11:22 / 19.11.2016
8 039

«Go‘ring kuysin, Istalin!» (Boshqacha hikoya)

«Go‘ring kuysin, Istalin!» (Boshqacha hikoya)

Otamni bir Moskvada aylantirgim keldi. O‘zim uchun qiziq narsa otamga ham qiziq bo‘lar, dedim. Otamni muzeyga olib bordim.

Otamni rasmlar ham, haykallar ham qiziqtirmadi. Otam men uchun qiziq bo‘lgan noyob buyumlar, Xitoy chinnilari, nodir kitoblarga ham qayrilib qaramadi. Ammo bosib olingan Turkistondan tashib kelingan ashyolarning oldida uzoq turib qoldi otam. Turkiston xonlari va amirlarining taxti, kiyim-kechaklari, oltin kamarlari, qilich va qalqonlari, sallalari va tojlariga qadalgan olmoslarni ko‘rib, chuqur xo‘rsindi.

− O‘zbekning bor-yo‘g‘ini shilib, shu erga olib kelishgan ekan-da? – dedi otam.

− Bu hali hammasi emas, ota, − dedim. – Bu milliondan biri.

− Hammasini ko‘rsatsang, ichimdan olovim tashqariga chiqib ketar ekan-da, bolam?

Otam shu erdan ortiga burildi. Qolgan narsalarni ko‘rgisi ham kelmay qoldi.

Otamni Qizil maydonga olib bordim. Lenin mavzoleyiga olib kirdim. Otam Leninga uzoq tikildi.

− Voyit malimga o‘xshar ekan, − dedi otam tashqariga chiqqanimizda sekingina. – Yo‘q, Voyit malim bundan kattaroq chiqar, lekin buning boshi katta. Ancha katta.

Otamning Voyit malim degani bo‘yi bir yarim metrga bormaydigan Abduvohid degan o‘qituvchimiz.

− Yurtimizni bosib olishga buyruq bergan shu-da? – dedi otam menga qarab. – Go‘ring kuysin, deyin desam, buning go‘ri ham yo‘q ekan. Tirik bo‘lib, tiriklarning, o‘lik bo‘lib, o‘liklarning safida yo‘q ekan, tiriklardan pastroqda, o‘liklardan do‘ngroqda yotaveradimi endi, shunday qilib?

− Yuring, ota, boshqalarini ham ko‘ramiz, − deyman otamning qavariq savollariga javob berishdan qochib. – Mana Stalin.

− Go‘ri ham shu erdami?

− Shu haykalning ostida.

− Go‘ring kuysin, Istalin! – deydi otam haykalga qarab. – Yigitligimning zo‘rini Sibirda o‘tkazding-a? Go‘rginang kuysin seni!

Otamning eng qattiq so‘kkani shu: “Go‘ring kuysin!” 1937 yilda Sibirga surgun qilingan otam o‘n ikki yil tortgan azobini ikkita “Go‘ring kuysin!” bilan “rachchut” qildi.

− Ketamiz, ulim, Maskva deganing menga yoqmadi!

Otam yaxshi ko‘rgan Nikulin ham, uning sirki ham, otamga ko‘rsatmoqchi bo‘lganim – VDNX, ya’ni Butunittifoq xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi ham qoldi.

− Mayli, ota, unda Leningradga boramiz, − dedim noiloj. – Leningrad ko‘p orasta, chiroyli shahar.

Leningradga kelib, sayyohlik markazidan bir kunlik sayohatga ikkita yo‘llanma oldim. Bizga o‘xshagan tomoshatalablardan o‘ttiztacha odam yig‘ilgach, avtobus yo‘lga tushdi.

− Biz sizni Rossiyaning shimoliy poytaxti, Neva ustidagi shaharda olqishlaymiz! – deya shaharni tanishtirishni boshlagan yo‘lboshlovchimiz to Petropavlov cherkoviga borguncha shahar tarixini gapirib bordi.

− Nima deyapti? – so‘radi otam. – Juda ko‘p gapirib yubordi?

− Shahar tarixini aytib berayapti, Sankt-Peterburg – Avliyo Peter shahri degani ekan. Peter esa biz o‘ylaganimizdek, bularning mashhur podshosi Pyotr birinchi emas, u o‘zining homiysi hisoblagan Avliyo Peter ekan. Avliyo esa Pyotrdan bir yarim ming yil oldin yashagan ekan. Iso alayhissalomning o‘n ikki shogirdlaridan biri bo‘lgan ekan.

− Shaharlari bir yarim ming yil oldin ham bo‘lgan ekanmi? – hayron bo‘ldi otam. – Samarqandga o‘xshab qadimiy ekan-da?

− Shaharning qurilishi 1703 yilda boshlanib, o‘sha yildan to 1914 yilgacha Sankt-Peterburg deb atalgan ekan. 1914 yil Rossiya Birinchi jahon urushiga qo‘shilgach, nemislardan nafratlangan ruslar vatanparvarlik qilib, shaharni Petrograd deb atashgan ekan. 1924 yilda Lenin o‘lgach, shaharni uning sharafiga Leningrad deb atashgan ekan.

− Yigirma to‘rtinchi yildan keyin o‘zlarining haqiqiy avliyolarining otini qo‘yishgan ekan-da? – dedi otam.

− Ha, shunday bo‘lsa kerak, − dedim men. − 1991 yilda umumshahar so‘rovi natijalariga ko‘ra, uning ilk nomi qaytarib berilib, yana Avliyo Peter shahri − Sankt-Peterburg bo‘libdi.

− To‘qson birda bularda ham ko‘p ishlar bo‘lgan ko‘rinadi-a, o‘g‘lim?

− To‘qson birda butun dunyoda ko‘p ishlar bo‘lgan ota, − dedim va otamni ko‘pchilik kirayotgan cherkovga boshlab kirdim.

Yo‘lboshlovchimizning gaplarini otamga tushuntirdim:

− O‘sha Pyotr birinchidan boshlab, o‘rislarning barcha podsholarini shu erga dafn qilishgan ekan. Lenin ottirib, bir ovloqqa ko‘mdirib yuborgan Nikolay podshoning suyaklarini ham olib kelib, shu erga ko‘mishibdi.

− Bundan Nikalay poshshoga nima naf ekan? – so‘radi otam. – Undan ko‘ra, bego‘r-u, bekafan yotgan anavi Leninni opkelib ko‘msa, savobliroq bo‘lmaydimi?

− Bilmasam, ota, bular savob, uvol degan narsalarni boshqacharoq tushunadi.

O‘sha kuni tarixiy “Avrora” kreyserida tushlik qildik.

− Inqilobni boshlagan, birinchi to‘p otgan kema deysan, bu erda hamma ovqat eyish bilan ovora-ku? – dedi otam.

− Endi haliyam to‘p otib yotsinmi, ota? – dedim o‘zimcha tushuntirgan bo‘lib. – Endi bekor turmasin, deb oshxona qilib qo‘yishgan-da.

Kechqurun mehmonxona izlab yurmaylik deb, otamni eski tanishim Igornikiga olib bordim. Otam uni borganidan kelgunicha Egar deb chaqirdi. Yaxshiyam Igor o‘zbekchada egar nimani anglatishini bilmaydi.

− Egarjon, kelin gde? – so‘radi otam.

Igorning javobini o‘zbekchaga ag‘dardim:

− Dala hovlisiga ketgan ekan, bugun o‘sha erda yotib qolarkan.

O‘zimiz dasturxon qildik, o‘zimiz u-bu pishirgan bo‘ldik. Ovqatlanib bo‘lgan edik hamki, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Igor eshikni ochib, bir ayolni etaklab keldi.

− Masha, moya podruga, − tanishtirdi Igor.

− Dugonasi emish, − tushuntirdim otamga.

− O‘zbekcha qilib, dangal o‘ynashi demaysanmi? – degan otam dasturxonga fotiha qildi. – Men namozimni o‘qib olay, qibla qaysi tomon ekan?

Igorga har qancha tushuntirmay, qibla nimligini ham tushunmadi, Makka tugul, Saudiya degan mamlakat qaysi tomondaligini taxmin ham qila olmadi.

Otam belbog‘ini to‘shab, bizlarga ajratilgan uyning burchagiga qarab namoz o‘qidi.

***

Ertasi kuni ertalab otamni Piskaryov qabristoniga olib bordim. Nemislar urushda Leningradni 900 kecha-kunduz qamal qilganini, o‘shanda odamlar ochlikdan qirilib ketganini, bir yarim milliondan ortiq odam qamal vaqtida o‘lganini, qamaldan keyin shaharda aholining to‘rtdan biri, yarim milliondan sal ko‘proq odam qolganini, bu erdagi har bir qabrga besh mingdan o‘n minggacha odam ko‘milganini aytganimda otam xomush bo‘lib qoldi.

− O‘ris bo‘lsayam, odam-da, bolam, odamning ichi achiydi, − dedi otam. – Anavi musiqasi ham yurakni ezib yuborarkan.

Piskaryov qabristonida to‘xtovsiz motam musiqalari hazin taralib turadi.

− 900 kecha-kunduz dedingmi? – deb qoldi otam chiqar chog‘imizda. – Agar ming kecha-kunduz qamal qilsa, bu shaharda tirik odam qolmas ekan-da…

***

Peshindan keyin otamni “Gostinnыy dvor”ga olib bordim. Kechgacha aylandik. Otam eng avval onamga, keyin opam bilan singillarimga, keyin akalarimga alohida-alohida sovg‘alar oldi.

− Endi sen akalaringning, singillaringning bolalarini bir boshdan aytaver, men ularga ham sovg‘a olay, − dedi otam. – O‘zim adashib ketaman, qaysining nechta bolasi bor, aniq eslay olmayman.

Sovg‘a olinmagan nevara-chevara qolmadi. Kuyovlar-u, kelinlariga ham sovg‘a olindi. Otam mulla Safar bobo-yu, Rabbim cholni ham unutmadi. Tog‘dagi ammamizga ham, uning qizlariga ham sovg‘a olindi.

Kechqurun bir jomadon sovg‘a-salomni ko‘tarib, charchab-horib, Igornikiga kirib keldik. Igor yo‘q ekan, bizlarni xotini Lyuda kutib oldi. Igor bugun tunda ishlashini aytdi.

− Egar ukangiz bugun tungi navbatda ishlar ekan, − tushuntirdim otamga.

− Menga hozir Egar-pegar kerak emas, tahorat qilib, namozimni o‘qib olsam bo‘ldi, uxlayman.

Yuvinib chiqqan otam oshxonada begona ozarbayjon erkakni ko‘rib, hayron bo‘ldi.

− Yana mehmon kelib qoldimi, deyman? – so‘radi otam.

− Eto moy drug, Mamed, − deb tanishtirgan Lyuda uning bozorda ko‘kat sotishini, har zamonda kirib turishini, o‘zi yaxshi yigit ekanini aytdi.

− Tarjima qilib o‘tirma, hammasi tushunarli, − dedi otam. – Bu uyni nahs bosgan ekan, xotin yo‘g‘ida Masha, er yo‘g‘ida Mamed, he, go‘ring kuysin!

***

Otamni “Raketa”ga mindirdim. Bu siz o‘ylagan, koinotga uchadigan raketa emas, Pyotr birinchining yozgi saroyi bo‘lgan Petergofga daryo bo‘ylab olib boradigan tezsuzar teploxod. Uning suvni kesib tez suzishi, bir terak bo‘yi suv ko‘tarilib, teploxoddan balandga ko‘tarilib ketishi, ortidan suvda ajoyib iz qoldirib suzishi otamning zavqini keltirdi.

− Enangni olib kelsak bo‘lar ekan, − dedi otam. – Enang suvni yaxshi ko‘radi. Doim “katta suvga olib boring”, deydi. Suv katta bo‘lsa, shuncha bo‘lar-da?

− Keyingi safar enam bilan olib kelaman, Boltiq dengizida suzamiz, ana shunda katta suvni ko‘rasiz, − dedim otamga. – Poyoni yo‘qdek tuyuladi. Ko‘zingiz ko‘ra oladigan joyning hammasi suv bo‘ladi. Delfinlar kemaga ergashib yuradi. Omadimiz kelib qolsa, kitni ham ko‘rib qolishimiz mumkin.

Petergof otamga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, Petergofning favvoralari otamga yoqdi. Samson favvorasi yonida uzoq turib qoldi. Shunday katta fontanning sof oltindan ekaniga ishonmadi. “Fontan-shutnik”, ya’ni kutilmaganda ishlab ketib, hamma yoqdan suv otadigan “Hazilkash favvora” otamning kiyimlarini ho‘l qilib qo‘ygani uchun siylandi: “Go‘ring kuysin!”

Pyotr birinchining qasrini, u erdagi hashamatni, oltin buyumlarni ko‘rib, lol bo‘lgan otam hayratlarining hammasini bitta so‘z bilan aytdi-qo‘ydi:

− O‘ris poshsholar tillaga o‘ch bo‘lgan ekan-da…

Otamni yosh boladek xursand qilgan olmaxonlar bo‘ldi. Darxt shoxlaridan tushib kelib, hayiqmasdan otamning qo‘lidan pistalarni olib, chaqib eyishlari otamning zavqini keltirdi.

− Bor, yana pista olib kel!

Ikki-uch marta pista olib keldim. Hammasini olmaxonlar chaqishdi.

− Qo‘limni qitiqlashlarini qara! – derdi otam yayrab. – Eh, bu erga enangni olib kelishimiz kerak ekan-da. Manavilarni ko‘rsa, qo‘li bilan ovqatlantirsa, rosa maza qilardi-da.

− Albatta, olib kelamiz, ota, hademay olib kelamiz.

Qaytishda poezdda qaytamiz, degandim, otam ko‘nmadi.

− Haligi kemada qaytamiz, ulim, yana bir maza qilaylik! Ammo anavi Egarnikiga bormayman, boshqa joy top!

Otamni boshqa bir o‘rtog‘im, Yuranikiga olib bordim. Yuraning xotini alohida xonaga otam bilan menga joy qilib, toza choyshablar to‘shab berdi.

− Siz dam olib turing, men Igornikida qolgan narsalarimizni olib kelaman.

Jomadonlarni olib kelgunimcha otamning avzoyi buzilib o‘tiribdi.

− Bu jo‘rang ham, xotini ham molday ichar ekan, − dedi otam. – Astag‘firulloh, erini mayli, endi o‘ris-da, desang, xotini ham eridan qolishmay, baravariga ichayapti.

− Xotini ham o‘ris-da, ota, xafa bo‘lmang, − dedim. – Ertadan dam olish kuni, bular endi ikki kun yotib ichadi. Siz parvo qilmay, uxlayvering!

− Derazasida qora pardasi yo‘q ekan, qanday uxlayman? – dedi otam. – Egarnikida qora parda bor edi.

Biz borganimizda Sankt-Peterburgda ular «Belыe nochi» degan tunlar bo‘lib, kechasi ham xuddi kunduzidek charog‘on kechalar edi. Derazalarga qora parda tortilmasa, tun kirganini his qilish qiyin, derazadan tashqariga qaragan odam bemalol ko‘chada yurgan odamlarni tanishi mumkin edi. Ko‘chalarda esa hayot bir zumga to‘xtamas, yosh-yalang ertalabgacha ko‘chalarda shovqin solib yuraverardi.

Ertalabga yaqin taqur-tuqur ovozlardan uyg‘onib ketdik. Yuraning o‘n ettiga kirgan qizi g‘irt mast bo‘lib kirib kelgan, oyog‘ida turolmaganidan o‘ng kelgan narsaga urilib-surilib gup-gup yiqilib tushardi.

Yura chiqib, qizini so‘kdi. Xotini Yurani, qizi onasini so‘kib, birpasda uy qiy-chuvga to‘ldi. Ammo ko‘p o‘tmay, hammasi o‘z xonalariga kirib, uxlab qolishdi.

− Endi so‘kib nima qiladi? – dedi otam. – Olmaning tagiga olma tushadi-da. O‘zlari bunaqa piyonista bo‘lganlaridan so‘ng qizlari nima bo‘lardi? Shu qiz uyga kirguncha ikkita yigit bilan pastda yarim soat quchoqlashib, o‘pishib, hiringlashib turgandi.

Ertalab otam to‘nini teskari kiyib oldi.

− Borib, samolyotga chipta olib kel, ketamiz!

− Mehmonxonadan joy olaman, ota, − dedim tanishlarimning uylari, turmush tarzlari yoqmaganini gumon qilib. – Hali uch-to‘rt kun aylanaylik!

− Mehmonxona ham kerak emas, aylanish ham jonimga tegdi, qishloqqa ketamiz, − dedi otam. – Ko‘nglim g‘ash. Enang tushimga kiribdi. Endi ketmasak bo‘lmaydi.

Noiloj chipta olib keldim. Taksi chaqirib, aeroportga yo‘l oldik.

Aeroportda chiptalarimizni qayd qildirib, kutish zalida yarim soatcha o‘tiruvdik, bizning samolyotga yo‘lovchilarni mindirish boshlanganini e’lon qilishdi.

− Quloqqa yoqishini qara, ulim! – dedi otam.

− Ruschani tushunmas edingiz-ku, ota? – dedim hayron bo‘lib.

− Toshkent degan joyini tushunib qoldim, ulim, shuning o‘zi etadi, − dedi otam.

− E, Xudoga shukur, Vatanga qaytadigan bo‘ldik! – dedi otam samolyotdagi o‘z o‘rnimizga joylashib olgach. – Enangning ham ko‘zi to‘rt bo‘lib ketgandir.

Choy olib kelgan styuardessa otamning oldi ochiq musulmoncha ko‘yligi, yaktagi, urgutcha do‘ppisiga ajablanib qarab, otamning qaerlik ekanini so‘radi.

– Jalasoylikman! − dedi otam bir kerilib olib. − Eshitganmisan shunaqa joyni? Bilmasang, bilib qo‘y, Urgutda shunaqa qishloq bor. Anovi Maskvang bilan Leningradingdan ming marta yaxshi!

Karimberdi To‘ramurod

Manba: diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Go‘ring kuysin, Istalin!» (Boshqacha hikoya)