date
views 687

Tahlilchilar Markaziy Osiyo kelajagi haqida: “Hali suv neftdan qimmat bo‘ladi”

Tahlilchilar Markaziy Osiyo kelajagi haqida: “Hali suv neftdan qimmat bo‘ladi”
Markaziy Osiyoning besh davlatidan tahlilchilar Toshkentda mintaqa muammolari, kelajagini muhokama qilmoqda. Ekspertlarning fikr va nuqtayi nazari prezidentlar maslahat uchrashuviga tavsiyalar sifatida qabul qilinadi. Sovetlar yaratgan infratuzilma haliyam ishlamoqda va 2025-2030 yillarda u butunlay eskiradi, deydi qozog‘istonlik ishtirokchi. Tojikistonlik ekspertga ko‘ra, kelajakda suv neftdan qimmat bo‘ladi.

Yig‘ilganlardan to‘rt yo‘nalish: suv va energetika, transport, sanoat kooperatsiyasi va ijtimoiy rivojlanish muammolari bo‘yicha tashabbuslar so‘ralyapti.

“Eng katta guruh Turkmanistondan kelgan – 6 kishi. Bu Markaziy Osiyoning har bir davlati integratsiya va yaqinlashuv tarafdori ekanini isbotlaydi. Bugun biz takliflarning har birini qabul qilamiz, ko‘rib chiqamiz va real ekanligini baholaymiz”, - deydi tahlilchi Aziza Umarova.

Nafaqat davlatga ishlovchi, balki mustaqil tahlilchilarning ham borligi – ekspertlar teng vakilligini ta’minlayapti. Qozog‘istonlik ishtirokchiga ko‘ra, mintaqaning eng katta muammolaridan biri – davlatlar hali-hanuz sovetlar yaratgan infratuzilmada yashab kelayotgani, eng achinarlisi u ham eskirib bo‘lgan.

“Sovet infratuzilmasi jiddiy eskirdi. Ha, Sovet Ittifoqi yuridik nuqtayi nazardan yo‘q, u qulagan, Lekin sovetlar merosi yashab kelyapti. 2025-2030 yillarda ular yaratgan infratuzilma butkul eskiradi. Biz o‘zimizni jismonan postsovet makonida qolgandek his qilib kelmoqdamiz. Aytaylik, Qozog‘istonda energetika infratuzilmasining eskirishi 70 foizga yetdi. Afsuski, mustaqil Qozog‘iston butun neft boyliklari bilan o‘z vaqtida yangi energetika quvvatlarini qurishga sarmoya kirita olmadi”, - deydi iqtisodchi Rahim Ushakboyev.

Energetika – regionning asosiy masalasi, har bir davlat bu yo‘nalishda dunyo bilan ishlashga majbur. Tahlilchilarga ko‘ra, mintaqada yetarlicha yangi energetik korxonalar qurilmadi.

“Umumiy energiya ishlab chiqarishning bor-yo‘g‘i 8 foizi yashil energiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ha, Qozog‘istonning kichik zaxirasi bor, lekin ko‘mir, issiqlik bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy stansiyalar qayta tiklanmagan, ular eskirdi, yangilari qurilmadi. Qozog‘istonda uchta neftni qayta ishlash zavodlari bor, ular modernizatsiya qilingan, biroq mustaqillik davrida birorta yangi zavod qurilmadi. Butun regionda minusga o‘ynaydigan shunday muammolarga duch kelasiz. Bu katta sinov. Ijtimoiy va energetik infratuzilmamizni yangilash uchun endi kapital to‘play olamizmi? Kim investitsiya qiladi?” – deya qo‘shimcha qiladi iqtisodchi Ushakboyev.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yagona viza rejimini joriy qilishni gapirib keladi. Bu xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, chegaralarni ochadi va ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytiradi. Xo‘sh, jarayon qaysi bosqichda?

“O‘zbekiston Tojikiston bilan viza rejimini bekor qilganda, birinchi yilda bir milliondan ortiq tojikistonliklar O‘zbekistonga kelgandi. Yagona viza masalasi muntazam ravishda ko‘tariladi, poydevor allaqachon qo‘yilgan. Mintaqa davlatlari alohida-alohida gapirsa, biz qiziqish uyg‘otmaymiz. O‘zimizni nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo fuqarolari sifatida qabul qilishimiz uchun mintaqaviy o‘ziga xoslikni ishlab chiqish muhim. Biz buni amalga oshirish qanchalik real ekanligini baholashni davom ettiramiz. Va shuni aytamanki, Markaziy Osiyoda faqat O‘zbekiston bugun eng ko‘p davlatlar bilan vizasiz rejimga ega bo‘lib turibdi”, – deydi tashkilotchilardan biri Aziza Umarova.

Ekspertlar mintaqani 2050 yilda qanday ko‘rishi xususida fikrini bayon qilishi, hamma birgalikda rivojlanish ssenariysini tuzishi kerak. Tojikistondan kelgan Saodat Jo‘raxonzodaga ko‘ra, Dushanbe kelajak uchun 5 prioritetlarni belgilagan.

“Bular oziq-ovqat xavfsizligiga, energetik mustaqillikka erishish, kommunikativ boshi berk ko‘chadan chiqish, sanoatlashtirishning rivojlanishi va Tojikistonni agrar mamlakatdan sanoat-agrar davlatga aylantirish maqsadlaridir. Umumiy iqtisodiy ahvolimizni yaxshilash uchun beshala ishni birga olib borishimiz kerak bo‘ladi”, - deydi Saodat Jo‘raxonzoda.

Suv-resurslari yetishmasligi mintaqaning asosiy muammolaridan. Shunday sharoitda beshala davlatning gapi bir joydan chiqishi muhimdir.

“Butun dunyoda suvning qadri oshib bormoqda. Suv mavzusini BMTda ham ko‘targanmiz. Prezident Rahmon aytganidek, suv hali neftdan qimmat bo‘ladi. Tojikiston tog‘lari, Pomir tog‘laridagi 14 ming muzlikdan mingi allaqachon erib ketdi. Bu faqat bizning muammoyimizmi, butun region muammosi-ku. Unutmang, Markaziy Osiyo daryolarining aksariyati Tojikiston tog‘laridan boshlanadi. Markaziy Osiyo kelajagi uchun shu muzliklarni asrab qolishimiz lozim”, - deya ta’kidladi Jo‘raxonzoda.

Orol dengizining qurishi ayniqsa, mintaqa davlatlari atmosferasi, ekologiyasi uchun fojia bo‘lib xizmat qilmoqda. Suv resurslaridan samarasiz foydalanish oqibatida 2050 yilga borib, muzliklar kattaroq tezlikda eriy boshlaydi hamda suv loyihalariga xalaqit qiladi. Ayniqsa, bu O‘zbekiston, Farg‘ona vodiysi va Afg‘onistondagi suv resurslariga ta’sir qiladi, deydi tahlilchilar. Demografik jihatdan esa mintaqa aholisi 100 millionga yaqinlashishi prognoz qilinmoqda.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tahlilchilar Markaziy Osiyo kelajagi haqida: “Hali suv neftdan qimmat bo‘ladi”