
CMWP Uzbekistan hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda 2,17 mln kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 16 foizga oshgan. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Quruvchilarning asosiy faolligi “ekonom”, “komfort” va “komfort+” segmentlariga to‘g‘ri keldi: bozorning 85 foizi, ya’ni 1,79 mln kvadrat metri aynan shu toifalarda shakllandi. Shu bilan birga, davlatga qarashli quruvchilar bozorga faol kirib kelayotgani sabab mazkur segmentlarda raqobat kuchaymoqda.
Biznes-klass yo‘nalishida 2025 yilda qariyb 327 ming kvadrat metr uy-joy qurildi. Taqqoslash uchun, 2024 yilda bu hajm 472 ming kvadrat metrdan oshgan. Hisobotda qayd etilishicha, quruvchilar yangi obyektlarni avvalgiga nisbatan kamroq boshlagan va bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan yirik loyihalarga ko‘proq e’tibor qaratgan.
CMWP Uzbekistan bahosiga ko‘ra, bu yondashuv keyingi yillarda ham saqlanib qoladi: bozor yirik sanoat hududlarini o‘zlashtirish va ularni kompleks tarzda qayta qurish hisobiga rivojlanadi.
Premium segmentda 2025 yilda yangi loyihalar start olmagan bo‘lsa-da, qurilish ishlari davom etmoqda. Hozir Toshkentda oltita premium turar joy majmuasi barpo etilmoqda. Markazda yangi yer uchastkalari paydo bo‘layotgani hamda so‘nggi yillarda premium uy-joyga talab shakllangani devlopperlarning ushbu yo‘nalishga qiziqishini oshirmoqda.
Narxlarga kelsak, o‘rtacha hisobda “ekonom” va “komfort” segmentlarida 1 kvadrat metr qiymati 1,1 ming dollargacha, biznes-klassda 2,2 ming dollargacha, premium toifada esa 3,3 ming dollargacha baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.