
Shunday kunlarga yetib keldikki, haj, ayniqsa umra ziyorati ancha oson bo‘lib qoldi. Minglab yurtdoshlarimiz bu imkoniyatda foydalanib, muqaddas joylarni ziyorat qilib, muqaddas makonlarda ibodat qilib kelish baxtiga muyassar bo‘lishmoqda.
Har bir tadbirda va safarda bo‘lgani kabi haj va umra ziyoratining ham o‘z odobi bor albatta. Turli yosh, kasb, ijtimoiy mavqedagi va madaniyatga ega odamlardan tashkil topgan jamoalar ham tabiiyki, Makka va Madina shaharlarida o‘zlarini turlicha tutishadi.
AzonTV da berilgan “Fikrat” ko‘rsatuvida bugun dolzarb bo‘lib turgan mavzulardan biri - umra ziyoratidagi muammolar haqida so‘z bordi. Haj va umra assotsatsiyasi raisi Sherzod Sami va Makkadagi mehmonxonalar guruhi rahbari Abdulaziz Muhammad ishtirokidagi ko‘rsatuv asosan tomoshabinlarning savollariga javob shaklida bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, O‘zbekiston, umuman Markaziy Osiyodan borayotgan ziyoratchi musulmonlar yo‘l qo‘yadigan doimiy xatolar haqida savol berildi. Bundan keyin safarga chiqadigan yurtdoshlarimiz uchun foydali bo‘lsin, degan maqsadni ko‘zlagan ushbu savollarga ko‘rsatuv mehmoni Abdulaziz Muhammad javob berdi. Uning aytishicha, muqaddas shaharlarda ziyoratchi o‘zbekistonliklar ko‘paygani ko‘ngilga quvonch bag‘ishlaydi. Biroq ayrim mehmonlarda jamoat joylarida o‘zini tutish odobi kamlik qilib qolyapti.
- Misol sifatida aytadigan bo‘lsak, mehmonxonalarda taomlanish paytida “shved stoli” tarzida tuzalgan dasturxondan taomlangan ziyoratchilar to‘yganlaridan keyin ham stol ustidagi ovqatlardan sumkalariga solib olib ketishlari kuzatilmoqda, deydi Abdulaziz Muhammad. - Bu juda achinarli holat. Shuning uchun ziyoratchilarga takror-takror aytamizki, “siz uchun ertalab soat 6 dan 10 gacha dasturxonga tortilgan nonushtadan to‘yguningizcha taomlaning, ammo o‘zingiz bilan hech narsa olib ketmang. Kechki ovqat paytida ham xuddi shunday vaziyat - juda ko‘p bizga e’tirozlar kelayapti. Chunki taomlar ma’lum miqdordagi odamlar uchun tayyorlanadi. Ya’ni, “shved stoli”da boshqalarning ham haqqi bor. Faqat bemorlar uchun ovqat olib ketish istisno tariqasida ruxsat beriladi.
Shuningdek, “Masjidul Haram” ichidan zam-zam suvini olib chiqib ketish harommi, o‘g‘irlik hisoblanadimi, deb ko‘p savol berishadi. Bu albatta halol suv. Bunday gap so‘zlarga ishonmang, deydi Makkadagi mehmonxonalar guruhi rahbari Abdulaziz Muhammad.
Albatta ekspertning gaplarida jon bor. Mehmon odobi bilan aziz. Chunki har bir yurtdoshimiz xorijda nima maqsadda yurmasin yurtimizni tamsil qilishadi. Ularga qarab O‘zbekiston va uning xalqi haqida xulosa qilishadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar