Dunyo bo‘ylab sigaret va elektron tamaki vositalaridan foydalanish hali ham juda yuqori darajada ekanligi ma’lum bo‘ldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning 6 oktyabrdagi yangi hisobotiga ko‘ra, sayyorada 100 milliondan ortiq odam, jumladan 15 million o‘smir sigaret chekishi aniqlangan, deb xabar berdi JSST.
Hisobotda qayd etilishicha, 13–15 yosh oralig‘idagi o‘smirlar orasida elektron sigaret va veypdan foydalanuvchilar soni taxminan 15 million nafarga yetgan. Bu raqamlar ota-onalar va ta’lim muassasalari uchun jiddiy xavotir uyg‘otmoqda, chunki nikotin iste’moli ko‘pincha yoshlikda boshlanadi va keyingi hayotda to‘liq qaramlikka olib kelishi mumkin.
Shuningdek, 15 yosh va undan kattalarning kamida 86 millioni elektron sigaret chekishi ma’lum qilingan. Bu kattalar aholisining 1,9 foizini tashkil etadi — erkaklar orasida bu ko‘rsatkich 2,3 foiz, ayollar orasida esa 1,5 foiz.
JSSTning yuqumsiz kasalliklar, nogironlik va zo‘ravonlikning oldini olish departamenti direktori Eten Krugning ta’kidlashicha, elektron sigaretlar “nikotinga qaramlikning yangi to‘lqinini keltirib chiqarmoqda”. Uning so‘zlariga ko‘ra, elektron sigaretlar chekishning “zararsiz alternativasi” sifatida reklama qilinsa-da, aslida ular bolalarni erta yoshdan nikotin bilan tanishtirib, sog‘lom avlodni xavf ostiga qo‘ymoqda.
Krug ta’kidlaganidek, bu tendensiya dunyo bo‘ylab sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish yo‘lidagi ko‘p yillik islohotlarga tahdid solmoqda. “Elektron sigaretlar va veyplar jamiyatda tamaki iste’molini kamaytirish emas, balki uning yangi shaklini yaratib qo‘ydi”, — dedi u.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 yilda dunyo bo‘ylab 1,38 milliard kishi tamaki iste’mol qilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqam 1,2 milliardgacha kamaygan. Ya’ni so‘nggi yigirma yilda chekish 120 million kishiga yoki 27 foizga qisqargan.
Ayollar orasida sigaret chekish ulushi 2010 yildagi 11 foizdan 2024 yilda 6,6 foizga tushgan. Erkaklar orasida esa bu ko‘rsatkich 41,4 foizdan 32,5 foizga kamaygan. Bu pasayishga qaramasdan, dunyodagi har beshinchi katta yoshli odam hanuz sigaret chekishni davom ettirmoqda.
JSST hisoboti 2014–2024 yillar oralig‘ida dunyo aholisining 75 foizini qamrab olgan 85 mamlakat ma’lumotlariga asoslangan. Shu bilan birga, 62 mamlakat hanuz bolalar o‘rtasida sigaret iste’moliga qarshi aniq choralar ko‘rmagan, 74 mamlakatda esa chekuvchi mahsulotlarni sotib olish uchun belgilangan minimal yosh chegarasi yo‘q.
Muttaxassislar fikricha, bu holat jahon miqyosida nikotinga bog‘liqlikni yanada kuchaytiradi. Biroq JSSTning umumiy xulosasi optimistik — jahonda tamaki iste’moli sekin-asta kamayib bormoqda. Tashkilot mamlakatlarni bolalar sog‘lig‘ini himoya qilish, reklama va savdoga cheklovlar qo‘yish hamda profilaktik dasturlarni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Shunday qilib, raqamlar shunni ko‘rsatadiki, insoniyat nikotinga qarshi kurashda ma’lum natijalarga erishgan bo‘lsa-da, bu kurash hali yakunlangani yo‘q. Nikotinga bog‘liqlik XXI asrning eng katta sog‘lomlik sinovlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!