“Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi”.
Shavkat MIRZIYoEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.
Ergash Karimovning «zambaragi»
— Nechta qo‘y oldingiz?
— Bitta qo‘zi...
— O‘nta qo‘y nima bo‘ladi?..
* * *
— "Vodoprovod" suvi kerak emasmi? Balki "asfalt" tekislaydigan mashina kerakdir?.. O‘lgan buvisiga yangi kafan, otasiga - aroq zavodi, onasiga - kampit zavodi, singlisiga — kiyim fabrikasi... sizga esa — zambarakning o‘qi...
* * *
Zukko o‘quvchi bu lavhalar qaysi filmlardan ekanini darrov fahmladi. Eng qizig‘i, bu filmlar allaqachon tarixga aylangan bo‘lsa-da, undagi voqealar bugungi to‘ylarimiz haqida so‘zlayotgandek tuyulaveradi. Nega shunday deysizmi? Negaki, "to‘yimiz mahallada duv-duv gap bo‘lsin", deb hoyu havasga berilgan Poshshaxon bugun isrofu uvoldan qo‘rqmaydigan, to‘ydan keyin ro‘zg‘ori nochorlashib qolishini xayoliga ham keltirmaydigan bugungi ayrim ayollarga o‘xshamaydimi? Yoki o‘sal yotgan qarindoshidan tortib, kuyovning bojasi, hatto "magnitafon jinnisi" bo‘lgan kichkintoylargacha siylab, "tag‘in nimani unutdik?" deb turgan burungi kayvonilar bugungisidan nimasi bilan farq qiladi?
"Artistlar ikki "gruppa" bo‘lishi kerak...". Filmda kelinning tog‘asi bu gapni aytgan paytda hali ko‘tarma kranli videostudiya va shokolod iforini pufak qilib sochadigan uskunalar, to‘yxonaning to‘rt tomonidagi to‘y jarayonlarini ko‘rsatib turadigan ulkan monitorlar kashf etilmagan edi. Yoki 10 juft qora "Kaptiva"dan kortej tuzib, ko‘cha aylanishlar bo‘lmagan. Yoki to‘y oqshomida kelin va kuyov alohida "vals"ga tushishi, ikki-uch soatgina turadigan millionlab so‘mlik sahna bezaklari, "fotosessiya", "videoklip"lar, odam bo‘yi barobar dabdabali albomlaru Hollivud kinolari singari dabdabali disklar bo‘lmagan. Agar bo‘lganida bormi, bugungi yoshlar bundanda boshqacharoq "hunar"larni o‘ylab topisharmidi...
O‘ylab qolasan-da kishi, o‘shanda Ergash Karimov zambarakning o‘qini qattiqroq otmagan ekan-da - "gumbur" etib, bu yaramas illatlar tag-tugi bilan yo‘qolib ketarmidi?!
«Orzu-havas» niqobidagi kibr
Xalqimizda "mushuk tekinga oftobga chiqmaydi", degan ajoyib maqol bor. Hamma ham birdek to‘y qila olmaydi-ku! Ayrim boyvachchalar farzandimning ko‘ngli o‘ksimasin, deb og‘zidan chiqqanini muhayyo qilishayapti. "O‘nta "Kaptiva" nima bo‘pti, istasang, o‘nta oq, o‘nta qorasini darvozamiz tagiga tizib qo‘yaman. Eng muhtasham to‘yxonada 1000 kishilik bazm uyushtiraman. Go‘sht "tizdan", aroq go‘yo daryo bo‘lib oqadi", — deydi. "Qilsam, o‘z qizimga, yagona farzandimga qilayapman-ku! Elu yurt bolamga qanchalik mehribon, "orzu-havasli" odam ekanimni ko‘rib qo‘ysin", — deydi. O‘sha kuni dasturxonga qo‘yilgan qo‘yu kurkaning tandir go‘shti, tovug‘u baliq, bananu kivi, rang-barang salatlar, turli xil ichimliklar, suyug‘u quyuq ovqatlar... ehhe, buni ko‘rgan odamlarning og‘zi lang ochilib qoladi.
Uning ustiga Toshkentdan kelgan, bundayroq ro‘zg‘orning bir-ikki yillik xarajatini ikki soatda ishlab ketadigan kazo-kazo san’atkorlar kuylab turibdi. Shu davrada o‘tirganingdan so‘ng to‘y egasining hurmati uchun o‘sha san’atkorning cho‘ntagiga 10-15 ming so‘m solib qo‘ymasangiz, uyat bo‘ladi-da. Stoling yoniga kelib, qiyshanglayotgan o‘yinchini ham quruq qo‘l bilan qaytarib ko‘ring-chi, qo‘yadimi sizni. Musiqa va san’atkor ovozi shunchalik balandki, yonginangizda o‘tirgan kishi bilan suhbatlasha olmaysiz-ey. Shovqindan quloq pardalaringiz zirillab, uch kun garangday bo‘lib yurasiz.
«Ellikka kirmasdan infarkt bo‘lishayapti...»
"Qilsa o‘z farzandi uchun qilibdi, o‘zining mablag‘idan qilibdi, sizga nima?" deguvchilar ham topilib qolishi mumkin. Ularning fikrlarini inkor eta olmayman. Ammo bunday serhasham to‘ylarni ko‘rgan yoshlar undan andaza olishayapti-da. Onasiga, otasiga xuddi shunday to‘y qilib berasiz, yo‘qsa, to‘y bo‘lmaydi, deb shart qo‘yishayapti-ku! Kuyovga "eshigim yonida o‘nta qora "Kaptiva" qator turmasa, chiqmayman", deb oyoq tirab turgan kelinchaklar kammi? To‘g‘ri, "bir kunlik to‘y o‘tadi-ketadi", lekin... to‘ydan keyin olingan qarzlarni qaytarish qanchalik katta mashaqqat ekanini dabdababozlarimiz nega o‘ylab ko‘rishmayapti?
Shu yil 3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan mamlakat ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda Prezident ushbu fikrlarni bildirdi:
"Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi".
Ota hasrati
Bu fikrga misollar juda ko‘p. Mana, yaqinda nishonlik bir tanishim meni to‘yga aytdi. Kenja qizini uzatayotgan ekan. Uyiga emas, Qarshi shahridagi muhtasham bir to‘yxonaga peshinda keling, dedi. Hayron bo‘ldim. Qiz chiqarayotgan kishi to‘yni uyida, qo‘ni-qo‘shnini, yoru birodorlarini aytib, osh damlab, o‘tkazardi. Qiz o‘z uyidan otasi tizzasiga bosh qo‘yib, rozi-rizolik so‘rab chiqib ketardi. Ota esa oq fotiha berardi. Endilikda bu marosim to‘yxonaga ko‘chirilibdi. Endi bir o‘ylab ko‘ring, Nishon qayoqdayu Qarshi qayoqda. Qiz chiqaruvchi qo‘ni-qo‘shnisi, qavmu qarindoshi va do‘stu yorlariga avtobus yollab, Qarshiga olib boradi. To‘y tugagach, tag‘in olib qaytadi. Bundan tashqari, o‘sha to‘yxonaga kamida 250 kishiga ijara haqi to‘laydi. Masallig‘u, meva-cheva, non, qand-qurs, ichimlik, san’atkor, davraboshi, video va boshqa xarajatlarni aytmaysizmi?
— Nimaga kerak sizga shuncha tashvish, to‘yni uyda, kichikroq davrada o‘tkazsangiz bo‘lmaydimi? - dedim o‘sha tanishimga.
— Qaniydi uydagilar rozi bo‘lishsa, — deydi u. — Jon-jon deb bazmni xonadonimda o‘tkazardim, lekin qizim yig‘lab o‘tiribdi. "Buyog‘i Samarqandu Buxorodan, Andijonu Toshkentdan kursdoshlarim keladi, ularning ko‘pchiligi to‘yni shinam to‘yxonalarda qilgan, men ulardan kammi?", deydi. Onasi ham, amma-xolalari ham menga "ziqnalik qilib, kenja qizingizni o‘ksitmang", deyishayapti. Barcha shunday qilayapti, nima qilay, qaniydi shu to‘ydar ixchamlashsa. Menga ham yaxshi bo‘lardi. To‘yni restoranda o‘tkazish uchun anchagina qarz ko‘tardim, uni uzish haqida o‘ylasam, yuragim uvishib ketadi. Rostini aytsam, ota sifatida dabdabali to‘yni ixchamlashtirishga qurbim etmadi.
Kuyov rulda, kelin «rol»da...
To‘y, bu inson hayotining quvonchli onlaridir. Odamzod bir kunlik to‘y uchun bir umr yig‘inib yuradi. Elga to‘y bermoqni sharaf, deb hisoblashadi. Bu xalqona va qadimiy qadriyat. Lekin shu keyingi paytlarda to‘ylar dabdababozlik bilan o‘tayapti. Har yili yangi-yangi "odat"lar o‘ylab topilayapti. Mana, qarang, "Kaptiva"lar karvonida kelin-kuyovni shaharda aylantirishlarga endi ko‘nika boshlaganimizda, kuyovning rulga o‘tirib, kelinni yoniga olib, shaharni sayr qilish odati ham "urf"ga kiribdi.
— Bu "odat"ga men umuman qo‘shilmayman, — deydi kosonlik yoshlardan biri Elboy Qulmanov. - Kuyov tajribali haydovchi bo‘lganida ham to‘y kunidagi hayajon, "baxtli onlar sururi", qolaversa, uzundan-uzun avtokarvon salobati uni hovliqtirishi, chalg‘itishi tabiiy. Buning oqibati yaxshilik bilan tugamasligi mumkin. Bu kabi yangicha "urf-odat"larni kim chiqarayapti? Yoshlarmi? Yoki besh-to‘rt so‘m pul ishlab olish ilinjida to‘ylar bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar o‘ylab topishayaptimi? Agar ular o‘ylab topishayotgan bo‘lsa, yoshlar ularga ko‘r-ko‘rona ergashaveradimi?
Tasavvur qiling, kuyov qora kostyum-shim, oq ko‘ylak va galstukda rulda mashina haydab borayapti. Kelin qimmatbaho harir ko‘ylakda, turfarang bo‘yoqlar ostida tuqqan onasi ham taniyolmaydigan qiyofada, "baxtiyor suluv" rolida kuyov yonida o‘tiribdi. "Baxtiyor juftlik" yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib ketishmoqda. Ularni suratga va videoga olishmoqda. Bu jarayon aynan gavjum va serqatnov shahar ko‘chalarida ro‘y berayotganiga nima deysiz? Ruldagi kuyov bexosdan ehtiyotsizlik qilib qo‘ysa nima bo‘ladi? To‘y bir lahzada azaga aylanmaydimi? Bu haqda yoshlar bosh qotirishmasa, loaqal ota-onalar o‘ylab ko‘rishsa bo‘lmaydimi? Darvoqe, bugun shaharlarimiz ko‘chalarida hashamatli ot-aravada sayr qilayotgan "romantika"ga ishqiboz "baxtiyor juftlik"lar ham ko‘payib qoldi. Bu ketishda erta-indin "romantik"larimiz vertolyotda sayr qilamiz, deyishsayam indamay qarab turaveramizmi?
«Shiki-shiki ba-ba...»
Bu qo‘shiqni eshitgansiz. Qaysi tildaligini bilmadimu, o‘zbek to‘ylarida, aynan kelin-kuyov bazmida betayin bu qo‘shiq bir necha bor yangrayapti. So‘zi va ohangiga mos tarzda yigit-qizlar tebranishayapti. Bu holatni ko‘rib, qani o‘zimizning o‘zbekona kuy, qani "To‘ylar muborak" yoki xalqona ohangdagi o‘zbekcha yallalar, degim keladi. Yuraklarga orom baxsh etuvchi o‘zbekcha qo‘shiqlar yo‘qmi? Bor bo‘lsa, nega yoshlarimiz qandaydir "Shiki-shiki ba-ba" deb aytiluvchi, ma’nosi nima ekanini anglamay turib unga raqsga tushib yotishibdi?
To‘ylarimizda ona yurt, Vatan, oila, baxt, muhabbat va tinchlik haqida qo‘shiqlar aytilsa, qanday yaxshi. Ham ohanglari dilni yayratadi, ham sizni shu aziz vatanga bo‘lgan muhabbatingizni yuksaltiradi. Lekin to‘ylarda san’atkorlar o‘zi istagan qo‘shiqni kuylayverishadi. Hech kim ularga "bu qo‘shiqni aytma, davraga mos emas", demaydi-da. Aslida, bu gaplarni ularga kim aytishi kerak? To‘yni egasimi yoki mahalla raisimi? Ana shunday tartib o‘rnatilmagani uchun ham to‘ylarimizda "Sop-sari", "Oysha", "Yomonsan", "Yoshsan", "Kaptiva minadi zamonamiz qizlari" "Chal-chalay, chal-chalay" kabi ma’naviyatimizga zid va hech qanday ma’no-mohiyat kasb etmagan "qo‘shiq"lar aytilmoqda.
— Televidenie yoki radioda aytilayotgan qo‘shiqlar balki bir sidra "g‘alvir"dan o‘tkazilar, lekin to‘ylardagi qo‘shiqlarni hech kim nazorat qilmaydi, — deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti o‘qituvchisi Mansur Musaev. — Ayrim san’atkorlar aytayotgan qo‘shiqlar bemaza va betayin so‘zlardan iborat, musiqasi esa shovqin-suronni eslatadi. San’atkorlar to‘ylarga mos qo‘shiqlarni saralab aytishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Xo‘sh, bu haqda yoshlarning fikri qanday?
Qarshi san’at kolleji musiqa nazariyasi yo‘nalishi o‘quvchisi Aziza Esonova fikrlari bilan qiziqdim.
— To‘ylarga taklif etilayotgan qo‘shiqchilar mening nazarimda san’atkor emas, balki biznes vakillariga o‘xshashadi, — deydi u. — Ular san’atni biznesga aylantirib yuborishgan. Bo‘lmasa, o‘z ustida ishlab, xalqona laparlar, yallalar aytishsa bo‘lmaydimi? Xalqimizning ma’naviy mulkiga aylangan qanchadan-qancha xalq qo‘shiqlari aytilmasdan turibdi. Ularga qayta jon baxsh etish bugungi san’atkorlarimizning vazifasi emasmi?
«Ko‘rpangga qarab oyoq uzat...»
Yaqinda Qarshi shahridagi to‘yxonalardan birida to‘y bazmidan qaytgan o‘rtog‘imning kayfiyati sal tushkunroq edi. Uni gapga soldim.
— To‘y yaxshi o‘tdimi?
— Dasturxon zo‘r, kam-ko‘stsiz, ammo shu artisti yoqmadi-da. Shovqinning kuchliligidan to‘yxonada o‘tirib bo‘lmadi-ey. Na qo‘shiqning so‘ziga tushunasan, na musiqasiga. Ammo stolda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Rosa bezatishibdi, o‘ziyam. Quyug‘u suyuq ovqatlarni qo‘ya turaylik, yaxna go‘shtu "tandir"ning mo‘lligi meni hayratlantirdi. Tortning kattaligini aytmaysizmi? Uni qayerda, necha so‘mga tayyorlatishdi ekan? O‘ylab qoldim, yaqinda o‘zim ham to‘y qilsam, shuncha narsa qo‘ya olamanmi?
— Kim senga shunday to‘kin dasturxon yozgin deyapti, odmiroq qilaver.
— Yo‘q, jo‘ra, bular shunday to‘y qiladi-yu, men qilmaymanmi? Qarz-havola qilib bo‘lsayam qilaman.
Ha, shunaqa, to‘ylar kimoshdi savdosi o‘xshab qoldi o‘zi. Endi bu yigit chiranib bo‘lsa ham to‘y dasturxoniga o‘sha boyvachcha kabi taom tortadi, Mayni ketma-ket qo‘yadi. To‘y o‘tadi. Ertaga-chi? Uning holi ne kechadi? Nahotki bu haqda u bosh qotirmaydi. Yillab yiqqan boyligini bir kunda eldek sovurib yuborishning oqibatini. Balki u ko‘rpasiga qarab oyoq uzatsa yaxshi bo‘lardimi? Nega unga mahalla raislari va oqsoqollar "haddingga qarab to‘y qil", deyishmaydi?
«To‘yga borsang, to‘yib bor...»
Qishloqda bir odam odmiroqqina to‘y qilib, o‘g‘lini uylantirdi. To‘g‘ri, bazm to‘yxonada o‘tdi, qavmu qarindosh, do‘stu jo‘ralar yig‘ildi. Dasturxonga ikki xil taom tortildi. Ichimliklar ham me’yorida qo‘yildi. Serhasham va to‘kin to‘y bazmlarida o‘tirib o‘rganib qolgan ayrim kishilar biroz ranjishdi. Hatto bir kishi ro‘y-rost aytdi ham:
— Oshu sho‘rvadan boshqa narsa bermaysizlarmi, go‘sht olib keling, aroqdan quying, — dedi u.
Shunda uning yonida o‘tirgan keksaroq kishi tanbeh berdi:
— Bolam, to‘yga qorin to‘yg‘azish yoki mayxo‘rlik uchun kelinmaydi. "To‘yga borsang, to‘yib bor", degan naqlni unutdingmi?
— Ey, otaxon, to‘y egasi elning dasturxonidan egan-ku, endi uyam bersin-da ziqnalik qilmay, — dedi boyagi yigit tutaqib.
Bu suhbatni eshitib, hayron bo‘ldim. Axir bu ikki yoshning baxt to‘yi, "oshqozon bazmi" emas-ku! To‘yga faqat eb-ichish, shirakayf bo‘lish uchun borish ayrim kishilar uchun odat tusiga aylanib borayotgani achinarli hol.
— Ayrim kishilar to‘y dasturxonini shunchalik to‘ldirib yuborishadiki, ovqat yoki piyolani qo‘yishga joy topolmay qolasiz, — deydi Qarshi shahridagi 35-maktab o‘qituvchisi Gulnora Mo‘minova. — Bunaqa serhasham dasturxonni men yoqtirmayman. Axir to‘yga to‘yib, taom eyish uchun borilmaydi-ku! Kelin-kuyovga baxt tilash, tabrik so‘zlari aytish, me’yorida raqs tushish yoki ularning qo‘lini siqib, qutlash kerak. To‘ylarimizda esa kelin-kuyov ustidan pul sotish, gul otish, katta tort yasatib, ko‘z-ko‘z qilib kesish, kelin-kuyovni alohida valsga tushishi kabi odatlar paydo bo‘layotgani kishini tashvishlantiradi. Farzandlarimizga yotig‘i bilan tushuntirish kerak, bir kunlik to‘yni dabdababozlikka aylantirishdan hech qanday naf yo‘q. Faqat "to‘y zo‘r bo‘ldi", degan gap aytiladi-yu, bir-necha kundan keyin unutilib ketadi. Ota-onaning qarzga botgani, uni uzolmay yillab qiynalishlari qoladi.
— Yaqinda poytaxtimizda bir qaynona kuyov tomon yuborgan yopinchiq mato chet elniki bo‘lmagani uchun to‘yni to‘xtatibdi, - deydi Toshkent davlat yuridik instituti talabasi Nurbek Toshkanov. - Eshitib hayron bo‘ldim, koshki edi o‘sha mato kelin-kuyovning baxtli hayot kechirishiga kafolat bera olsa. U bir parcha mato-ku! Shuni deb, bir-biriga talpinib turgan ikki yosh baxti sarobga aylansa-ya. Bunday voqealar juda ko‘p bo‘layapti. Gohida kelin o‘jarlik qilib, allambalo yangi odatlarni qilishga kuyovni undayotgan bo‘lsa, ba’zida hoyu havasga berilgan kuyov yoki ota to‘yni haddan tashqari dabdabali qilib yuborayapti. Buning oldini olish uchun, eng avvalo, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish kerak. Men aminmanki, ma’naviyatli, madaniyatli va tushungan yigit-qiz hech qachon dabdabayu serhashamlikka berilmaydi.
Va’daboz «vallomat»lar
Bir bo‘lajak kelin kuyovga "shu "Kaptiva"ning nima keragi bor, uning o‘rniga birorta ro‘zg‘orga zarur bir buyum olaylik", - debdi. Qarang, kuyov rozi bo‘lmabdi-ey. "Meni kim deb o‘ylayapsan, "Kaptiva" ham bo‘ladi, o‘sha sen aytgan buyumni ham olib beraman", - debdi. "To‘yimiz eng katta to‘yxonada o‘tadi, dasturxon to‘kin bo‘ladi, artistu raisning, videostudiyaning eng zo‘rini olib kelaman", — deya maqtanibdi.
Uyga kelsa, otasi va onasi boshini xam qilib turgan ekan. "Sen aytgan narsalarga pulimiz etmaydi, bolam, to‘yni ixchamlashtiraylik", — deyishsa, "yo‘q, men kelinga va’da berganman", — deb so‘zida qat’iy turib olibdi.
Xo‘sh, bunisiga nima deysiz? O‘zi asli yo‘q narsaga katta va’da berayotgan bunday "vallomat"lar qaydan paydo bo‘layapti? Koshki o‘zi hali tayinli bir ishning boshini tutib, uyga ikkita non ko‘tarib kelgan bo‘lsa...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ijodkorlar bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida shunday degan edi:
"Yaqinda o‘tgan Yoshlar ittifoqi qurultoyida men yoshlarning og‘zini poyladim. Birorta yigit yoki qiz chiqib, "Ey, do‘stlar, tengdoshlar, biz uylanamiz, turmushga chiqamiz deb ota-onalarimizni nihoyatda qiynab qo‘ydik. Kelinglar endi, ularni bunday og‘ir tashvishga qo‘ymaylik, kelajagimizni, millatimizning sha’nini o‘ylab, to‘ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o‘tkazaylik", degan gaplarni aytarmikan, deb kutdim. Afsuski, ulardan bu masalada hech qanday fikr eshitmadim".
— Ota-onalarimizni tashvishga qo‘yishni biz istamaymiz, — deydi G‘uzor tumanidagi Xalqobod qishlog‘ida yashovchi yosh tadbirkor Nigora Narzullaeva. — Afsuski oramizda dabdababozlikka mukkasidan ketgan tengdoshlarimiz bor. Ularga qarata aytmoqchimanki: "nikoh to‘yi qanchalik kamtarona va chiroyli o‘tsa, ikki yoshning hayot yo‘li ham shunday chiroyli bo‘ladi. Hoyu havasga berilib, qilingan dang‘illama to‘y bir kunda o‘tib ketadi, u kelin kuyovga baxtu taxt tortiq eta olmaydi. Buni hech qachon yodingizdan chiqarmang, tengdoshlar".
Bu «savdo» har kimning boshida bor...
Maqolani yozayotgan paytimda ayolim yonimga kelib:
— Dadasi, to‘y kunini qachon belgilaymiz? - dedi.
Shunda o‘zim ham yaqinda to‘y qilib, o‘g‘limning boshini ikkita qilish taraddudida yurganim xayolimga keldi.
— To‘yni belgilashdan oldin qudalar bilan bir gaplashishim kerak, — dedim ayolimga.
— Nimani gaplashasiz, hammasini el qatori qilaveramiz-da.
— To‘g‘riku-ya, yana biroz ixchamlashtirsak, mana, masalan, shuncha narsa berish kerak, deb qayerda yozib qo‘yilgan?
— Ey, shu ziqnaligingiz qolmadi, qolmadi-da, agar berilayotgan narsalarni kamaytirsangiz, qudalar "nazari past ekan" demaydimi? Qo‘ying, shu gaplarni, kim aytadi sizni, falon joyda ishlaydi deb. Uning ustiga elning to‘yidan eganmiz, biz ham edirishimiz kerak-ku!
Mana, ko‘rayapsizmi, to‘yni ixchamlashtirish bu birgina to‘y sohiblariyu sohibalarining ixtiyorida emas. Bu katta ijtimoiy muammo bo‘lib, uni keng jamoatchilik, oqsoqollar, mahalla faollari hamjihatlikda echishi lozim.
* * *
Yurtimizda ayni to‘y mavsumi. Har kuni tongda karnay-surnay navosi eshitilib turibdi. Xalqimizning yaxshi kunlari ko‘p-da. Iloyo, yaxshi kunlar, to‘yu tantanalar yanada ko‘paysin, har birimizni to‘ylarga etkazsin! Faqat to‘y-tantanani obro‘ orttirish, martabaga erishish, o‘zini ko‘rsatib qo‘yish uchun qilmaylik. Isrofu uvolni, insofu diyonatni yoddan chiqarmaylik. Bir kunlik to‘y o‘tadi-ketadi, lekin... Xalqimizda "Kengashli to‘y tarqamas", degan gaplar ham bor-da...
Faxriddin BOZOROV
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas