
Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida AQSH prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy navbatdagi muzokara raundini o'tkazdi. Yopiq, yakkama-yakka formatdagi uchrashuv 2,5 soatdan ko'proq davom etdi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.
Ma'lumotlarga ko'ra, bu 2025 yil boshidan beri ikki liderning to'rtinchi shaxsiy kontakti bo'lib, Vashington va Kiyev o'rtasidagi diplomatik muloqot jadallashganini ko'rsatmoqda. Shunga qaramay, yakshanba kungi tashrif yakunida keskin burilish yasaydigan kelishuvlar e'lon qilinmadi.
Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Tramp tinchlik bitimi qachon imzolanishi mumkinligi haqidagi savollarga ehtiyotkor ohangda javob berdi. Oq uy rahbari jarayon hozirgi vaziyat qanday rivojlanishiga bog'liqligini ta'kidlab, ishlar ijobiy ketsa bir necha hafta ichida, aks holda muddat cho'zilishi yoki umuman natija bo'lmasligi mumkinligini bildirdi. Tramp Ukrainadagi urushni Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng qonli va ehtimol eng yirik to'qnashuv sifatida tilga oldi.
Zelenskiy esa aniqroq raqamlarni keltirib, 20 banddan iborat tinchlik rejasi hozircha tomonlar tomonidan 90 foizga kelishib olinganini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, AQSH va Ukraina o'rtasidagi ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlari to'liq tasdiqlangan. Shuningdek, AQSH, Yevropa davlatlari va Ukraina ishtirokidagi kengroq xavfsizlik tizimi ham deyarli tayyor holatga kelgan.
Mas'uliyat taqsimoti borasida Tramp Kiyevning uzoq muddatli xavfsizligini ta'minlashdagi asosiy yuk Yevropa zimmasida bo'lishini qayd etdi. Biroq u Vashington chetda qolmasligini, Yevropadagi ittifoqchilariga zarur ko'mak berishga tayyorligini qo'shimcha qildi. Muzokaralar yakunida tomonlar hech qanday yakuniy hujjat imzolamadi va asosiy kelishmovchiliklarni keyingi raundlarga qoldirdi.
Muzokaralar o'tgan Mar-a-Lago qarorgohi haqida ham eslatib o'tildi: 1970-yillarda mulkdor Marjori Post uni prezidentlar uchun “Qishki Oq uy” sifatida davlatga topshirgan, biroq saqlash xarajatlari yuqoriligi sabab hukumat sovg'adan voz kechgan. Keyinchalik ushbu mulkni Donald Tramp sotib olgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.