13:48 / 18.10.2024
42

Baxtsizlik hayotingizga qanday qilib kirib keladi?

Baxtsizlik hayotingizga qanday qilib kirib keladi?
Ba’zida odam o‘zini to‘xtata bilishi kerak. Orzu-istaklari ortidan xudbinlarcha chopib, yaqinlarini muztar ahvolga solib, badavlat kishilardek yashash istagi bilan qovrilib, umrini o‘tkazib yuborishi mumkin. Inson umr pillapoyalariga sakrab chiqolmaydi, bitta-bitta qadam tashlab ko‘tariladi. Bir sakrab, ikki sakrab jarga qulaysiz. Sakramang ko‘p.

Bir paytlar, ayni yigit yoshimda buyog‘iga pul topish kerakmi, o‘qish kerakmi, degan iztirobli savolga har kuni to‘qnash kelardim. 2000 yillar, odamlar och, butun qishloq bolalari mashoq tergani dalaga yugurgan, odamlar guruh-guruh bo‘lib chet elga ishlashga otlangan kunlar edi. Qandaydir bir-ikki yilda qishloqdan fayz ketdi, odamlar kamayib qoldi, erkak zoti borki, ishlagani ketdi qaylargadir. Tunlari chiroq yo‘q, chorvadan baraka ketgan, bir parcha yer bo‘lsa ham avvalo, bug‘doy ekilgan, qishloqdan mahzun-mahzun xatlar keladi pochtadan, to‘yga borsang, har qadamda kambag‘allik, yetishmovchilik sezilib turadi, eh, aytaversa, gap ko‘p... O‘shanda ustozlarimiz: «Bu kunlar o‘tib ketadi, bilimli bolalar kerak Vatanga, sizlarda talant bor, talant – xalq mulki. Xalq bugun o‘z talantli bolalarini xor qilib qo‘ysa, ertamiz, indinimiz nima bo‘ladi, o‘qing», deb qat’iy buyurgan.

Qat’iyatda gap ko‘p

Ana o‘sha paytlarda haqiqatda o‘qigan, katta shaharlardagi katta kutubxonalarga kirib, o‘z ustida ishlashga matonati yetgan bolalar bugun davlatni yangi bosqichga olib chiqishda faol ishtirok etyapti, men sizga aytsam. Qiyinchiliklar qarshisida dovdirab, bir kunlik rejalar tuzib, huzur-halovatni tor ma’nodagina tushunib, bu xudoyimning hovlisida cho‘chqadek yashab o‘tib ketish – mana bu katta baxtsizlik.

Huzurlanish haqida

Siz agar yaxshi ovqat, yaxshi kino, yaxshi kiyim, yaxshi sharoit bilan baxtiyor yashayotgan bo‘lsangiz, manqurtdan ozgina farq qilasiz xolos. Iste’molchi, insoniyat yaratgan ne’matlarning xudbin merosxo‘risiz xolos. Sizda jamiyatni rivojlantirish istagi yo‘q, ishga novatorona yondashmaysiz, qandaydir yo‘llar bilan topgan kapitalingizni qanday tasarruf qilishni ham bilmaysiz. Biznes haqida fikringiz 4 ta tovuq, 2 ta mol qilib ko‘paytirishdan iborat xolos. Siz huzurlanish deganda, Paganini, Betxoven, Shopen musiqalari; Mopassan, Dostoyevkiy, Tolstoy, Qodiriy romanlari; Gegel, Kant, Eynshteyn, Mamardashvili, Adam Smitning tahliliy fikrlash oqimini nazarda tutmaysiz. Bunga qobil emassiz. Siz uchun bu olam tog‘oradan sal kattaroq bir narsa, unda maza qilib, kayf qilib yashash kerak.

Siz ortingizdan qanday insonlar qoldirasiz bunaqada? Sizning hozirgi hayot tarzingiz madaniyatli qullik xolos. Boylik sizga qachon keladi, bilasizmi? Qachonki, siz uni ishlatishni, to‘g‘ri sarflashni o‘rganganingizda keladi! Badavlat odamlarning teran fikri, jamiyatni yaxshilash istagi, uyida kattagina kutubxonasi bo‘ladi. Ma’rifatsiz – boylik yo‘q. Mehnat qilib ishlab topilmagan pulda baraka bo‘lmaydi. Shubhali biznes sxemalardan ehtiyot bo‘lish kerak.

Siz bunga nima deysiz?
Amirsaid Mirzo

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Baxtsizlik hayotingizga qanday qilib kirib keladi?