
Futbol olamining eng katta bayrami — 2026 yilgi Jahon chempionatiga qiziqish misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino rasman ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, musobaqaning guruh bosqichi o‘yinlari uchun chiptalarni sotib olishga bo‘lgan talab allaqachon rekordni yangilagan. Infantino ta’kidlashicha, hozirning o‘zida FIFAga 150 milliondan ortiq ariza kelib tushgan.
«Atigi 15 kun ichida butun dunyo bo‘ylab Jahon chempionati chiptalarini xarid qilish istagida 150 milliondan ziyod so‘rov oldik. Oldindan ro‘yxatdan o‘tish jarayonida har kuni o‘rtacha 10 millionta ariza qayd etildi. Bu — futbol tarixida misli ko‘rilmagan ko‘rsatkich», — dedi Infantino.
FIFA rahbariga ko‘ra, chiptalarga eng katta qiziqish AQSH, Germaniya va Buyuk Britaniya muxlislari tomonidan bildirilgan. Bu esa musobaqaning global miqyosda qanchalik katta ahamiyat kasb etayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tish joiz, 2026 yilgi Jahon chempionati ilk bor bir vaqtning o‘zida uch davlat — AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida o‘tkaziladi. Turnirda jamoalar soni ham oshirilib, 48 ta terma jamoa ishtirok etadi.
Mutaxassislar fikricha, ishtirokchilar sonining ko‘payishi, stadionlar geografiyasining kengayishi va futbolga bo‘lgan umumjahon qiziqish Jahon chempionati-2026’ni tarixdagi eng ommaviy musobaqaga aylantirishi mumkin. Chiptalarga bo‘lgan ulkan talab esa bu prognozlar bejiz emasligini ko‘rsatyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.