
Energetika vazirligi elektr jihozlariga to‘liq o‘tgan aholi iste’molchilari uchun elektr energiyasiga 50% chegirma joriy etishni nazarda tutuvchi loyiha ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Chegirma isitish mavsumida 2 ming kVt·soat, boshqa davrlarda esa 1 ming kVt·soatgacha bo‘lgan elektr energiyasi iste’moliga tadbiq etiladi. Ushbu imtiyoz subsidiyalangan gaz yoki ko‘mir iste’mol qiluvchilarga taalluqli emas.
Bundan tashqari, vazirlik yangi qurilayotgan uy-joylarda elektr plitalari va elektr isitish tizimlarini ishlatishni tavsiya qilmoqda. Ushbu tashabbus energiya iste’moli madaniyatini oshirish va uy-joylarni bosqichma-bosqich elektrifikatsiya qilishga qaratilgan.
Hozirda elektr tarmoqlarining qo‘shimcha yuklamaga dosh bera olish qobiliyatini baholash uchun texnik audit o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyot va moliya vazirligi, “O‘zenergoinspeksiya”, RETs va “Hududgazta’minot” tomonidan qo‘shimcha tadqiqotlar olib borilmoqda.
Vazirlik bu tashabbus strategik ahamiyatga ega bo‘lgan islohotlar sababli bosqichma-bosqich va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi. Yakuniy qaror hisob-kitoblar va texnik tekshiruvlar yakunlangach qabul qilinadi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.