
Qaynona va kelin oʻrtasidagi munosabatlar, ziddiyat va ixtiloflar koʻhna zamonlardan beri bor. Ularning kelishmovchiligi haqida koʻp va xoʻp aytilgan. Bu borada ba'zilar qaynonani ayblasa, ayrimlar kelinni qoralaydi. Bir-biri bilan murosa qilgan qaynona-kelin kam topiladi. Nahotki oʻzaro murosa qilib yashash shunchalik qiyin boʻlsa? Azaliy kelishmovchilikni oldindan bartaraf etish mumkin emasmi? Quyida shu kabi savollarga mutaxassis javoblari bilan tanishasiz.
Boricha qabul qilish... mashaqqati
??? «Men yaqinda bir oilaga kelin boʻlib tushdim. Momolarimiz aytganiday, «oʻzga xonadonda toshday qotishim» uchun nimalarga e'tibor berishim kerak?»
T.J.
Qizlarimiz turmushga chiqqanlaridan keyin yangi hayotga qadam qoʻyish bilan birga, ularning elkasiga katta mas'uliyat, javobgarlik tushadi. Ota-onasining uyida emin-erkin yurib, aytgani ado etilgan qizlar begona xonadonga borgach, erkinliklari cheklanadi. Bu esa ularning ruhiy holatiga ta'sir qiladi.
Yangi kelinlarimiz, avvalo, har bir xonadonning urf-odati, an'analari, qoidalariga moslashishga harakat qilishlari lozim. Bu borada kelinjonlarimiz yoʻl qoʻyadigan eng katta xato shundaki, ular yangi oilani oʻz xonadoni bilan solishtira boshlaydilar. Oqibatda oʻnib-oʻsgan maskanini yaxshi, yangi uyini yomonga chiqarib, qiyin ahvolda qolishadi.
Eng toʻgʻri yoʻl: yangi xonadonni boricha qabul qilib, uning haqiqiy a'zosiga aylanishga intilishdir. Buning uchun esa oʻsha oilaning yashash tarziga hurmat bilan munosabatda boʻlish kerak, shunda atrofdagilar kelinni oʻz oila a'zosidek qabul qilishadi. Agar yangi kelinlar uyalib, shaxsiy fikrini ayta olmasa, boshqalar ham uni tushunishga qiynalishadi. Shunday ekan, eng samarali yoʻl: tushunmaganini uyalmasdan soʻrash va, albatta, oʻrganishdir.
Har qanday insonning etti yot begona sharoitga moslashuv davri 3 – 6 oy! Bu vaqt mobaynida sabr qilib, «hayot shundan iborat», deya hech nima bilan taqqoslamasdan, kelgan joyini astoydil qabul qilgan kelinlar yutadi. Turmushga chiqqan qizlarimiz mehr-muhabbat ato etgan onasini bir umr qalbida saqlagan holda, qaynonasining ham hurmatini joyiga qoʻyishsa, qaynona-kelin muammosidan ancha uzoqlashgan boʻladilar.
Oʻgʻil ajrashmaydi... janjal esa avjida!
Mening dugonam yolgʻiz oʻgʻli uchun kelin olishda adashdi. Oqibatda oʻn bir yil mobaynida kelini bilan oʻrtasida janjal toʻxtamadi. Bu orada uch nafar nevara tugʻildi. Besabr kelini koʻp marta dugonamning koʻnglini qoldirdi. Oxirgi bir yildan buyon qaynona-kelin gaplashmay ham qoʻyishdi. Dugonamning oʻgʻli esa, «xotinim bilan shuncha yil yashab qoʻydim, ajrashmayman», deyapti. Qanday yoʻl tutgani ma'qul?»
Dilorom opa, 55 yosh
Mazkur vaziyat tahlilidan kelib chiqsak, demak, ona oʻgʻliga koʻp erkinlik berib yuborgan. Bugungi kundagi hayoti oʻgʻliga bergan tarbiyasining mevasidir. Oilasiga boshqa kelin kelgan taqdirda ham ahvol shu tarzda takrorlangan boʻlardi.
Bizda ayollar oʻz farzandlari, ayniqsa, yolgʻiz bolasi uchun barcha sharoitni bekamu koʻst yaratib berishadi, oʻzi emasa ham ediradi, kiymasa kiydiradi. Eng katta xato esa onaning oʻzini unutib qoʻyishidir. U oʻgʻliga shirinlik tutqazib, «menga ham berasan-a?» deyish, in'omni qaytarish kerakligini oʻrgatmaydi. Ammo bolasi ulgʻaygach, farzandidan xuddi shuni kuta boshlaydi. Oʻgʻlingiz yoki qizingizga bolaligidan berishni oʻrgatmay, yana nimani kutasiz? Agar farzand onasiga mehr koʻrsatishi kerakligini bilganida rafiqasidan ham shuni talab qilardi.
Bu onaga aytadiganim: tagi kuyib ketgan oshingizni egingiz kelmayaptimi, demak, mazali taomni boshqatdan pishirasiz. Lekin ancha vaqt kerak boʻladi. Kelinni emas, oʻgʻlingizni tarbiyalang. Unga mehr berib, chiroyli taomlar tayyorlang, koʻproq muloqotda boʻling. «Esingdami, bolaligingda qanday eding? Oʻshanda menga bergan narsangni bekor olmagan ekanman. Bugun falon shirinlikdan ozgina keltirib ber, sening qoʻlingdan eyish boshqacha-da, bolam» deb, oʻzingiz uchun nimadir olib kelishni oʻrgating. Shu tariqa oʻgʻlingizdan e'tiborni talab qiling, unga kelinnikidan ham ziyoda mehr koʻrsatib qoʻying. Ana shunda oʻgʻlingiz xotini bilan birga siz tomon intilishiga sababchi boʻlasiz.
Yoshingiz ellikdan oshgan ekan. Bunday yoshdagi qaynona yurish-turishi, toat-ibodati, chiroyli muomalasi bilan keliniga oʻrnak boʻlishi kerakligini ham unutmang.
«Onamni desam... rafiqam...»
??? Mening onam oʻzi tanlagan qizni kelin qilgan. Ammo endi uni yoqtirmayapti. Boshim qotgan, chunki xotinim mehribon, oqibatli. Beixtiyor bir ogʻiz maqtab yuborsam, onam tumtayib oladi. Iltimos, maslahat bering. Faqat «onangiz kelinining oʻrniga qizini qoʻyib koʻrsin», demang! Aslo bunday boʻlmaydi. Onamga kelini yoqmaydi, vassalom! Uni koʻrsa, oʻz-oʻzidan qovogʻi uyulaveradi, jahli chiqadi. Ayniqsa, xotinim menga gapirsa, onamning tepa sochi tikka boʻladi. Nima qilay, ajrashaymi yoki ikki oʻt orasida yuraveraymi?
R.
Bunday muammo aksariyat oilalarda uchraydi. Gap shundaki, ona bir murgʻak vujudni voyaga etkazish uchun kechani kecha demay uyqusidan kechadi, kerak boʻlsa oʻzi emay edirib, anchagina ter toʻkadi, niyat va sabr qiladi. Hosilining mevasini eyman degan vaqtda esa unga sherik paydo boʻladi. Oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir! Ona avvaliga oʻgʻliga toʻy qilish orzusida kelin qilganiga xursand boʻlib uni kutib oladi, ammo keyin yoqimsiz holat boshlanadi.
Vaziyat tizgini esa oʻgʻilning qoʻlida! Agar u toʻgʻri tushunib, onasini oldingiday hurmat qilsa, bu unchalik bilinmaydi. Aksincha boʻlsa, ya'ni oʻgʻil koʻproq ayoliga VAQT va E'TIBOR ajratsa, tamom! Onaning ichki instinkti xuddi yosh bolalar volidasini goʻdakligida qizgʻanganday boʻladi-qoladi. Bu paytda kimligidan qat'i nazar, qaynonami yoki qaynotami, IChKI ISYoN paydo boʻla boshlaydi va bu, albatta kelinni yomon koʻrishga olib keladi. Xalqimizda ajoyib naql bor: «Kelining yomon boʻlsa oʻgʻlingdan koʻr, kuyoving yomon boʻlsa qizingdan!»
Shunday ekan, kelinini yomon koʻradigan qaynonalarga aytar soʻzim: oʻgʻlingiz bilan munosabatingizga oydinlik kiriting, kelishing. Qanday munosabat boʻlsa sizga yoqadi? Shu haqda tahlil qilib koʻring!
Siz, oʻgʻillar esa onangizni toʻgʻri tushuning va volidai muhtaramangiz uchun albatta vaqt ajrating, E'TIBORli boʻling. Ayolingizga muhabbatingizni onangiz oldida koʻrsatmang. Muhabbat, eng avvalo, ikki kishi oʻrtasida boʻlgani ma'qul, uni ehtiyot qilishni bilsangiz uzoqqa boradi.
Aksariyat erkaklar «men ishdaman, vaqtim yoʻq», deyishadi. Vaqtni toʻgʻri rejalashtirish va taqsimlashni oʻrganish kerak. Agar oʻgʻil adolatli boʻlmasa, tarozining bir pallasiga koʻproq e'tibor bersa, ikkinchi tomonida ISYoN tugʻiladi. Ba'zida esa aksincha, ota-onaga e'tibor berib, xotiniga e'tiborsiz boʻlganda kelinda ISYoN paydo boʻladi, chunki endi unda ayollik instinkti ishga tushadi.
Shu bois ham erkaklar oila uchun mas'uldirlar. Agar ular aql bilan ish tutishsa, hammasi maromida kechadi!
Baxtiniso Azimboeva,
ruhshunos, shifokor-valeolog.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! ruhshunos, shifokor-valeolog.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar