12:38 / 18.01.2025
91

Buxorolik kashtadoʻz mahsulotlarini qanday qilib xorijga pullamoqda?

Buxorolik kashtadoʻz mahsulotlarini qanday qilib xorijga pullamoqda?
- Oyijon, mana, men uchinchi avlodman. Asrlar osha kashtachilig-u soʻzanachilik bilan shugʻullanib kelganmiz. Mehnat qilgansizlar, hunarlarimizga havasmandlar koʻp. Shuning ortidan daromad topib kelyapmiz. Lekin, nimadir qilishimiz kerakki, mehnatimiz mahsuli dunyo yuziniyam koʻrishi kerak, - koʻzlari yonib onasidan soʻradi kashtadoʻz qiz.

- Azaldan ham xorijliklar mahsulotlarimizga ishtiyoqmand, qizim!

- Mahsulotlarimizni dunyo bozoriga olib chiqsak, deyman-da, oyijon.

- Xorij davlatlarga borib kelishga yoʻl boʻlsin, qizim... Ammo, anu internet degani bor-ku, gohida kirib turasan, shundan bilib olsa boʻlmasmikin?

- Oʻzimning oyijonim, hoziroq izlanib koʻraman! - hunarmand qiz qoʻlidagi hali tayyor boʻlmagan soʻzanasini tizzasi ustidan ohista olib, internetga singdi.
***
Buxorolik 24 yoshli hunarmand qiz Aziza Tojiyeva onasi, usta hunarmand Muhabbat Qoʻchqorovaning maslahati bilan an'anaviy hunarmandchilik mahsulotlarini savdoga chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalandi. Jahon yangi bozoriga yoʻl topdi. Etsy, Instagram va eBay orqali onlayn savdoni yoʻlga qoʻydi. Ilk savdoga kashtachilikning birinchi avlodi sanalgan – rahmatli buvisi Saodat Qoʻchqorova tomonidan yaratilgan va tikilgan eng soʻnggi ijod mahsulotlarini chiqardi.

Internet orqali onlayn savdo bozori yaratib, jahon bozoriga koʻtarila olgan yosh hunarmand tomonidan chiqarilayotgan an'anaviy hunarmandchilik mahsulotlari xorijliklarni hayratga sola boshladi. AQSh, Ispaniya, Italiya va Buyuk Britaniyadan mijozlari safi kengaydi. Buyurtmalari oshdi.

Shofirkon tumanining chekka, Talija qishlogʻida turib, soʻzana ishlab chiqarishni qayta jonlantirgan va zamonaviy texnologiyalar orqali mahsulotlarini jahon bozoriga chiqarayotgan yosh hunarmand qiz oʻzi yashab oʻsgan qishlogʻining 50 nafardan ziyod ayolini ham atrofiga toʻpladi.

- Davlatimizda ekspert geografiyasi kengaygan. Men onlayn ekspert tizimidan foydalandim. Oddiy qishloq ayollari tomonidan yaratilayotgan san'at asariga teng hunarmandchilik mahsulotlarimizni internet orqali jahon bozoriga olib chiqishni yoʻlga qoʻydim. Bu juda koʻp xorijiy davlatlar vakillarining qiziqishiga sabab boʻldi. Bilasizmi, xorijliklar bizning tabiiy va qoʻl hunarmandchilik mahsulotlarimizga shu qadar oshufta boʻlishdiki, buyurtmalarni bajarishga ulgurolmay qoldik.

Soʻng oilamizdagilar bilan maslahatlashib, uyda oʻtirgan va ish bilan band boʻlmagan qishlogʻimizning ellikdan ortiq xotin-qizlarini ishga jalb etdik. Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizga havasmand boʻlib, qishlogʻimizga kelib, mehnatimizni oʻz koʻzlari bilan koʻrib ketishayapti. Yuz foiz tabiiy mahsulotdan tayyorlangan ijod mahsullarimiz dunyoning nufuzli brendlari bilan raqobatlasha oladi. Men kashtachilik hunarmandlarining uchinchi avlodi sifatida onlayn tarzda jahon bozoriga kira oldim. Muhimi, biz, zamonaviy texnologiyalardan yuksak maqsadlarda foydalanyapmiz
, - dedi Aziza Tojiyeva.

Bildirilishicha, yaqinda ushbu Talija qishlogʻiga Yamana uniyevrsiteti huzuridagi “Tadbirkorlar uchun ta'lim va tadqiqot” markazi direktori Tadashi Onodero kelgan va yosh hunarmandning qoʻl mehnati mahsulotlari bilan qiziqqan.

- Kashtachilik bilan shugʻullanayotgan xonadonga keldik. Mahsulotlarini elektron platformalar orqali xorijga sotayotgan buxorolik yosh hunarmandning qoʻlda yaratgan moʻ'jizalari hayratimni oshirdi. Uning mehnati qadrini biladigan yanada kengroq bozorlarni, jumladan, Yaponiya, Evropa bozorlariga ham olib chiqish yoʻllarini topishiga koʻmaklashamiz, - degan Tadashi Onodero.

Yosh hunarmandning soʻziga koʻra, murakkab gobelen buyumlarining narxi yuqori. Uning ta'kidlashicha, savdoning oʻsishi tufayli oilaviy korxona buyurtmachilar talabini qondirish uchun mahalliy qishloqlardan yana taxminan 200 nafar xotin-qizlar bandligi ta'minlanadi.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat