Yulduz Usmonova va Prezident muloqoti ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi (video)

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan san’atkorlarni mukofotlash marosimida Yulduz Usmonova bilan bo‘lgan muloqot ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.
So‘zga chiqqan Usmonova davlat tomonidan berilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirar ekan, ayrim muammolarga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, har yili unvon olayotgan san’atkorlarning ayrimlari keyinchalik ijoddan uzoqlashib qolmoqda.
“Bu unvonlar san’atkorni rag‘batlantirish, motivatsiya berish va xalq uchun xizmat qilishga undashi kerak. San’atning nonini yegan ekansiz — ishlashingiz kerak. Davlat san’atdan hech qachon mablag‘ni ayamagan, endi biz ham bunga munosib javob qaytarishimiz lozim”, dedi xonanda.
Shuningdek, u ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash, san’atkorlarning jamiyat va davlat bilan hamnafas bo‘lib ishlashi zarurligini ta’kidladi.
Prezident Mirziyoyev esa o‘z navbatida Yulduz Usmonovaning samimiy va dadil fikrlarini yuqori baholadi.
“Yulduz Usmonova ko‘plab muhim masalalarni ko‘tardi. Uning mehnatkashligi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi va xalq orasidagi obro‘si alohida e’tiborga loyiq. Agar barcha san’atkorlar siz kabi ishlasa, konsert ham, kino ham, natija ham bo‘ladi”, dedi davlat rahbari.
Uchrashuv yakunida prezident san’at ahliga muvaffaqiyat tilab, ularning mehnati mamlakat taraqqiyoti uchun muhim ekanini yana bir bor ta’kidladi.