17:07 / 05.01.2025
28

Shu desangiz, ukam...(hajviya)

Shu desangiz, ukam...(hajviya)
Kaminaning odamlar soʻzlaganda ularning gapirish uslubini tahlil qilish odatim bor. Koʻpincha e'tiborimni gap boshida ishlatiladigan soʻzga qarataman. Albatta, jumla avvalida keladigan bu iboralar gapning umumiy ma'nosiga ta'sir qilmaydi, faqat gapirgan odamning soʻzlash uslubini belgilaydi. Lekin bu uslub shunchalar rang-barangki, biror tilshunos bu borada bemalol kattaroq ilmiy ish ham qilishi mumkin.

Hech kimga ziyon etkazmaydigan bu odatimni ish faoliyatimni katta bir muassasaning kichik xodimi boʻlib yangi boshlagan paytlari payqaganman. Oʻshanda yoshi mendan ikki marta katta boʻlim boshligʻim xonasiga chaqirib, oʻzining iborasi bilan aytganda, ustozlik qilardi. U yosh mutaxassisga maslahat deb, nasihatga oʻxshash gaplarni shunchalar choʻzardiki, gapning boshi yodidan koʻtarilib ketardi.

– Nima deb boshlagan edim gapimni?

– Shu desangiz...

– Shu desangiz, ukam...

Yana tanbeh va kesatiqlar bilan xaspoʻshlangan nasihatlar. Men esa boshligʻimning har soʻz boshida ishlatadigan «shu desangiz» jumlasini tagʻin qaytadan sanashga tushaman. Chunki gapni nimadan boshlaganini uning esiga solganimda sanoq yodimdan chiqqan boʻladi.

«Shu desangiz, sizga oʻxshab ishga yangi kelgan vaqtlarimizda...»

«Shu desangiz, sizlarda fidoyilik yoʻq, biz shunday berilib ishlardikki...»

Yosh mutaxassis boʻlganim uchunmi yoki tirishqoqligim sababmi, boshqa viloyatdan boshqarmamizga ishga kelgan boshliq oʻrinbosariga meni yordamchi qilib tayinlashdi.

– Shoʻtib, ismingiz nima, uka?

Bir kun oʻtgach, boshliq oʻrinbosarining gap boshida ishlatadigan «shoʻtib» iborasi xodimlar oʻrtasida bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Kimdir, bu iborani u «shoʻtib» deb aytadi, desa, kimdir «shoʻytib» deyishini isbotlamoqchi boʻladi. Barcha tortishuv birgina «y» harfi ustida borardi. Boshliq bilan eng koʻp muloqotda boʻladigan mening bu soʻzning aytilishiga e'tibor bermay faqat sanash bilan cheklanganim xodimlar tomonidan qattiq tanqid qilindi.

Ertasi kuni iboraning talaffuziga quloq tutdim. Bu soʻz yangi boshligʻim tomonidan shunchalar mahorat bilan aytilardiki, iborada «y» harfining bor-yoʻqligi sezilmasdi ham. Natijada koʻplab xodimlarning xulosasiga asosan, bahsning bir echimga ega emasligi ma'qullandi va ayrim ashaddiy munozarachilarning e'tirozi e'tiborga olinmay, bu borada ortiq tortishmaslikka kelishdik.

Kishi bir odatga koʻniksa, undan qutulishi qiyin-ey! Ahvol shu darajaga etdiki, kim gapirishidan qat'i nazar, avtobusda yonimda soʻzlashib borayotgan begona kishilar boʻladimi yoki yigʻilishda ma'ruza qilayotgan notiqmi, ularning gaplarida ishlatilayotgan bir xil soʻzlarga e'tibor beradigan boʻlib qoldim.

Bekatda suhbatlashayotgan ikki juvonning suhbati qulogʻimga sizib kiradi.

– Ovsinimga dunyodagi eng igʻvogar ayolsiz, dedim. Maydagapsiz, dedim. Challarda qaynonam qolib, onangizni xona toʻriga oʻtqazdingiz, dedim. Shu odamgarchilikdanmi, dedim. Erim bitta prostoy koʻylakka arzimadimi, dedim. Hammaga narsa qoʻydingiz, dedim. Bizni ajratdingiz, dedim. Bunaqa qilsangiz yuzkoʻrmas boʻlamiz, dedim.

Avtobus kelib uning gapi uzildi. Lekin men chala eshitgan deydiyoda «dedim» iborasining sakkiz bor qaytarilganini sanadim.

Kechqurun toʻyga aytishgan ekan. Toʻyxonaga kirib borsam, mahalla raisi toʻyni ochyapti.

– Aytaylik, bugun ikki yoshning nikoh marosimi. Aytaylik, toʻy hammaniki. Aytaylik, bolalarga nima bor toʻyda? Aytaylik, ularni ham ona tuqqanmi? Aytaylik, qani ularning onasi? Aytaylik, ular bolalarini uyda olib oʻtirsin. Aytaylik, bugun ikki yoshning toʻyi. Aytaylik shu aroqni ichish uchun shishaning ichiga kirib olish shartmi? Aytaylik...

– Aytaylik deb nima deyapti? – soʻrayman yonimda oʻtirgan hamqishlogʻimdan.

– Stoldagi aroqni ichmanglar, deyapti. – javob beradi hamqishlogʻim raisning gapiga e'tibor bermay. – Tavba, dasturxonga qoʻyilgan aroqni qanday ichmaslik mumkin?

Men ertalab barvaqt ishga borishimni oʻylab, u uzatgan aroqdan bosh tortaman va diqqatimni kelin-kuyovga atalgan tabrik soʻzlariga qarataman.

– Kelin-kuyov Tohir-Zuhrodek, Layli-Majnundek, Romeo-Julettadek boʻlishsin. Farzandlardan yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan futbol jamoasi tuzishsin.

Aytila-aytila siyqasi chiqib ketgan gaplar! Yonimga qarayman. Aroqdan qizarishga ulgurgan bashara.

– Hech boʻlmasa bir qult iching.

– Yoʻq, rahmat. – bilmayman nechanchi bor e'tiroz bildiraman.

– Siz bizni hurmat qilmaysiz. Nega hurmat qilmaysiz? Toʻgʻrisini ayting, bizni hurmat qilasizmi? Yoʻq, hurmat qilmaysiz. Hurmat qilsangiz ichardingiz. Ayting, nega hurmat qilmaysiz?

– Koʻp gapirma, – uning qarshisida oʻtirgan yoshi kattaroq kishi asabiylashayotganimni sezib unga tanbeh beradi.

– Gapirganim yoʻq. Bir ogʻiz ham gapirganim yoʻq.

Ta'bim tirriq boʻlib oʻrnimdan turaman.

Toʻydan qaytishimni kutib oʻtirgan buvim kayfiyatimni darrov sezdi. Qoʻllarida tutgan arab imlosidagi eski kitobni koʻrpacha ustiga qoʻyib, meni oʻtirishga taklif etdi.

– Buvi, menga bir narsani tushuntiring. Nega gapirganda gapni avval «qoqindiq» degan soʻz bilan boshlaysiz? Qoʻshnimiz otinbibi esa «aylanay»dan boshlaydi. Otam «uying bugʻdoyga toʻlsin», degan gapni kuniga yuz martalab qaytarsa kerak. Gapning poʻstkallasini aytsa boʻlmaydimi?

Buvim bir ilgichi singan koʻzoynakni koʻzlaridan olib, kitob ustiga qoʻyarkan, nasihat qilayotgandek gapiradi.

– Agar hamma bir xil gapirsa, gap qiziqarli chiqmaydi-da! Yaxshi notiqlar gapiga maqol, she'r qoʻshib gapiradi. Sen ma'nosiga e'tiborni qarat. «Qoqindiq» deganim – seni yaxshi koʻrishimning soʻz bilan ifodasi, bilsang!

Xullas, kamina gaplarning boshida ishlatiladigan iboralar bilan emas, gapning asl ma'nosiga qiziqadigan boʻldim. Albatta gapirish uslubi ham e'tibordan chetda qolmasdi. Lekin bu endi mening diqqatimni oldingidek tortmasdi. Aksincha ularga quloq tutib, gapdan oldin keladigan soʻzlar kishining qanchalik aqlliligi, mehribonligi yoki qoʻpolligini koʻrsatib turgandek boʻlardi. Shunda oʻzim ham gapim boshida ishlatadigan soʻzni qoʻshib odamlarga murojaat qilgim kelardi:

– Ey, baraka topgurlar, qanday gapirgingiz kelsa, shunday gapiringlar. Har xil gap qiziqarli, chiroyli chiqadi. Baraka topgurlar...

Xurshid Nurullayev

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shu desangiz, ukam...(hajviya)