Rossiyada foizsiz bank ochiladimi?

Rossiyada ilk islom bankini tashkil etish masalasi jiddiy bosqichga kirdi. Loyiha 2026 yilga qadar ishga tushirilishi mumkin va bu tashabbusga Markaziy bank ham qo‘llab-quvvatlov bildirmoqda. Bu haqda Anatoliy Aksakov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bankni ochish bo‘yicha ishlar biznes va musulmon jamoatchiligi bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Aksakov ushbu fikrlarni Qozon shahrida o‘tkazilgan davra suhbatida bildirgan. Mazkur tadbir Islom moliya institutlari uchun hisob va audit tashkilotining vakolatxonasi ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan.
Muhimi, tashabbus Rossiya Markaziy banki tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanyapti. Agar barcha jarayonlar reja asosida kechsa, bankni tashkil etish ishlari 2026 yilgacha to‘liq yakunlanishi mumkin.
Ma’lumki, islom bankchiligi Rossiyada 2023 yildan buyon tajriba tariqasida Dog‘iston, Checheniston, Boshqirdiston va Tataristonda sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu hududlarda foizsiz moliyaviy xizmatlar hamda shariat qoidalariga asoslangan operatsiyalar amalda tekshirilmoqda.
2025 yil yozida bu eksperiment 2028 yil 1 sentyabrgacha uzaytirildi va ruxsat etilgan operatsiyalar ro‘yxati ham kengaytirildi. Mutaxassislar fikricha, agar tajriba o‘zini oqlasa, kelgusida islom moliyasi Rossiyaning boshqa hududlariga ham kirib borishi mumkin.
Qisqasi, Rossiya moliya tizimida yangi va noan’anaviy yo‘nalish shakllanyapti. Foizsiz bank modeli nafaqat musulmonlar, balki alternativ moliyaviy xizmatlarga qiziquvchilar uchun ham yangi imkoniyat eshigini ochishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!