date

Soliq qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Mirzayev lavozimidan olindi

Soliq qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Mirzayev lavozimidan olindi

Davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent shahrida soliq intizomini ta’minlash borasidagi jiddiy muammolar yana bir bor tanqid ostiga olindi. Ayniqsa, Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan “Chorsu” bozorida to‘lov intizomi sust yo‘lga qo‘yilgani, “Malika” savdo majmuasidagi vaziyat esa yanada og‘ir ekani qayd etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Malika” savdo kompleksida faoliyat yuritayotgan qariyb 1,5 ming tadbirkordan atigi 25 foizi belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan. Bundan tashqari, ularning chorak qismi oyiga 1 million so‘mdan kam miqdorda soliq to‘lamoqda. 2025 yil dekabr oyida plastik kartalar orqali amalga oshirilgan 600 milliard so‘mlik savdo tushumlari yashirilgani aniqlangan.

Shu bilan birga, Toshkent shahar soliq boshqarmasi budjet rejasini asosan halol ishlayotgan va faol tadbirkorlardan ortiqcha to‘lov undirish hisobiga bajarayotgani tanqid qilindi. Xususan, 46,4 mingta korxonadan jami 876 milliard so‘m miqdorida asossiz ortiqcha soliq undirib olingani ko‘rsatib o‘tildi.

Soliq qo‘mitasi tizimida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha sun’iy ravishda ortiqcha to‘lov shakllantirib, uni davlat budjetidan noqonuniy qaytarish holatlari ko‘paygani ham alohida qayd etildi. O‘tgan yil davomida QQSni noqonuniy qaytarish bilan bog‘liq 20 nafar soliq xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan, yetti yildan buyon faoliyat yuritib kelgan Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning loqaydligi va mas’uliyatsizligi keskin tanqid qilindi. Yig‘ilish yakunida u egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i X. Mullajonov hamda Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Y. Nasimdjanovni ishdan olish, ularning faoliyatini chuqur o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Soliq qo‘mitasi raisiga poytaxtdagi barcha tuman soliq inspeksiyalari rahbarlarini lavozimidan ozod etib, vaqtincha vazifasini bajaruvchilarni tayinlash topshirildi.

Qo‘mita raisi F. Po‘latov va yangi tayinlangan komplayens bo‘yicha o‘rinbosar A. Soliyevga korrupsiyaga mutlaqo murosasiz muhit yaratish, Toshkent shahar soliq tizimi rahbarlarining lavozimga munosibligini qayta ko‘rib chiqish va ularning o‘rnini vatanparvar, tashabbuskor va shijoatli yoshlar bilan to‘ldirish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A. G‘aniyev “tadbirkor”larga soliqdan qochishda ko‘maklashib kelgani uchun zudlik bilan ishdan olinishi belgilandi.

A. Soliyev va Toshkent shahar hokimiga komplayens bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlangan M. Mirhamidov poytaxtda yashirin iqtisodiyotga qarshi qat’iy va murosasiz muhitni shakllantirish uchun mas’ul etib belgilandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Soliq qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Mirzayev lavozimidan olindi