
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda Qur’oni karimni arab harfidan boshqa harflarda yozilganini o‘qish haqida shov-shuv, munozaralar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati xuddi shu mavzudagi savolga javob bergan. Quyida mazkur javobni havola qilamiz.
CAVOL: Qur’on sura va oyatlarini kirillchada yozib yodlasa bo‘ladimi?
JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Avvalo Qur’on yodlashga bo‘lgan intilishingiz maqtovga sazovor. Qur’oni karim Alloh taoloning buyuk kalomi bo‘lib, uni yod olish naqadar ulkan savob ish ekani Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislarida zikr qilingan:
اقرؤوا القران فانه ياتي يوم اقيامة شفيعا لاصحابه (رواه الامام مسلم عن ابي امامة الباهلي رضي الله عنه)
ya’ni: "Qur’on o‘qinglar, chunki Qur’on qiyomat kunida o‘z egalarini shafoat qiladi" (Imom Muslim rivoyatlari).
Qur’oni karim arab tilida nozil bo‘lgan. Undagi ba’zi harflar borki, uni boshqa yozuvda, xususan, siz aytayotgan "kirill" yozuvida ifodalab bo‘lmaydi. Natijada biz xato o‘qiymiz va xato yodlaymiz, savob o‘rniga gunohkor bo‘lib qolishimiz ham hech gap emas.
Hanafiy mazhabining muhaqqiq ulamolardan Imom Shurunbuloliy bu mavzuda alohida kitob yozib, unda quyidagilarni ta’kidlagan:
إجماع الأئمّة الأربعة، واتفاق علماء مذاهبهم، على أنّ اتباع رسم خط المصحف العثماني واجب في كتابة القرآن الكريم، وأنّ كتابته بعبارة غير عربيّة: حرام، وكذا كتابته بغير خطّ عربيّ: ممنوع.
ya’ni: “To‘rt fiqhiy mazhab imomlarining ijmosi va ularning mazhabidagi ulamolarning ittifoqiga ko‘ra Qur’oni karim yozilishida Usmoniy mus'haf xatiga ergashish vojibdir. Arab tilidan boshqa tilda yozish haromdir. Shuningdek, arab xatidan boshqada yozish ham man qilingandir” (“An-Nafhatul qudsiyya fi ahkami qiroatil-Qur’an va kitabatihi bil-farisiyya” kitobi).
Hozirgi kunda ko‘plab, yirik fatvo uyushmalari tomonidan Qur’oni karimni lotin yoki boshqa alifboda yozish harom ekaniga bir ovozdan qaror qabul qilganlar. Ular qatorida Saudiya Arabistonidagi “E’tiborli ulamolar hay’ati”, Misr Arab Respublikasi “Al-Azhar unversiteti fatvo qo‘mitasi”, “Hindiston ulamolar jamiyati” (Dehli) kabi jami yigirmadan ortiq nufuzli tashkilot va hay’atlarning fatvo uyushmalarini ko‘rish mumkin.
Shundan kelib chiqib Sizga Alloh taoloning Kalomini arab harfida, qanday nozil bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha yodlashga harakat qilishni tavsiya qilamiz. Zotan, hozirda buning uchun imkoniyatlar yetarli. Qur’onga xizmat qilayotgan qorilarimiz, ulamolarimiz arab imlosini o‘rgatuvchi turli xil risolalar va kitoblar nashr qildilar. Qolaversa, telegram kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali sodda uslubda Qur’oni karim va tajvid bo‘yicha darslar e’lon qilinmoqda. Shulardan foydalangan holda, darslarni muntazam o‘zlashtirib borsangiz tez kunda Qur’oni karimni arab imlosida o‘qiy boshlaysiz, inshaalloh. Buning uchun ozgina mehnat, sabr va eng asosiysi chin ixlos kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar