13:57 / 01.06.2023
530

“Bizni o‘ldirib yubormoqchi bo‘lishdi” – Turkiyada talonchilar hujumiga uchragan o‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchisi

“Bizni o‘ldirib yubormoqchi bo‘lishdi” – Turkiyada talonchilar hujumiga uchragan o‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchisi

2022 yil mart oyida O‘zbekistondan Turkiyaga yuk olib ketayotgan 2ta tir Bursa yo‘lida talonchilar hujumiga uchraydi. 20 kishiga yaqin uyushgan to‘da haydovchilarni qo‘lga olib, mashinadagi 22 tonna misni olib qo‘yadi. Haydovchilardan biri va uning advokati jinoyatchilar fosh etilgani hamda aybsiz ekani qanday isbotlangani haqida Kun.uz’ga gapirib berdi.

2022 yilning 24-25 fevral kunlari Olmaliq kon metallurgiya zavodidan ikkita yuk mashinasiga 22 tonnadan mis yuklanadi va mashinalar Turkiyaning Denizli shahriga qarab yo‘l oladi. Dastlab Gruziya dovoni orqali o‘tishi kerak bo‘lgan haydovchilar, dovon berk bo‘lgani uchun aylanma yo‘ldan ketishga majbur bo‘ladi. Shuning hisobiga Turkiyaga kirib borish cho‘zilib qolib, mashinalar 29 mart kuni kechki payt 19:00lar atrofida Turkiyaning Bursa shahriga kirib boradi. Shu vaqtdan bir necha soat o‘tib, mashina oldini talonchilar to‘dasi to‘sib qo‘yadi.

30 mart kuni tungi soat 12lar atrofida qurolli hujumga uchradik, manzilga yetishimizga 300 km chamasi qolgandi hamki, 4ta mashinada 15ta qurollangan, yuz-ko‘zlari o‘ralgan shaxslar hujum qilishdi. Mashinamizga o‘q otishdi. Va to‘xtashga majbur bo‘ldik. Haydovchilar 3 kishi edik. Yuklarimizni olib qo‘yib, mashinalarimizni o‘zlari haydab ketishdi. Bunaqa vaziyatda o‘zingni emas, ortingda qolgan oilangni o‘ylar ekansan. Ular kutadi. Bor-yo‘g‘ingni bilmaydi”, – deydi shu voqea jabrdiydalaridan bo‘lgan Po‘latxo‘ja Mamadaliyev.

Shundan keyin haydovchilarni yengil mashinalarga mindirib Hopa hududidagi tog‘li joyga olib borishadi. Haydovchining aytishicha, qaroqchilar ularni o‘ldirib yubormoqchi bo‘lgan. Lekin mashinalarida GPS borligini bilib qolgach, fikrlaridan qaytishgan.“Bizni qo‘lga olishganda, kimdir ularga qo‘ng‘iroq qilib mashinamizda GPS borligini aytib qoldi. Shundan keyin bizni yana qayergadir taxminan 250 kmcha uzoqlikdagi uyga olib borib qamab qo‘yishdi. U yerda bir kun ushlab turishdi va undan keyin boshqa uyga olib borishdi. U yerda bizni 4-5 kishi qo‘riqlab turdi”, – deydi Po‘latxo‘ja.

Haydovchilar bu yerda 5 kun ushlab turilgach, ularni chegaragacha olib borib, chiqib ketishni aytishadi. “Mashinalardan yuklarni olib bo‘lishgach, bizga Turkiyadan tez chiqib ketishimizni aytishdi. Ortingizdan chegaragacha kuzatib boramiz, hech qayerda to‘xtamanglar, deyishdi. Rostdan ham chegaragacha 2 mashina qurollangan yigitlar kuzatib keldi. To‘xtab politsiyaga xabar berolmadik. Telefonlarimizni ham olib qo‘yishgandi. Nima qilishni bilmasdik”, – deydi haydovchi.

Lekin chegarada bojxona xodimlari haydovchilarni o‘tkazmaydi. Chunki ular o‘zlari bilan yukni manzilga olib borib bergani haqidagi hujjatni taqdim qilishlari kerak bo‘lgan. Ularda esa hujjat yo‘q edi. Shundan keyin haydovchilar boshidan o‘tkazganlarini chegaradagilarga aytib berishadi. Holatni prokuratura o‘rganib, o‘g‘rilar topilgach, haydovchilarga Turkiyadan chiqishga ruxsat berilishini aytishgan. “Mashinalarimizni musodara qilib, o‘zimizni tergov qilishdi. Turkiyadan chiqishimizni taqiqlashdi. Agar chiqib ketsak, barcha ayblov bizning bo‘ynimizga tushar ekan. Xullas, tekshiruvlar 1 oyga cho‘zildi va oradan bir oycha vaqt o‘tgach, Turkiyadan chiqib ketishimiz mumkinligini aytishdi. Biz bu uchun ruxsatnoma yoki biror hujjat berishlarini so‘radik. Onlayn jo‘natamiz deb bizni chegaraga jo‘natishdi. Lekin chegaraga borganimizdan so‘ng yana shu holat takrorlandi”, – deydi Mamadaliyev.

Bu vaqt orasida yuklarni eltib berishga mas’ul logistika firmasi haydovchilarga “yukni o‘zlari o‘g‘rilarga pullagan” deb hujjat ham tayyorlashadi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, shu kompaniya xodimlaridan birining o‘g‘rilar bilan tili bir bo‘lib chiqadi. Chegarada qolib ketgan, haydovchilar nima qilishini bilmay, uydagi yaqinlariga telefon qilishadi va bo‘lgan voqeani aytib, konsullik bilan bog‘lab berishlarini so‘rashadi. O‘zbekistonning Anqaradagi konsuli Oybek Razzoqov haydovchilarga yordam berish maqsadida turkiyalik advokat Aylin Uzelni yollaydi.

Oybek Razzoqov bilan gaplashgandan keyin men mashinamga minib Hopaga yo‘l oldim. Chunki voqealar Hopada sodir bo‘layotgandi, haydovchilarning yuk mashinalari ushlab turilgandi. Ularga qarshi 2ta ish ochildi. Bittasi Arxavida ishidan qing‘ir maqsadda foydalangani haqida bo‘lsa, ikkinchisi Hopada o‘g‘rilik qilgan degan ayb qo‘yildi. Guruhni fosh etish operatsiyasi Bursada amalga oshirildi. Bursa bosh prokuraturasining o‘g‘rilikka qarshi kurashish shu’basi bilan birgalikda 20 kishidan iborat uyushgan guruh qo‘lga olindi. Va bizning haydovchilarning ustidan ayb olib tashlandi”, – deydi advokat Uzel.

Uzel Turkiyada 10 yilga yaqin vaqt davomida advokatlik qilayotgan bo‘lsa, bunday jinoyatchilik juda kamdan kam uchrashini, shuning uchun o‘zbekistonlik haydovchilar bilan bo‘lgan voqea Turkiya uchun ham bir namuna, tajriba ishi bo‘lganini aytadi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘rilarni topishda eng muhim narsa Turkiyadagi kamera videoyozuvlari bo‘lgan. Mamlakatdagi radarlar, kameralar bir markaziy tizimga ulangan, shu tizimga bir kunda har kuni 50 million video va rasmlar kameralarga qayd bo‘lib boradi. Ular ma’lum muddat saqlanadi. Bursadan prokurorlar shu sistema orqali qidirishni boshlab, jinoyatchilarni qo‘lga tushirgan. Bu ishda Turkiya yo‘llaridagi barcha kameralar ko‘tariladi, videolar, rasmlar yig‘iladi. Chunki ishda haydovchilar bergan ko‘rsatmalardan boshqa dalil bo‘lmagan.

Aylinning aytishicha, qo‘lga olingan o‘g‘rilar faqat O‘zbekiston haydovchilariga qarshi emas, balki undan oldin Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Eron yuk avtomobillarini ham o‘marib kelgan va hali ham ayblariga iqror bo‘lmagan. “Birinchi sud bo‘lib o‘tdi. Lekin aybdorlar ayblarini inkor qilyapti. Biz talonchilik qilmadik, haydovchilar bilan kelishib misni ulardan sotib oldik deyishmoqda. Aybimiz haydovchilardan misni sotib olganimiz bo‘ldi. Ammo hujjatlarda shunday dalillar borki, rasmlar, videolar, mashina raqamlari bizning haydovchilar to‘g‘ri gapirayotganini ko‘rsatadi”, – deydi Aylin.

Advokat o‘g‘rilarni qo‘lga olishda Anqaradagi konsul Oybek Razzoqov va O‘zbekistonning Anqaradagi elchisi Bahodir Nazarovning harakatlarisiz ish oldinga ketmagan bo‘lishi mumkinligini aytadi. “Biz ular bilan hamkorlikda ishladik. Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirliklariga notalar yozdik. Turkiyada davlat xizmatchilari o‘zbekistonlik vatandoshlar boshiga bunday bir dard keldi va biz O‘zbekiston tomoni sifatida ularga yordam berishga tayyormiz degan mazmunga maktublar yozdik. Bundan tashqari ham Bursa bosh prokuraturasiga keldi va ishni ko‘rib chiqdi. U yerdagi xodimlar bilan gaplashdi va O‘zbekiston fuqarolarini tashlab qo‘ymasligini, agar vatandoshlar yolg‘on aytayotgan bo‘lsa, shuni isbotlashni, agar gunohsiz bo‘lsa, aybdorlarni topishni so‘radi”, – deydi advokat.

Aylin Uzel xorijda biror yomon vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonliklardan hech qachon chekinmaslikni, o‘zbeklar qanday muammoga duch kelsalar ham uyalmay elchixona yoki konsulliklarga borib, muammosini tushuntirishlari kerakligini  ham ta’kidladi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Bizni o‘ldirib yubormoqchi bo‘lishdi” – Turkiyada talonchilar hujumiga uchragan o‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchisi
ePN