date

Xovos tumani hokimi o‘rinbosari hamtavog‘i orqali qo‘lga olindi

Xovos tumani hokimi o‘rinbosari hamtavog‘i orqali qo‘lga olindi

Sirdaryo viloyatida hokim o‘rinbosari, Navoiy viloyatida esa hokim yordamchisi qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimi o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisi o‘zaro til biriktirib, noqonuniy boylik orttirishni maqsad qilishgan. Ular, tasarrufida 452 gektar yer maydoni bo‘lgan chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikni kelgusi yil sholi yetishtirish taqsimotiga kiritish, eksport rejasi bajarilganligini tasdiqlash, taqsimotsiz sholi yetishtirgan holatiga nisbatan chora ko‘rmaslik, shuningdek, go‘yoki Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tumandagi fermer xo‘jaliklari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilayotgan tekshiruvda uni himoya qilish evaziga xo‘jalik rahbaridan joriy yilning iyun oyida 10 ming dollar olishgan.
Keyinroq esa hokimi o‘rinbosari yer maydonini davlat zaxirasiga olib qo‘yish va fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘attirish bilan tahdid qilib, qo‘shimcha 20 ming dollar talab qilgan. U o‘tkazilgan tezkor tadbirda so‘ralgan puldan 10 ming dollarini o‘zining hamtavog‘i bo‘lgan mutaxassis orqali olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda hokim o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Navoiy viloyatida kuzatilgan holatda esa Karmana tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga mas’ul bo‘lgan hokim yordamchisi noqonuniy ravishda 40 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, hokim yordamchisi o‘zganing ishonchiga kirib, 2024-yilda boshqa bir fuqaroga ijaraga berilgan M-37 avtomobil yo‘li yoqasidagi 12 kv.m yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln so‘m talab qilgan. Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xovos tumani hokimi o‘rinbosari hamtavog‘i orqali qo‘lga olindi