16:04 / 30.05.2023
119

Shavkat Mirziyoyev: partiyalar rolini oshirish uchun majoritar saylov tizimi joriy etiladi

Shavkat Mirziyoyev: partiyalar rolini oshirish uchun majoritar saylov tizimi joriy etiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonda davlat xizmatlari to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
 
Qayd etilishicha, endi davlat xizmatlari uchun odamlar ovora bo‘lib, ariza yoki blanka to‘ldirmaydi, pasport yoki boshqa hujjat taqdim qilmaydi. Davlat idoralari zarur hujjatlarni elektron tizimdan o‘zi oladi.
 
“Har bir mahallada elektron xizmat nuqtalarini ishga tushirib, ularni barcha masalalarni “bir qadam”da hal etadigan maskanga aylantiramiz.
 
Korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash olib boramiz. Bizning jamiyatda bu illatga mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi shart! Mana shunday prinsipial qarash jamiyatimiz hayotida mustahkam qaror topishi uchun barchamiz birgalikda qat’iy harakat qilishimiz kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Bildirilishicha, so‘nggi islohotlar doirasida Parlament vakolatlari kengayib, Hukumatning hisobdorligi oshdi. Ushbu o‘zgarishlar siyosiy partiyalardan ham o‘z elektorati oldidagi mas’uliyatni yanada kuchaytirishni talab etadi. Shu maqsadda, partiyalar rolini oshirish, ular o‘z kuchi va imkoniyatlarini amalda namoyon etishi uchun, aralash, ya’ni majoritar – proporsional saylov tizimi joriy etiladi.
 
Endi fuqarolar Qonunchilik palatasidagi 150 ta deputatlik o‘rnining 75 tasi bo‘yicha aniq bir nomzodni saylasa, qolgan 75 tasi bo‘yicha siyosiy partiyaga ovoz beradi. Bunday tizimda bironta saylovchining ovozi e’tibordan chetda qolmaydi.
 
Hokimlar Kengash oldida, xalq oldida hisobdor bo‘lgan tizim joriy etiladi. Mol-mulk va yer soliqlari mahallada qolishi hisobiga, mahalla budjetida yiliga 3 trillion so‘m mablag‘ paydo bo‘ladi.
 
Kelgusi yilda “Ochiq budjet”ga beriladigan mablag‘ 3 karra oshirilib, 24 trillion so‘mga yetkaziladi. Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytiriladi.
 
“Bugungi kunga qadar 7 turdagi tergov harakatlariga sanksiya berish vakolati sudlarga o‘tkazilgan bo‘lsa, endi ularning doirasi yanada kengayadi. Lekin, hozir tumanda bir sudya tergovda huquqni cheklashga sanksiyani ham o‘zi beryapti, ham o‘zi jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqaryapti. Albatta, bu yerda xolislik, adolat buziladi. Shuning uchun, bundan buyon tergovda huquqni cheklashga sanksiya berishni alohida sudyalar amalga oshirishi, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi”, dedi u.
 
Jabrlanuvchining iltimosiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atmasdan ham yarashish imkoniyati yaratiladi.
 
“Shuningdek, odamlarni “qamog‘ga olib tergov qilish” amaliyotini kamaytirish, buning o‘rniga garov ehtiyot chorasidan keng foydalanish imkoniyatini yaratish lozim.
 
Ushbu masalada sudlarimizga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish kerak. Qamoqdagi shaxslardan olingan “aybni bo‘yniga olish” haqidagi ariza dalil sifatida qabul qilinmasligi shart. Dunyo amaliyotidan kelib chiqib, jinoyat sodir qilgan shaxslarni ular kelgusida tuzalish yo‘liga o‘tishi uchun, muqobil jazo turlarini kengaytirish zarur. Har bir jazo tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishi va takroriy jinoyatning oldini olishga xizmat qilishi lozim.
 
Tadbirkorlar uchun jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirish, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi. Xususan, soliqqa oid jinoyatlar bo‘yicha tadbirkor sud hukmi chiqqunga qadar zararni qoplasa, javobgar bo‘lmasligi kerak (hozir faqat tergov boshida 30 kun muhlat beriladi)”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: partiyalar rolini oshirish uchun majoritar saylov tizimi joriy etiladi
ePN