date

«Do‘zax darvozasi» kraterini o‘chirish usuli topilgani ma’lum bo‘ldi

«Do‘zax darvozasi» kraterini o‘chirish usuli topilgani ma’lum bo‘ldi

Markaziy Qoraqumda yarim asrdan ziyod vaqtdan beri to‘xtovsiz yonib kelayotgan mashhur «Darvoza» gaz kraterini bartaraf etish bo‘yicha amaliy yechim ishlab chiqildi. Bu haqda «Turkmengaz» davlat konserni qoshidagi Tabiiy gaz ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari ma’lum qildi. Yangilikka ko‘ra, muammoni hal etish yangi quduq burg‘ilash hamda gaz oqimlarini qayta yo‘naltirish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mutaxassislar hududning geologik tuzilishi va gidrodinamik holatini chuqur tahlil qilgan holda Chaljulba konida maxsus ekspluatatsion baholash qudug‘ini burg‘ilash taklifini ilgari surgan. Ushbu yondashuv gaz konlaridagi eng sig‘imli qatlamlardan gazni jadal olishga imkon beradi. Natijada gazning tabiiy filtratsiya oqimlari o‘zgarib, asosiy qismi krater tomon emas, balki yangi quduqlar orqali chiqarilishi kutilmoqda. Bu esa kraterga chiqib yonayotgan gaz hajmini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Yonib turgan krater Ashxoboddan taxminan 260 kilometr shimolda, Darvoza qishlog‘i yaqinida joylashgan. U 1963 yilda (ayrim manbalarga ko‘ra, 1971 yilda) gaz konini o‘rganish jarayonida geologik halokat natijasida paydo bo‘lgan. Quduq burg‘ilash paytida katta bo‘shliqqa duch kelinib, yerning yuqori qatlamlari hamda burg‘ulash uskunalari qulab tushgan. Hosil bo‘lgan ulkan teshikdan tabiiy gaz sizib chiqa boshlagan.

Odamlar va hayvonlar zaharlanmasligi uchun o‘sha paytda gaz qasddan yoqib yuborilgan. Rejaga ko‘ra, gaz bir necha kun ichida tugashi kerak edi. Ammo kon ko‘p qatlamli bo‘lgani sababli yonish to‘xtamadi va u hozirgacha davom etmoqda. Kraterning diametri taxminan 60 metr, chuqurligi esa 20 metrga yaqin. Rasmiy manbalarda u «Qoraqum shu’lasi», xalq orasida esa «Do‘zax darvozasi» nomi bilan mashhur bo‘lib, yillar davomida sayyohlarni o‘ziga jalb etgan diqqatga sazovor maskanga aylangan.

Turkmaniston rahbariyati bu masalaga bir necha bor e’tibor qaratgan. Xususan, 2010 yilda mamlakatning o‘sha paytdagi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov krater yonishi yaqin atrofdagi gaz zaxiralarini o‘zlashtirishga xalal bermasligi kerakligini ta’kidlab, uni o‘chirish bo‘yicha topshiriq bergan. 2022 yilda esa bu talab yana takrorlangan. Davlat rahbari yer osti gazining bekorga yonib ketishi ekologik holatga va aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini, shuningdek, eksport qilinishi mumkin bo‘lgan qimmatli resurs isrof bo‘layotganini ochiq aytgan edi.

Yangi ishlab chiqilgan ilmiy yechim ana shu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, agar u amaliyotda o‘zini oqlasa, «Darvoza» kraterining o‘n yillab davom etgan nazoratsiz yonishi nihoyat to‘xtashi mumkin. Bu esa ham ekologik, ham iqtisodiy jihatdan muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » «Do‘zax darvozasi» kraterini o‘chirish usuli topilgani ma’lum bo‘ldi