
Toshkent viloyatida internet orqali fuqarolarning ishonchini suiiste’mol qilib, qariyb 1 milliard 32 million so‘m miqdoridagi mablag‘ni o‘zlashtirgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIBB Kiberxavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, gumon qilinuvchilar Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida “limitlash xizmati” nomi bilan sahifa ochib, fuqarolarga turli mikromoliya tashkilotlaridan ajratilgan kredit limitlarini naqdlashtirib berishni va’da qilishgan.
Ammo bu va’dalar ortida puxta o‘ylangan firibgarlik sxemasi yashiringan. Tergovda aniqlanishicha, Ohangaron tumanida yashovchi 2005 yilda tug‘ilgan B.N. va uning uch nafar sherigi o‘zlari ro‘yxatdan o‘tkazgan tadbirkorlik sub’ekti orqali onlayn savdo platformalarida faoliyat yuritib, fuqarolardan olingan pullarni aldov yo‘li bilan o‘zlashtirishgan.
Natijada 600 nafar fuqaro zarar ko‘rgan, umumiy zarar miqdori esa milliard so‘mdan oshgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud qaroriga binoan, gumon qilinuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!