Tadbirkorlik uchun kredit shartlari qayta ko‘rib chiqiladi ayrim hududlarda stavkalar pasaytiriladi

Joriy yilda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 140 trillion so‘m miqdorida kredit resurslari yo‘naltiriladi. Biroq kreditlash shartlari yangilanib, hududlarning o‘ziga xos imkoniyati va ehtiyojlari ham inobatga olinadi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va 2026 yilda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida banklar hozircha barcha hududlarga bir xil shartlarda kredit taklif qilayotganini, aslida esa tadbirkorlarning imkoniyati tuman va mahallaga qarab keskin farq qilishini ta’kidladi.
Davlat rahbari misol tariqasida Olmazor va Buzatovdagi sharoitlarni qiyoslab bo‘lmasligini qayd etib, oilaviy tadbirkorlik dasturida ikkala hududga ham 17,5 foiz stavkada bir xil kredit ajratilayotganini tanqid qildi. Endilikda dastur doirasida 37 ta “og‘ir” hududda kreditlar 12 foiz stavkada beriladi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturida imtiyozli kreditning eng yuqori miqdori barcha hududlar uchun 1,5 baravarga oshirilib, 50 million so‘m etib belgilandi. Import va sertifikatlangan naslli chorva sotib olish uchun 100 million so‘mgacha, mehmon uyi, kichik sovutkich yoki mahsulotni saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan mini-texnologiyalarni tashkil etish uchun esa 150 million so‘mgacha garovsiz kredit olish mumkin bo‘ladi.
Chegaraoldi va anklav hududlardagi 562 ta mahallada amalga oshiriladigan loyihalar uchun kredit limiti 1 milliard so‘mgacha oshiriladi. Ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun oilaviy biznesga rejalashtirilgan 3,6 trillion so‘mga qo‘shimcha ravishda yana 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Mahallalarning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida banklar bu yil 17 trillion so‘m kredit ajratadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish uchun olingan kreditlarning 4 foizi, uni qayta ishlash loyihalari bo‘yicha esa 6 foizi kompensatsiya qilinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!