14:03 / 01.09.2017
17 259

Farishta yig‘lagan kecha

Farishta yig‘lagan kecha
Erkak quyuq ziyofatda, ulfatlar bilan vaqtichog‘lik qilib o‘tiribdi. Atrofida ketvorgan jononlar parvona. Nogoh qo‘l telefoni jiringlab qoldi.

-Allo!.

-Assalomu alaykum, bu men… iltimos go‘shakni qo‘yib qo‘ymang.

-Sen…-avzoyi o‘zgardi erkakning. –Nima kerak senga? Boshqa bezovta qilma, degandim-ku!

-Muhim gapim bor…

-Tezroq gapir, vaqtimni olma.

-Bugun do‘xtirga borgandim…

-Xo‘sh?

-Ginekologga… Homilador ekanman, to‘rt oylik.

-Nima? Erkakning ko‘zlari qinidan chiqay dedi. Keyin chirt etib yerga tufladi va:

-Menga qara, zudlik bilan bolani oldirib tashla, eshitdingmi? Seni ogohlantirmaganmidim?-dedi ijirg‘anib.

-Do‘xtir aytdi, endi kech ekan… Nima qilishim kerak?

-Telefon raqamimni esingdan chiqar. Baribir, tan olmayman!

-Bu nima deganingiz? Qanday qilib? Allo, allo… «Abonent xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida…”

ORADAN 3 OY O‘TDI.

«Salom, kichkintoy!”

«Salom, sen kimsan?”

«Men sening himoyachi farishtangman!”

«Qiziq meni kimdan himoya qilasan? Axir bu yerda bir o‘zim bo‘lsam…”

«Buni vaqti kelib bilasan. Xo‘sh, ahvoling qanday?”

«Yaxshi. Men tez katta bo‘lyapman. Lekin… onam negadir xafa, har kuni yig‘layapti”.

«O‘ylanma, bolakay, o‘zi kattalar shunaqa – mudom nimadandir norozi. Asosiysi, sen ko‘proq uxla, kuch yig‘…”

«Farishta ayt-chi, sen mening onamni ko‘rganmisan?”

«Albatta, ko‘rganman. Onang juda chiroyli…”

ORADAN YaNA 2 OY O‘TDI.

«Farishta, shu yerdamisan?”

«Albatta, shu yerdaman-da”.

«Onamning ahvoli yaxshimas. Tinimsiz yig‘laydi, o‘zi bilan o‘zi urishadi, kimnidir qarg‘aydi…”

«Sen unga e’tibor berma. Aytgancha, yorug‘ dunyoni ko‘rishga tayyormisan?”

«Tayyorman, lekin juda qo‘rqayapman. Onam meni ko‘rib yanayam qattiq xafa bo‘lsa-chi, meni yomon ko‘rsa-chi?”

«Nimalar deyapsan, jinnivoy, u seni ko‘rib sevinadi. Seni, shunday shirin bolani yaxshi ko‘rmay bo‘ladimi?”

«Farishta, menga u yer haqida gapirib ber”.

«Bu yerda hozir qish. Hammayoq oppoq qor bilan o‘ralgan… Tez orada buni o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rasan”.

BIR NEChA SOATLARDAN SO‘NG…

«Voy, onajon yordam bering, qiynalyapman, voy…”

Bolakay juda oson tug‘ildi. U onasiga azob berishni istamadi. Ayol ko‘p dard chekmay qutuldi.

BIR NEChA KEChA-KUNDUZDAN SO‘NG…

Shahar chekkasi. Qor bo‘ralab yog‘ayapti. Ko‘chada zog‘ ham ko‘rinmaydi. Ayol yupqagina ko‘rpachaga o‘ralgan go‘dakni eski bekat o‘rindig‘iga qo‘ydi.

-Bolajonim meni kechir. Shunday qilishga majburman. Boshqa ilojim yo‘q. Axir, sen bilan qayerga ham borardim?. Men hali juda yoshman. Hayotim hali oldinda. Sen esa… yig‘lama, uxla, qattiq uxla…Hammasi yaxshi bo‘ladi!

Ayol ortiga qaray-qaray ketdi.

«Farishta, farishta, qayerdasan? Onam qayerga ketib qoldi?”

«Bilmadim, bilmadim, bolakay… Xavotirlanma, u hozir keladi”.

«Farishta nega ovozing boshqacha, nima, yig‘layapsanmi?”

«Yo‘g‘-ye, senga shunday tuyilgandir-da. Axir, men farishta bo‘lsam, farishtalar ham yig‘laydimi, tentakvoy…”

«Farishta, iltimos, onamga ayt, tezroq kelsin, bu yer juda sovuq ekan”.

«Hozir, hozir men onangni chaqirib kelaman. Sovqotayotgan bo‘lsang, yig‘la. Qattiq-qattiq yig‘la. Faqat uxlama. Eshitdingmi, uxlab qolma!”

«Yo‘q farishta, men yig‘lamasligim kerak, onam shunday dedi. Men uxlashim kerak”.

«Yo‘q-yo‘q, aytganimni qil, aslo uxlab qolma, bolakay!”

Bu vaqtda … Bola tashlab ketilgan bekatdan uncha uzoq bo‘lmagan uylarning birida er-xotin tortishyapti:

-Tushunmayapman, bu vaqtda qayerga bormoqchisan? Senga hali ko‘p yurish mumkin emas. Buning ustiga nima bo‘lganda ham chillalimiz. Onam aytdilar-ku…

-Qanaqa chilla? To‘qqiz oy yuragim ostida ko‘tarib, ne-ne umidlar bilan ming azobda dunyoga keltirgan farzandim bor yo‘g‘i ikki kun yashadi. Hamma tug‘ruqxonadan bolasini bag‘riga bosib, onalik baxtdan sarxush qaytsa, men jigarporamni qaro yerga topshirib so‘ppayib kirib keldim. Siz chilla deysiz…

-O‘zingni qo‘lga ol, sabr qil, jonim. Axir, farzand dog‘idan qiynalayotgan bir biz emasmiz.

-Meni yo‘ldan qaytarmang, iltimos. Bu uy meni yutib yuboray deyapti. Undan ko‘ra siz ham kiyining, menga havo yetishmayapti…

-Xo‘p, faqat oxirgi marta… bunaqa bemahalda, sovuqda ko‘chada yurish yaxshimas.

Er-xotin tashqariga birga chiqishdi. Ayol oldinlab ketayapti…

-Azizam, qayerga shoshayapsan? Buncha yugurmasang. Nima avtobusing ketib qoladimi?-hazillashdi er.

-Aytsam ishonmaysiz, kimdir qo‘limdan tortib sudrayotgandek, o‘zim ham tushunmayapman…

-Meni qo‘rqityapsan. O‘zi bekor gapingga kirdim. Ertagayoq shifokoringga qo‘ng‘iroq qilaman.

-Jim eshitayapsizmi, yig‘i ovozi kelayapti.

-Senga nimadir bo‘layotgani aniq…

-Yaxshilab eshiting, qayerdadir bola yig‘layapti.

Erkak bir zum to‘xtab, atrofga alanglaydi:

-Rostdan ham, mana bu tarafdan chaqaloqning yig‘isi eshitilayapti, yur-chi?

«Bolajon yig‘la, qattiqroq yig‘la, onang seni eshitsin”.

«Farishta, farishtam keldingmi? Men seni rosa chaqirdim, qayerga ketib qolding. Sovqotib ketdim…”

«Bo‘ldi, shu yerdaman. Onang ham keldi. Mana u sening qarshingda…”

-O, Xudoyim, chaqaloq-ku! Muzlab qolay debdi. Tezroq uyga olib kiraylik. Mehribon Egam bizga bolamizni qaytarib berdi,-hayajondan ovozi titrab chiqardi ayolning.

«Farishtam onamning ovozi o‘zgarib qolibdimi?…”

«Yo‘q, adashma! Bu haqiqiy onangning ovozi… Endi u sen bilan bir umr birga!”

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farishta yig‘lagan kecha