Avstraliyaning Nyu-Saut-Uels shtatida 41 yoshli ayol — Mariya Uilyams “ruhiy poklanish” va “energiyani tiklash” xizmatlarini taklif qilib, odamlardan minglab dollar pul olgani uchun hibsga olindi.
U o‘zini “ruhshunos” va “yomon energiyalardan tozalovchi” deb tanishtirgan. Telegram va Facebook orqali mijozlarga murojaat qilib, ularga “omad yo‘llarini ochish”, “kasallikdan sog‘ayish” kabi va’dalar bergan.
Bir necha oy ichida Mariyaning “ruhiy seanslari” haqiqiy biznesga aylangan: har bir mijozdan 500 dollardan 5 ming dollargacha haq olingan. Ammo politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, u na sertifikatga, na psixologik ma’lumot-malakaga ega bo‘lgan.
Tergov natijalarida aytilishicha, Mariya odamlarning ishonuvchanligidan foydalanib, ularni “ruhini tozalash” amaliyoti bilan aldagan va pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan. Sud uni garov evaziga ozod qilishni ikkinchi marta ham rad etdi.
Ruhiy xizmatmi yoki xatarli ishonch?
Bunday holatlar nafaqat Avstraliyada, balki butun dunyoda ko‘payib bormoqda. Internet orqali o‘zini “energiya mutaxassisi”, “aura tozalovchi” yoki “karmani to‘g‘rilaydigan kouch” deb tanishtiradiganlar ko‘paydi. Ular insonning ruhiy holatidan, stressidan, xavotiridan foydalanib, uni moliyaviy qulga aylantiradi.
Bunday faoliyatda eng katta qurbon — ishongan insonning o‘zi. Ayniqsa ayollar, hayotida muammo yoki ruhiy iztirob bo‘lgan davrda, “seans” orqali taskin topishga intiladi. Ammo ko‘p hollarda bunday “ruhshunoslar”ning qurboniga, o‘ljasiga aylanishadi.
Savol tug‘iladi: bizda ham shunday “psixogenetik”lar, “aura tozalovchi”lar ko‘payib ketgani sir emas. Ilmiy asossiz xizmatlar orqali odamlarning ruhiyati bilan o‘ynashish xavfini hamma biladi. Sohani qonun bilan tartiblash vaqti kelgani anchadan beri kun tartibida turibdi. Xususan, O‘zbekistonda ham “genni tozalash”, “qalbshunoslik” bizneslari gullab-yashnamoqda.
Xuddi shunday illyuzion g‘oyalar bilan targ‘ibot olib borgan va odamlar miyasini “proshivka” qilishni va’da berib 30-40 ming dollarlab pullarini olgan “Gold terapi” klinikasi kirdikorlari fosh bo‘lgan va ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi. Bu kabi “terapiya”lar ko‘paymoqda, ularga nisbatan choralarning zaifligi bu faoliyatning gurkirashiga sabablardan biri deyish mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!