Bu voqeani aytib bergan ayol oramizda, balki bizni o‘qiyotgandir ham...
– Sizni ikki yildan beri kuzataman. Bir kun kelib men haqimda hikoya yozing deb iltimos qilaman deb o‘ylamagandim.
– Bu hayot. Hayotda esa hamma narsa bo‘lishi mumkin.
– Gapni nimadan boshlashni ham bilmayapman.
– O‘zingizni erkin xis qiling. Chuqur nafas oling. Sizga qanday yordam bera olaman?
– Mening hayotim haqida yozing. O‘qib menga tasalli beradigan insonlar topilib qolar.
– Sizni nima qiynayapti?
– Meni vijdon qiynayapti. U bilan yolg‘iz qolganimda nafas olishga ham qiynalyapman.
Birinchi turmushimdan farzandsizlik sabab ajrashdim. Yosh edim, go‘zal edim. Qo‘limni so‘raganlar ko‘p bo‘ldi. Dadam meni xotini vafot etgan, bir yoshli qizchasi bor odamga uzatdi. Men birinchi erimni yaxshi ko‘rardim. Ikkinchi turmush o‘rtog‘imga ko‘nglim isimadi. Yomon odam emas edi. Ammo, sevmagan inson bilan yashash juda og‘ir bo‘larkan. Qizi Laziza bir yoshda edi. Atak-chechak yura boshlagan qizaloq menga o‘rganib qoldi. Shunchalar shirin ediki, qani endi otasi bo‘lmasa bir umr Laziza bilan yashasam der edim. Kunduzi qizaloq bilan ovunardim. Kech bo‘lishini, erim ishdan kelishini xech xohlamasdim. Laziza uch yoshga to‘lgandi. Unga bergan mehrim sababmi, yoki taqdir shunday yozilganmidi, bilmayman – homilador bo‘ldim. O‘g‘lim Sultonning tug‘ilishi ham otasiga bo‘lgan mehrsizligimni o‘zgartirmadi. Sulton katta bo‘lgan sari Laziza ko‘zimga xunuk ko‘rina boshladi. Otasi yo‘q paytda uni uradigan odat chiqardim. Ko‘p jazolardim. Laziza kamgap, hurkak qiz bo‘lib voyaga yetdi. O‘g‘lim Sulton opasiga juda mehribon edi. Bu esa mening g‘ashimni keltirar, Lazizani yanada ko‘proq xo‘rlardim.
Qizga eng arzon kiyimlarni olardim. Sultonga o‘nta narsa sotib olsam, Lazizaga bitta narsa xarid qilardim. U arzon ko‘ylakni kiyib ham xursand bo‘laverardi. Yarashibdimi, oyijon, deb so‘rardi. Hmm derdim labimni burib. Sulton katta bo‘lgan sari opasini himoya qila boshladi. Endi uning yonida qizni ura olmasdim. Erim hech qachon qiziga bergan ozorlarimdan xabar topmagan. Laziza ham otasiga shikoyat qilmasdi.
Sultonni yotib o‘qiydigan obro‘li litseyga joyladik. Aslida otasi ikkala farzandini o‘sha litseyda o‘qishini xohladi. Qiz bola o‘qib olim bo‘larmidi, deb ko‘nmadim.
O‘sha yili og‘ir keldi. Erim koviddan vafot etdi. Men unchalik xafa bo‘lmadim. Bolalar ezilib ketishdi.
Erimdan qolgan hovlini sotishga qo‘ydim. Qaynopam qarshilik qildi. Ukangizsiz bu hovlida yashay olmayapman, deb yolg‘on yig‘i qildim. Hovlining puliga ko‘p qavatli uylardan ikkita xonadon sotib oldim. Birini ijaraga berib, birida o‘g‘lim bilan yashashni niyat qildim. Lazizani tezroq uzatib yuborishim kerak edi. O‘sha paytda o‘ttiz kishilik to‘ylar qilinayotgan edi.
Lazizani akamning xech qayerda ishlamaydigan, tanbal o‘g‘liga unashtirdik. Sultonni ham, qaynopamni ham tinglamadim. Laziza o‘zi xohladi dedim. Qiz mendan qo‘rqqani uchun indamay bosh egdi.
Kelin ko‘ylakda ochilib ketgan Laziza jilmaydi.
– Yarashibdimi, oyijon?
– Ha, juda yarashdi.
Kichkinagina to‘y ham bo‘lib o‘tdi. Hammasi men istagandek ketayotgan edi. Laziza uyimizga ko‘p kelmasdi. Ba’zida kelganda ham ko‘zi ko‘kargan, yoki bir yeri og‘rigan holda bo‘lardi. Oxirgi kelganda qorni do‘mpayib qolgan, homiladorligi uchun bo‘lsa kerak, ozib-to‘zib ketgandi. Uning oy kuni yaqin edi. Tug‘sa xarajat qilish kerak deb jonim siqilayotgan edi. Laziza mo‘ltirab iltimos qildi.
– Oyijon, tug‘ruqxonada kiyib yotish uchun yengil kechalik kiyim olib bering.
Sulton yonimda bo‘lgani uchun yo‘q deya olmadim. O‘g‘lim bilan bozorga bordik. Arzon kechasi kiyiladigan ko‘ylak qidirayotgan edim. Sulton qimmat, chiroyligidan olishga majbur qildi.
Oradan bir hafta o‘tib kasalxonadan qo‘ng‘iroq qilishdi. Lazizani eri urib, tan jarohati yetkazibdi. Muddatidan oldin to‘lg‘oq boshlanibdi. Sulton bilan kasalxonaga yetib bordik. Laziza yuz-ko‘zi ko‘kargan bir ahvolda edi. Doktorlar tug‘ishga kuchi yetmaydi, kesarcha yo‘li bilan tug‘riqni amalga oshiramiz deyishdi. Amaliyotdan oldin Lazizaning yoniga kirdik. Rangi oppoq, zo‘rg‘a nafas olardi. Biz olib bergan kechalikni kiydirib qo‘yishibdi. Qontalash ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib jilmaydi.
– Yarashibdimi?
Sulton yig‘lab yubordi. Opasini quchoqlab oldi.
– Sizga hamma narsa yarashadi, opa. Men u ablahni o‘ldiraman. Sizga ham, jiyanimga ham o‘zim qarayman. U sizga o‘xshab chiroyli qiz bo‘ladi.
– U menga o‘xshamaydi. Chunki, uning himoya qiladigan mehribon tog‘asi bo‘ladi.
Keyin menga yuzlandi.
– Oyijon, bir narsa so‘rasam maylimi? Agar o‘z tuqqan qizingiz bo‘lganimda, o‘sha nomardga uzatgan bo‘larmidingiz?
Qotib qoldim. Unga kim, nima deb aytganini bilmayman, lekin kutmagan edim. Sulton bir menga, bir opasiga qaraydi.
Bu orada doktorlar Lazizani olib chiqishdi.
Yo‘lakka chiqdik. Sulton savol nazari bilan qarab turardi. Tutilib hammasini unga aytib berdim.
Oradan bir soatcha vaqt o‘tib doktor qarshimizga chiqdi.
– Qiz nabiralik bo‘ldingiz. Qo‘limizdan kelgan hamma narsani qildik. Onani asrab qola olmadik. Bandachilik.
Sulton yo‘lakni boshiga ko‘tarib, baqirib yig‘lab kimlarnidir so‘kardi. Nima qilishimni bilmay qolgandim.
Sulton opasini o‘z uyimizdan chiqarishimizni xohladi. Jiyanimni allaqachon militsiya xodimlari olib ketishgan ekan.
Lazizani yuvib, kafanlab qo‘yishgan xonaga kirdim. Oppoq kafanga o‘ralgan Laziza negadir go‘zallashib ketgandi. Labida nim tabassum qotib qolgan, ko‘zlari yarim ochiq edi. Shu on quloqlarim ostida uning ovozi jaranglab ketdi.
– Oyijon, yarashibdimi?
– Senga hamma narsa yarashardi. Faqat, o‘lim yarashmadi, qizim. Meni kechir. Iltimos. Kechir.
Bir kundan so‘ng chaqaloqni olib kelishdi. Uni qo‘limga olmoqchi edim. Sulton mendan avval ko‘tarib oldi.
– Unga tegmaysiz. Yodgoramni sizga ko‘rsatmayman ham.
– Bolam...
– Meni bolam demang. Siz onalikka emas, ona degan nomga ham arzimaysiz.
Xullas, Sulton ammasi bilan ikkinchi uyimizda yashayapti. Yodgora bir yoshdan oshdi. O‘g‘lim meni kechirmayapti. Yaqinda uylanishini eshitib qoldim. Yoniga yalinib bordim.
– Bolam, Laziza ham bir yoshda edi. Avval yaxshi boqqan bo‘lsam ham, sen tug‘ilganingdan keyin fikrim o‘zgargan. Xato qilganman. Sening ayoling ham bu xatoni takrorlamasin. Yoningda bo‘lay. Yodgorani katta qilay. Menga bir marta fursat ber.
– Mening ayolim sizga o‘xshamaydi. Chunki, men dadam emasman. Yodgorani xo‘rlatib qo‘ymayman. Opamning oxiri gapi esingizdami? Yodgora baxtli qiz bo‘ladi. Uning orqasida tog‘ kabi tog‘asi bor. Endi keting. Mening hayotimni ham zaharlamang.
Shunaqa gaplar, Sabo. Iltimos, bularni hammasini yozing. Hozir bitta shirin so‘zga, kichkina bo‘lsa ham tasalliga muhtojman.
– Albatta yozaman. Ammo sizga tasalli bo‘lsin deb emas, uvol bo‘lgan Laziza uchun, ibrat uchun yozaman. O‘quvchilarim orasida sizni oqlaydigan, tasalli beradiganlar borligiga ham ishonmayman. Siz insonlardan emas, Allohdan panoh so‘rang. Biz esa Sultonning tarafidamiz. Menga qaytib qo‘ng‘iroq qilmang.
Hayot juda qisqa. Qalblarni parchalash bizga yarashmaydi.
Sabo Ma’rufjonovaning facebook sahifasidan =AZVGCL4VymLs-FLB5WmHgvdh6xGI9UJsaWQGaaon3vNz7-UJq5gER_edCOB8HOq_d0h-jN9_f4i9vsBLte5owA9iGSXFDLBRJUgL-RFCJ9C5J9QPD8hb9khqSPimRKqFZZW6l4x0diPfRpnYbEMhkrRT7xZL9bl8uw_C66aAcDSneA&__tn__=-UC%2CP-R]olindi
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Elektron shaklda sug‘urta polislarini rasmiylashtirish tartibi tasdiqlandi