksini ko‘rsatmoqda — hamkorlik mustahkamlanib bormoqda..
Pragmatik birdamlik
Markaziy Osiyoning hozirgi xatti-harakatlarida yangilikni ko‘rish qiyin. Ushbu mamlakatlar ilgari ham Rossiyani harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlamagan. 2008 yilda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida Dmitriy Medvedev Gruziyadagi Rossiya harakatlarini qo‘llab-quvvatlashlarini kutgandi, ammo ulardan yordam olmadi. MO mamlakatlari 2014 yilda Qrimning qo‘shib olinishini ham tan olishmadi.
Shunchaki 2014 yilda Rossiya iqtisodiyotiga qarshi sanksiyalar unchalik katta bo‘lmagan va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan pozitsiyani aniq belgilash talab qilinmagan. Endi ular uchun sanksiyalarga rioya qilish G‘arbning qo‘llab-quvvatlashi yoki Rossiyaga qarshi o‘yin emas, balki o‘z iqtisodiyotlarini qulash va izolyatsiyadan qutqarishga urinishdir.
Markaziy Osiyo uchun tashqi siyosatdagi ko‘p vektorlik —minimal iqtisodiy farovonlik uchun zaruriy shartlardandir. Bundan tashqari, Rossiya G‘arb bilan aloqalarni uzish natijasida mintaqani yo‘qotishlardan qoplashga tayyor emas va bunga kuchi ham yetmaydi.
Shuning uchun Kremlning o‘zi Markaziy Osiyo rahbarlaridan mustahkam birdamlikni talab qilmaydi. Prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov boshqacha yo‘l tutish kerakligi haqidagi murojaatlarga “hammasi joyida” deya javob qaytargan.
Vaqti-vaqti bilan Moskva Markaziy Osiyoga Rossiyaga bog‘liqligini eslatib turishi bor haqiqat. Masalan, Qozog‘iston o‘z neftining 80 foizini eksport qiladigan Kaspiy magistral neft quvurining Rossiya hududidan o‘tishi bir muddat to‘xtatib qo‘yildi. Ammo bu yerda gap mutlaq qo‘llab-quvvatlashni talab qilish haqida ketmayapti, aks holda bosim darajasi butunlay boshqacha bo‘lardi.
Moskva o‘zining so‘nggi ittifoqchilarini yetaklab yurish qudrati yo‘q. Aksincha,Ukraina bilan urush va G‘arbdan mutlaq ajralish Rossiyaning Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirdi.
Qo‘shnilar haqida eslab qolishdi
Ko‘p yillar davomida Moskvaning tashqi siyosiy ustuvorliklari Markaziy Osiyodan uzoq edi. Mintaqa Rossiyaga shunchalik bog‘liqki, u hali ham hech qayerga ketmaydi, ketaolmaydi, deb ishonishgan. Ammo urush va tashqi sheriklarni tanlash imkoniyatining pasayishi Kremlni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni birdaniga yaxshilashga majbur qildi.
Natijada Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan tovar aylanmasi tez sur’atlar bilan o‘sa boshladi: Qozog‘iston bilan — 2022 yilning o‘n oyida 10%, O‘zbekiston bilan — to‘qqiz oy ichida 40%, Tojikiston bilan — 22%, Qirg‘iziston bilan — olti oy ichida 40%, Turkmaniston bilan — birinchi chorakda 45% o‘sgan.
2022 yil apreldan iyungacha Rossiyaga so‘nggi olti yil ichida Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar soni rekord darajaga yetdi: O‘zbekistondan 1,5 million, Tojikistondan 952 ming, Qirg‘izistondan 223 ming. Shunga ko‘ra va tabiiy ravishda, Rossiyadan ushbu mamlakatlarga pul o‘tkazmalari o‘sdi.
Ushbu o‘sish asosan sanksiyalar bois savdo oqimlarini qayta yo‘naltirish va urush tufayli ruslarning Markaziy Osiyoga ommaviy ravishda ketishi bilan bog‘liqligi aniq. Shu bilan birga, Moskva endi mintaqaga ko‘proq e’tibor qaratayotgani va u bilan aloqalarni rivojlatirmoqchi bo‘layotgani bor gap.
2022 yilga kelibgina Putin ko‘p yillar davomida birinchi marta Markaziy Osiyoning barcha beshta davlatiga tashrif buyurganini hamda mintaqadagi hamkasblari bilan telefon va video aloqa orqali tez-tez muloqot qila boshlaganini payqash qiyin emas. Rossiya Prezidentining Markaziy Osiyo rahbarlari bilan onlayn va shaxsiy uchrashuvlarining umumiy soni bu yil naqd 50 dan oshdi.
Putindan tashqari, Rossiyaning barcha yuqori rahbariyati, bosh vazir Mishustin va Xavfsizlik kengashi rahbari Patrushev kotibidan tortib Gazprom rahbari Miller hamda ko‘plab gubernatorlar, urush boshlanishi bilan Markaziy Osiyoga kelib ketishga ulgurishdi. Moskvaning bunday qiziqishi nafaqat Rossiyani izolyatsiya qilishga urinishlar muvaffaqiyatsiz tugaganini namoyish etish istagi bilan, balki amaliy masalalar bilan ham bog‘liq. Markaziy Osiyo mamlakatlariga Moskvani BMTdagi ovoz berish jarayonlarida vaqti-vaqti bilan qo‘llab-quvvatlab turish eslatib turildi.
Masalan, Tojikiston Rossiyaga Eron kamikadze dronlarini yetkazib berishda shubha ostiga olindi. Dushanbe esa buni rad etgani bilan, u yerda Eron o‘zining birinchi xorijiy ishlab chiqarishini ochdi. O‘zbekistonning "Promcomplektlogistic" kompaniyasi Rossiya harbiy-sanoat kompleksi bilan hamkorlik qilgani uchun Amerika sanksiyalariga uchradi. Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi Turkmaniston qamoqxonalaridagi mahbuslarni urushga jalb qilayotgani haqida xabarlar mavjud. Qirg‘izistondan Rossiyaga optik anjomlarini yetkazib berish yetti baravar oshdi va Yevropa Ittifoqidan Qozog‘istonga maishiy texnika importining o‘sishi uning chiplari Rossiya harbiy sanoatida ishlatilayotgani bilan bog‘liq.
Bunga javoban Rossiya mahalliy ichki siyosatga ko‘proq kirib bormoqda. Ilgari Moskva mahalliy rejimlarni faqat rossiyaparast bo‘lishini ta’minlash yetarli deb hisoblagan bo‘lsa, endi mamlakat ichidagi liderlarni ham ochiq-oydin quvvatlashga o‘tdi.
Masalan, Rossiya Tojikiston rahbariyatining bir necha yillik so‘rovlaridan so‘ng "Islomiy tiklanish" partiyasini terroristik-muxolifat partiyasi deb tan oldi. Shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikistonning iltimosiga binoan Rossiyada faollar va sobiq siyosatchilarni hibsga olish hamda deportatsiya qilish yanada faollashdi — hatto Rossiya fuqaroligidan ham chiqarib yuborishlar kuzatildi.
Agar ilgari Rossiyadan imtiyozlar olishning muhim sharti uning integratsiya loyihalarida ishtirok etish bo‘lsa, endi bu ixtiyoriy. Moskva O‘zbekistonga migratsiya bo‘yicha imtiyozlar berib, "orgnabor"ga taklif qilingan ishchilarning soniga bo‘lgan cheklovni bekor qildi va Tojikistonda migratsiya markazini ochdi, garchi ikkala mamlakat ham YEOII tarkibiga kirmasa ham.
Rossiyaning avtoritarlik bo‘yicha yangi uslublari ham Markaziy Osiyoga tobora ko‘proq eksport qilinmoqda. Qirg‘izistonda rasmiylar ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi yangi qonunni taklif qilishdi, bu Rossiyadagi qonunchilik bilan 95% bir xil. Shuningdek, harakatlari hukumatga yoqmagan jurnalistlarni ta’qib qilish bo‘yicha Rossiya amaliyotini qabul qilmoqda. O‘zbekistonda ular "noan’anaviy jinsiy aloqalarni targ‘ib qilish" ni jinoiy javobgarlikka tortishni, Qozog‘istonda esa "maxsus (inqirozli) davrda qurolli kuchlarni obro‘sizlantirish" uchun jazo joriy etishni taklif qilmoqdalar.
Keyin-chi, keyin nima bo‘ladi?
Bularning barchasi shuni ko‘rsatadiki, Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri turli sohalarda davom etmoqda va yaqin kelajakda to‘xtash niyatida emas. To‘g‘ri, uzoq muddatli rejalar haqida biror bir narsa deyish qiyin.
Markaziy Osiyoda integratsiya loyihalarini amalga oshirish Rossiyaga uchun avval ham oson bo‘lmagan va urush bu harakatlarni deyarli puchga chiqardi. YEOII tarkibida O‘zbekistonni ko‘rish va buni kutishga hojat yo‘q, shu jumladan Tojikistonni ham. Agar bu amalga oshgan taqdirda ham, juda katta imtiyozlar evaziga amalga oshadi.
KXSHTning obro‘si esa yanada pasayib bormoqda. Ukraina frontidagi muvaffaqiyatsizliklar Rossiyaning kuchli armiyasi haqidagi afsonalarni ertakka aylantirdi, bu esa Rossiya xavfsizlik soyaboniga bog‘liq bo‘lgan mamlakatlarni jiddiy o‘ylanishga chaqirdi. Bu KXSHT tez orada parchalanadi degani emas, lekin uni kengaytirish imkoniyati ham nolga teng.
Rossiyaning Markaziy Osiyodagi "yumshoq" ta’siri bizning ko‘z o‘ngimizda erib bormoqda. So‘rovlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo aholisining aksariyati (Qirg‘izistonda 70%, Qozog‘istonda 55% va O‘zbekistonda 30%) hozirgi iqtisodiy qiyinchiliklarni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan izohlamoqda. Bishkek va Olmaotada urushga qarshi bir nechta norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, ko‘ngilochar joylar rus estrada yulduzlarini qabul qilmadi, rus tili mashhurligini yo‘qotmoqda va mahalliy provayderlar rus bo‘lmagan telekanallar ro‘yxatini kengaytirmoqda.
Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalari Ukrainadagi voqealarni obyektiv ravishda yoritishga harakat qilmoqdalar, buning uchun Rossiyada Roskomnadzor ularni to‘sib qo‘ydi. Jamoatchilik muhokamasida dekolonizatsiya mavzulari yana paydo bo‘ldi.
Markaziy Osiyodagi Rossiya ta’sirining asosiy ustuni siyosiy elita o‘rtasidagi ishonch bo‘lib qolmoqda. Ushbu rejimlarning boshida taxminan bir xil odamlar bor — sovet davrida o‘sgan va o‘zaro rus tilida muloqot qiladigan chollar.
Hozircha ushbu rejimlar Kreml bilan urushga kirishish xavfini tug‘dirmaydi va Rossiyadan uzoqlashish bo‘yicha jamoatchilik so‘roviga juda ehtiyotkorlik bilan javob bergan holda maktablarda rus tili darslarini qisqartiradilar yoki ko‘chalarning nomlarini o‘zgartiradilar., xolos. Ammo Markaziy Osiyodagi elita asta-sekin o‘zgarib bormoqda, jamiyat hali ham juda yosh — aholining o‘rtacha yoshi 30 yoshdan past. Ular sovet davrida uylg‘aymaganlar, rus tilida kamroq gaplashadilar va Rossiyadan o‘rnak olishmaydi.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyoning hozir yakkamoxov bo‘lib qolgan Rossiyadan tobora uzoqlashishi tabiiy jarayondir. Zero, Markaziy Osiyo davlatlari hech qachon hozirgidek mustaqil bo‘lmagan.
Abdulqodir Mahmud tayyorladi
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar