23:37 / 14.01.2024
219

Faollar toza havo uchun fleshmob uyushtirishdi (foto)

Faollar toza havo uchun fleshmob uyushtirishdi (foto)
Foto: t.me/Urik_guli

O‘zbekistondagi taniqli faollar juma kuni aholi va hukumatning e’tiborini og‘irlashib borayotgan ekologik muammolarga qaratish maqsadida Toshkent shahri markazida #TozaHavoKerak fleshmobini o‘tkazishdi.

Aksiyada ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova (O‘rikguli), reper Konsta, stendapchi Mirshakar Fayzullayev, blogerlar Umid Gafurov, Mirzayor Erkinov, Sarvinoz Tolibayeva, A’zam Qahramoniy, Sa’dulla Abdullayev va boshqalar qatnashgan.

Mirzayor Erkinov telegram-kanalida fleshmobdan maqsad ko‘proq o‘zbekistonliklar ekologiya bilan bog‘liq holatga befarq bo‘lmasligi, kurashishiga chorlov ekanini ta’kidlagan.

Mirzayor Erkinov

«So‘nggi yillarda yurtimiz hududida nafas olish yo‘llari bilan bog‘liq kasalliklar ko‘paygani sayin daraxtlar kesilishi, turar joylar tinimsiz qurilishi, avtomobillar ham haddan ziyod ko‘payib ketgani sezilyapti, suvning qadriga yetilmayotgani va eng yomoni — turli zaharli gaz, chang, tutunlar chiqaradigan zavod-fabrikalarning to‘porilarcha ishlashi ham aholi salomatligida o‘zining izini ko‘rsatyapti.

Fleshmobdan maqsadimiz ko‘proq o‘zbekistonliklar ekologiya bilan bog‘liq holatga befarq bo‘lmasligi, kurashishiga chorlov. Bugun Vatan himoyachilari kuni, uning musaffo osmonini va odamlarini qurol emas, tabiatga nisbatan munosabat bilan ham himoya qilsa bo‘ladi. Har bir o‘zbekistonlik o‘zi uchunmas, atrofidagilar uchun ham mas’ulligi darajasini oshirishi kerak.

Undan kutayotgan maqsadimiz — hukumatning mas’ul bo‘g‘inlari ekologiya masalasini kun tartibida ushlab turishi, qat’iy-qat’iy choralar ko‘rishi, daraxtlar kesilishiga shunchaki jarima bilan javob bermasligi, qurilishlarni kamaytirishi va tabiatni asrashda jiddiyroq qonunlar qabul qilishi», degan u.

Ekofaol Mo‘tabar Xushvaqtova
Mirshakar Fayzullayev
Reper Konsta o‘zining Havo nomli qo‘shig‘idan iqtibos keltirgan
Sa’dulla Abdullayev
Sarvinoz Tolibayeva
Umid Gafurov
 Teacher Azam (A’zam Qahramoniy)

O‘zbekistonda daraxtlar kesilishi, yashil hududlarda qurilishlar qilinishi, havo sifati yomonlashishi muammolari haqida bir necha yildan buyon yozib kelinadi, ammo hukumat tomonidan qat’iy choralar ko‘rilmagan. Bu yil esa havo sifati buzilishining tashqi belgilari yaqqolroq ko‘rina boshladi va ekologiya masalasi yanada dolzarblashdi.

Shu kunlarda Ekologiya vazirligi Toshkent havosi ifloslanishiga ta’sir etayotgan omillarni ma’lum qildi. Tahlillarga ko‘ra, poytaxt havosi ifloslanishiga yashillikning kamaygani, betartib qurilishlar, transport oqimi yuqoriligi, ko‘mir va mazutdan chiqayotgan zaharli tashlanmalar sabab bo‘lmoqda. Vazirlik atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish bo‘yicha takliflarini ilgari surgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat