14:48 / 17.06.2017
11 268

Biznes-g‘oya: chiqindini qayta ishlashdan daromad qilish yo‘llari

Biznes-g‘oya: chiqindini qayta ishlashdan daromad qilish yo‘llari
Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash investisiya kiritish uchun eng maqbul biznes turlaridan biri hisoblanadi. Bu bozordagi nisbatan erkin soha, chunki chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalar O‘zbekistonda unchalik ko‘p emas. Bu haqda «Kommersant’.uz»ga asoslanib «Daryo» nashri yozmoqda.

Bu biznes yuqori rentabelli bo‘lib, misol uchun, bir kilogramm plastik chiqindisidan 0,8 kilogramm ikkilamchi xom ashyoni olish mumkin.

O‘zbekistonda har kuni 13 tonnadan ortiq qattiq maishiy chiqindi to‘planadi. Ulardan bor-yo‘g‘i 14 foizga yaqini qayta ishlanadi. Bunga 137 ta tashkilot jalb etilgan. Chiqindilardan foydali va kam uchraydigan materiallarni olishning o‘zi 22,2 million dollarga baholanmoqda.

Chiqindidan nimalar hosil qilinadi?

Plastik

Rang bo‘yicha ajratilib, turli yot buyumlar va iflosgarchilikdan tozalanadi, xom ashyo presslanadi. Shundan so‘ng maydalanib, bug‘ qozonida ishlov beriladi, u erda iflosgarchiliklar qoldiqlari yo‘qotiladi. Keyingi bosqich chayish va sayqallash. Natijada turli rangdagi va sifatdagi granulalarga ega bo‘lamiz. Ulardan esa chelaklar, yashiklar, cherepisa, bruschatka va boshqa buyumlar ishlab chiqariladi.

Qog‘oz

Qog‘oz suvga tushirilib, undan yot buyumlar tozalanadi. Shundan so‘ng qog‘ozga termomexanik qayta ishlov beriladi. Aralashma yupqa tozalashdan o‘tadi va elak orqali filtrlanadi. Undan esa hojatxona qog‘ozi, karton, qadoqlash uchun material, MDF, MDP va paketlar ishlab chiqariladi.

Avtomobil pokrishkasi

Maydalanib, piroliz reaksiyasidan o‘tadi. Maydalangan va filtrlangan shishamassasi ko‘pincha mozaikalar ishlab chiqarishda qo‘llanadi.

Qurilish chiqindisi

Qurilishda qo‘llanuvchi metall va ikkilamchi shag‘al olish uchun maydalanadi.

Biologik chiqitlar

Biogaz qurilmalari organik o‘g‘itlar va biogaz (metan) ishlab chiqaradi.

Pul qayerda?

To‘plash

Chiqindi to‘plash punktini tashkil etish chiqindilarni joyida birlamchi saralash hisobiga ma’lum bir mablag‘ keltirishi mumkin.

Saralash

Poligon va chiqindixonalardagi ixtisoslashtirilgan saralash stansiyalarida chiqindilarni turlarga ajratish daromadli biznes hisoblanadi.

Qayta ishlash

Turli bosqichli bo‘lishi mumkin: alohida elementlarni qayta ishlash, to‘liq sikldagi qayta ishlash zavodi, biogaz qurilmalari, yarimtayyor mahsulotgacha qayta ishlash, tayyor mahsulotni qayta ishlash va ishlab chiqarish.

Chiqindidan daromad qilishni qanday boshlash mumkin?

Dastlab qattiq maishiy chiqindining qaysi turi bilan ishlashingizni aniqlab olishingiz kerak bo‘ladi. Chunki universal korxonani tashkil etish juda ko‘p mablag‘ talab qiladi. To‘liq sikldagi qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlovchi zavod 20 million dollarga baholanadi. Uning bir turini qayta ishlashga ixtisoslashgan sex ochish esa 35 mingdan 300 ming dollargacha baholanadi.

Korxona uchun qurilmalarning minimal komplekti maydalash mashinasi (drobilka), turlarga ajratish liniyasi, press, to‘plovchi bunker va magnitni o‘z ichiga oladi. Avval ishlatilgan komplekt 50 mingdan 70 ming dollargacha turadi.

Bunga ishchilar mehnatiga haq to‘lash, xom ashyo va elektr energiyasi xarajatlarini ham qo‘shamiz. O‘rtacha o‘lchamdagi korxona shtati 40 nafarga yaqin ishchini talab qiladi.

Sertifikatlar va boshqa zarur hujjatlar

Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bilan qonuniy asosda shug‘ullanish uchun Davlat ekologiya qo‘mitasidan lisenziya olish talab etiladi. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish esa eng kam oylik ish haqining 25—70 barobarigacha tayinlanadi.

Tadbirkor, shuningdek, yong‘inga qarshi, sanitariya xizmatidan ruxsat olishi, loyiha hujjatlarini tayyorlashi lozim. Barcha hujjatlarni to‘plash uchun uch oydan yarim yilgacha vaqt ketishi mumkin.

Muvaffaqiyat tarixi

Tashrangmetzavod recycling MChJ


Elektron chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi Tashrangmetzavod recycling boshqarma qaramog‘idagi korxona bor-yo‘g‘i bir yarim oydan buyon ishlamoqda. Unga 50 kishi jalb etilgan. Faoliyat ko‘rsatishi davomida 60 tonna elektron chiqindini qayta ishlagan. Loyihaviy daromadi 40—50 foizni tashkil etmoqda. Korxona qo‘shimcha sexlarni ochish hisobiga kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Rashit Kartbaev yakka tartibdagi tadbirkor

Rashit Kartbaev o‘zini Qoraqalpog‘istonning «sanitari» deb ataydi. U biznesini endi boshlagan paytlarda unga juda kam odam ishongan. Bank ham unga kredit berishdan bosh tortgan.

Shunda biznesmen do‘stlaridan 5 ming dollar qarz olib, tashlandiq sex va to‘rt gektar erni bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilgan va 2011 yilda Qoraqalpog‘istonda chiqindini qayta ishlash biznesining asoschisiga aylangan. Bugungi kunga kelib Nukus shahar chiqindixonasi 70 gektar maydonni egallaydi. Har kuni bu erga 150—160 tonna chiqindi olib kelinadi. Korxona olti yil ichida cherepisa, suyuq oboy, go‘sht-suyakli un va biologik o‘g‘itlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi. Rashit hisob-kitobiga ko‘ra, ikki yildan so‘ng butun shahar chiqindixonasi to‘liq qayta ishlana boshlaydi.

Chiqindilarni qayta ishlash biznesining rentabelligi 80 foizni tashkil etishi mumkin. Bundan kelib chiqib, to‘g‘ri tashkil etilgan korxona bir necha oydayoq xarajatlarni to‘liq qoplaydi degan xulosaga kelish mumkin.

Ijtimoiy yo‘naltirilgan biznesga qo‘shiling.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Biznes-g‘oya: chiqindini qayta ishlashdan daromad qilish yo‘llari